Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:42

Volgograd polizlarida migrantlarga qarshi ommaviy reydlar o‘tkazilmoqda (FOTO)


Ilovlinskiy tumanidagi reyd paytida. Volgograd IIBsi matbuot xizmati fotosi
Ilovlinskiy tumanidagi reyd paytida. Volgograd IIBsi matbuot xizmati fotosi

Rossiyaning Volgograd oblastidagi meva-sabzavot yetishtiriladigan issiqxonalarida mahalliy politsiya reydlari davom etmoqda.

Tekshiruvchilar migrantlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda sertifikatlanmagan ximikatlardan foydalanayotganini ma’lum qilmoqda.

Volgograd oblast Ichki ishlar boshqarmasining Ekologiya va Migratsiya departamentlari hamkorlikda o‘tkazgan maxsus amaliyotlar ortidan Ilovlinskiy rayonidagi xo‘jaliklardan birida 80 migrant ishlayotgani xabar qilindi.

Boshqarma matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, 80 kishidan 12 nafari ishga ruxsatnomasiz poliz ekinlarini yetishtirishda ishlatilayotgani aniqlangan.

Volgograd IIBsi matbuot xizmati taqdim etgan fotosurat
Volgograd IIBsi matbuot xizmati taqdim etgan fotosurat

“Bunday reydlar reja asosida oblastning boshqa rayonlari xo‘jaliklarida ham olib borilmoqda”, dedi o‘zini tanishtirmagan politsiya navbatchi ofitseri.

- Svetloyar tuman qo‘rg‘oni yaqinidagi uchta issiqxonada 150 xorij grajdani meva-sabzavot yetishtirish ishlariga jalb qilingani politsiyachilar tomonidan aniqlandi. Ulardan 17 nafariga Rossiyada noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish moddasi asosida ma’muriy ish ochildi. Patentsiz ishlagan migrantlar jarimaga tortiladi va yaqin orada mamlakatdan chiqarib yuboriladi, - dedi politsiya boshqarmasi vakili.

Ichki ishlar xodimi ko‘plab issiqxonalarda noqonuniy tarzda suv va elektr energiyasidan foydalanilayotganini aniqlagan.

Sertifikatlanmagan kimyoviy moddalar. (Volgograd IIBsi matbuot xizmati fotosi)
Sertifikatlanmagan kimyoviy moddalar. (Volgograd IIBsi matbuot xizmati fotosi)

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ishchilar yashayotgan baraklar ostidagi erto‘lada bochkalarda saqlanayotgan sertifikatlanmagan va foydalanishga ruxsat etilmagan kimyoviy moddalar topilgan.

Tergovchilar bu kimyoviy preparatlarni musodara qilib, ekspertizaga jo‘natgani ma’lum bo‘ldi.

Asosan o‘zbekistonlik ishchilarni poliz ekinlarini yetishtirishga jalb qilgan mahalliy ish beruvchi sud qarori bilan har bir noqonuniy xorijlik uchun 800 ming rubldan jarimaga tortildi.

Volgograd politsiyasi nolegal muhojirlarni aniqlashga qaratilgan maxsus reydlarni ko‘paytirgani aytilmoqda. Ayni amaliyotlar Volgograd shahri, Dzerjinskiy, Traktorozavodskiy, Gorodishchenskiy, Ilovlinskiy tumanlari, Avilovo va Sakarka qo‘rg‘onlaridagi issiqhonalarda Rosgvardiya va OMON kuchlari ishtirokida o‘tkazildi.

(Volgograd IIBsi matbuot xizmati fotosi)
(Volgograd IIBsi matbuot xizmati fotosi)

Volgograd oblast Dumasi deputatlari bundan bir necha yil oldin sabzavot yetishtirish ishlariga har bir xo‘jalik tomonidan jalb qilingan xorijliklar soni 50% dan oshmasligini qat’iyan belgilab qo‘ygan edi.

Volgograd IIBsi ma’lumotiga binoan, migrantlar sonini cheklashga qaratilgan tadbirlar va politsiya reydlari natijasida oldingi yillarga nisbatan nolegal ishlayotgan migrantlar soni keskin kamaygan.

Ayni paytda, Rossiyaning boshqa o‘lkalarida ham migratsiya qonunchiligini buzgan xorij grajdanlariga qarshi tartib-qoidalar kuchaytirilmoqda. Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi raisi muovini Aleksandr Grebenkin 2018 yilda Rossiyadan 72 ming kishi chiqarib yuborilgani, yana 240 ming kishiga Rossiyaga kirish taqiqlanganini ma’lum qildi.

Xavfsizlik Kengashi vakili o‘tgan yil davomida xorij migrantlari sodir etgan jinoyatlar soni umumiy hisobdan 4 foiznigina tashkil etganini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG