Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:58

OzodMikrofon: "11 jonni boqayotgan do‘konimni noqonuniy tortib olishmoqda


O‘zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Abdug‘ofur Dadaboev
O‘zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Abdug‘ofur Dadaboev

O‘zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Abdug‘ofur Dadaboev Adliya boshqarmasiga qo‘mita to‘g‘risidagi hisobotni topshirishni bir kunga kechiktirgani bois, sudlar oilasining yagona daromad manbai bo‘lgan do‘konini tortib qo‘yishganidan shikoyat qildi.

O‘zbekiston Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 65 yoshli faoli Abdug‘ofur Dadaboevning aytishicha, u 2015 yil 5 fevral kuni Adliya boshqarmasiga hisobot topshirishni bir kun kechiktirgani uchun jinoiy ishlar bo‘yicha Asaka tuman sudi tomonidan 11 million 840 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Abdug‘ofur Dadaboev sud qaroridan yuqori instansiyaga shikoyat kiritganidan so‘ng jarima miqdori 95 foizga tushirilgan. Bu qarordan ham norozi bo‘lgan huquq faoli Andijon viloyat sudiga murojat qiladi. Sud jarima miqdorini 80 foizga tushiradi va jarima 9 million 700 ming so‘m deb belgilanadi.

Shundan so‘ng faol Oliy sudga shikoyat qiladi. 2017 yil 30 yanvar kuni Oliy sud jarima miqdorini 2 million 965 min so‘mga tushirgan.

Sud qarori haqida bildiruv.
Sud qarori haqida bildiruv.

-Oliy sud qarori ijro harakatlarini boshlash uchun 2017 yilning 15 fevralida Majburiy ijro byurosiga yuborilgan. Lekin manfatdor sifatida Asaka tumani Majburiy ijro byurosi Oliy sud qarorini bir yilu to‘qqiz oy bajarmagan. Birinchi sud instansiyasidan Oliy sudgacha meni ikkinchi guruh nogironligim, qaramog‘imdan o‘zimdan tashqari 10 kishi borligi, oilaviy sharoitimning achinarli holatlari inobatga olinmagan, - deydi Abdug‘ofur Dadaboev.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlarda qayd etilishicha, Dadaboevning do‘koni 2015 yil 17 aprel kuni sud ijrochilarining Asaka tuman bo‘limi buyurtmasi bilan Andijon viloyati Baholash va konsalting markazi tomonidan o‘n bir million bir yuz oltmish ming oltmish uch so‘mga baholangan.

Suhbatdoshga ko‘ra, shundan so‘ng do‘konning dastlabki bahosi 8 million 131 ming 417 so‘m qilib belgilangan va kim oshdi savdosiga qo‘yilib, 9 million 7 ming so‘mga sotib yuborilgan.

-Hozir do‘konimiz yana boshqa shaxsga 18 000 dollarga sotilayapti ekan. Auksionda sotib olgan odam. U odamga do‘konni oldi-sotti qilib yuborish foydaliroq. Oldi-sotti qilib yuborishga Majburiy ijro byurosi, sud, prokuratura yordam bergan. O‘ylashimcha, yuqoridan kimdir, cherez podstavnoy – bir odamni nomiga olib, kimdir uni sotib olgan. Shaharni o‘rtasida eng gavjum joy. Bo‘lmasa 24 kvadrat metrli joy 18 ming dollarga chiqadimi,- deydi suhbatdosh.

Biroq do‘kon kim oshdi savdosida sotilgan bo‘lishiga qaramay, huquq faoli oilasi 2018 yil sentabrigacha u orqali tirikchilik o‘tkazishni davom ettirgan.

Dadaboevga tegishli do‘kon.
Dadaboevga tegishli do‘kon.

2018 yil 6 sentabr kuni sud ijrochilari uning do‘konini bo‘shatishga kelgan. Abdug‘ofur Dadaboev iddaosicha, do‘konni bo‘shatishga kelganlar uning qizlari va nabiralariga nisbatan kuch ishlatgan:

-O‘n besh yildan beri qand kasali bilan og‘rigan xotinim 12 nafar ijrochi va 11 nafar militsiyaga qarshilik ko‘rsatgan degan ma’noda militsiyaga olib ketilgan. Lekin ular militsiya xodimlarining jinoyatini berkitish uchun sud tibbiy ekspertizasiga yo‘llanma bermagan. Olingan tan jarohatini o‘z vaqtida ko‘rishmagan va hozirgacha sud tibbiy ekspertizasiga jo‘natishmadi, - deydi Abdug‘ofur Dadaboev.

“Nima uchun Oliy sud qarori chiqqanidan so‘ng sud ijrochilari do‘koningizni olib qo‘ygunicha belgilangan jarimani to‘lamadingiz?” degan savolga Abdug‘ofur Dadaboev:

-Men sud ijrochilariga o‘zim bordim. Borib “Mana qaror chiqdi. Menga hisob raqamini beringlar. Qaysi hisobga 2 million 960 ming to‘layman”, dedim. Ular: “Hozir pulingizni ololmaymiz siz kutib turing, tepadan ko‘rsatma bo‘lsa sizga hisob raqamini beramiz”, deyishdi,-deb javob berdi.

65 yoshni qoralagan, 2 guruh nogironi bo‘lgan huquq faoli Ozodlik orqali O‘zbekiston prezidentiga ham murojaat qildi:

-Mening o‘n kishidan iborat oilam ahvoli nima bo‘ladi? Men Ozodlik radiosiga murojat qilishdan maqsadim, iloji boricha meni dod - faryodimni prezidentga yetkazsin. Mana shu ishlarni qayta ko‘rib chiqib, mulkimni qaytarib berishni so‘rayman, - deydi huquq faoli.

Faolning qaramog‘ida o‘zidan tashqari yana 10 jon borligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Faolning qaramog‘ida o‘zidan tashqari yana 10 jon borligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Abdug‘ofur Dadaboevning aytishicha, u ushbu holat yuzasidan 21 marta O‘zbekiston prezidentiga murojat qilgan. Uning 11 martasida murojaatlari prezident portaliga yuborilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan 17 marta javob xati kelgan. Huquq faoli javoblarning barchasi yuzaki javoblar ekanini va arizalarining barchasi Andijon viloyat prokuraturasi arxivida saqlanayotganini aytdi.

Dadaboev yashayotgan uy.
Dadaboev yashayotgan uy.

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling yoki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz:

+420 724 971 539; +420 724 740 755.

Muhim eslatma: “Ozod mikrofon” rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG