Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:44

OzodDayjest: Oliy sud ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarni taqiqladi


Vazir o‘rinbosari so‘nggi 25 yilda madaniy merosni muhofaza qilish tizimi inqirozga uchraganini tan oldi. Vazir Shodmonov o‘z vazifasiga sovuqqon shifokorlar yuzasidan savolga tutildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari madaniy merosni muhofaza qilish borasida muammolar juda ko‘p ekanini tan oldi

O‘zbekistonning madaniy, moddiy va nomoddiy merosini muhofaza qilish borasida muammolar juda ko‘p, deb hisoblaydi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova (“Darakchi”, 21 mart).

Qayd etilishicha, bu muammolar so‘nggi chorak asr davomida yig‘ilgan. “Merosimizni saqlash tizimi yurtimiz mustaqilligining 25 yilida yaroqsiz ahvolga kelib qoldi, u butkul yo‘qolgan desak ham bo‘ladi.

O‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekiston arxitektura yodgorliklarini restavratsiyalash bo‘yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti yopilgan. Natijada bu sohadagi malakali mutaxassislar juda kam qolgan” deydi vazir o‘rinbosari.

Aytilishicha, ayni paytda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini tiklashga harakat qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Sarvar Otamurodov Madaniyat vazirligining madaniy meros ob’ektlarini muhofaza etish yo‘nalishidagi faoliyatini keskin tanqid qilgan edi.

Ekstremistik sahifalar ro‘yxati Oliy sud va Adliya vazirligi saytida e’lon qilinadi

O‘zbekiston Oliy sudi ijtimoiy tarmoqlarda ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qiluvchi profil, kanal va sahifalarni mamlakat hududida tarqatish, saqlash va namoyish etishni taqiqlash haqida qaror qabul qildi (“Huquq”, 21 mart).

Ushbu qaror Bosh prokuratura arizasiga ko‘ra qabul qilingan. “Mazkur qaror qonuniy kuchga kirganidan so‘ng ekstremistik va terroristik deb topilgan profil, kanal va sahifalarning ro‘yxati Adliya vazirligi hamda Oliy sudning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi” deb xabar beradi Bosh prokuratura vakili Xushnur Maksudov.

Oliy sudning bu boradagi qarori qachon kuchga kirishi ochiqlanmagan.

Qayd etilishicha, Telegram tarmog‘idagi “Abu Saloh darslari”, “Jannat oshiqlari”, “Shom ovozi”, “Tavhid va jihod” profillari, shuningdek, Youtube va Facebookdagi “Agar aytsalar aytgin”, “Hukm kimniki”, “Sahobalar jihodidan lavhalar”, “Shom fazilatlari”, “Qur’ondagi qissalar”, “To‘g‘ri manhaj” mavzularidagi ma’ruzalar ekstremistik g‘oyalar targ‘ib etilgan.

Vazir Shodmonov o‘z vazifasiga sovuqqon shifokorlar yuzasidan savolga tutildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov soha vakillariga jismoniy tazyiqlar ko‘payib borayotgani, xususan, 2017-2018 yillarda 300 ga yaqin holatda bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilinganini ma’lum qildi (“Oila davrasida”, 21 mart).

Mahalliy matbuot mazkur holatni rad etmagan holda, vazirni sohadagi muammolarga ham e’tibor qaratishga undagan.

“Vaqtida kimgadir tibbiy xizmat ko‘rsatishdan bo‘yin tovlayotgan shifokorlar, shifoxonalardagi uzundan-uzoq navbatlaru tanish-bilishchiliklar ko‘rinishidagi “ayrim” muammolarni ham siz aytayotgan masala bilan birgalikda olib chiqsangiz adolatdan bo‘lmaydimi? So‘nggi yillarda aholisi sezilarli ko‘paygan Sergeli va boshqa shunga o‘xshash tumanlarda bitta ham bolalar shifoxonasi yo‘qligidan sizning xabaringiz bormi?” deyiladi vazirga yo‘llangan ochiq xatda.

Muallif vazirdan, shuningdek, tibbiyot vakillarining aybi bilan hayotdan bevaqt ko‘z yumganlar soni bo‘yicha ham statistikani taqdim etishni so‘ragan.

“Huquq bilan burch hamisha yonma-yon turishi zarur. Shifokorlarga tajovuzlar ko‘paymoqdami, demak, sohada hal etilishi shart bo‘lgan talay muammolar bor” deb yozadi muallif.

XS
SM
MD
LG