Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:04

Namanganda prezident kelishiga bug‘doyzor buzildi, yo‘l chetiga taxta to‘siqlar o‘rnatilmoqda


Namangan viloyat, Pop tumanida fermer Sherali Ahmadalievning katta yo‘l bo‘yidagi 7 gektar yerda ko‘karib turgan bug‘doyzori uning ruxsatisiz bir kechada shudgor qilindi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerning aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari shu yo‘ldan o‘tishi ehtimoli bo‘lgan prezidentning ko‘zi kech ekilgan bug‘doyga tushib qolmasligi uchun o‘zboshimchalik bilan bug‘doyzorga traktor soldirgan.

Pop tumani fermerlari, shuningdek, tuman hokimi katta yo‘l yoqasini taxta bilan to‘sishga majburlayotganidan shikoyat qildi.

Фермер Шерали Аҳмадалиевнинг ҳайдаб ташланган буғдойзори
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:41 0:00

Pop tumanidagi qishloq xo‘jaligi yerlarini maqbullashtirish loyihasiga tushgan “Mirzaniyoz Mirzaumar” fermer xo‘jaligi rahbari 36 yashar Sherali Ahmadalievning Ozodlikka aytishicha, uning ko‘karib turgan 7 gektar bug‘doyzori bir kechada haydab tashlangan:

- Bir haftacha oldin zamhokim Akrom Qo‘chqorov bilan Shavkat aka degan mutaxassis kelib, bug‘doyni ko‘rdi. Akrom aka ko‘chati yaxshi ekan, prezidentimiz kelgunlaricha buni o‘stirish kerak, 100-150 kilodan dori berib, suv qo‘yish kerak, dedi. Men, aka, 300 kilodan solishni mo‘ljal qilib turibman, dedim. Shunda zamhokim, davay solinglar, dedi-da ketdi. Men uyimda saqlab turgan 2 tonna o‘g‘itni solib, sug‘ordim. Oradan bir haftacha o‘tib, bir kuni ertalab dalaga borsam, g‘alla yo‘q. Hammasini kechasi bilan haydab tashlashibdi. Yugurib Akrom akani idorasiga borsam, u chiqyapti ekan. Aka, nega bunday qildingiz desam, mening xabarim yo‘q, dedi-da, mashinasiga o‘tirib qochib ketdi. Hokimiyatdan so‘rasam, muhtaram prezidentimiz kelib ko‘rsalar, kayfiyatlari buzilmasin, deb shunday qilishgan, deyishdi.

Fermerning aytishicha, urug‘lik kech berilgani sabab bug‘doy rivoji biroz kech qolgan:

- O‘zlari noyabrning oxirida urug‘likni berishdi. Yerni tayyorlash, urug‘lik, ektirish, sug‘orish, mineral o‘g‘it, bilasizmi ancha mablag‘imiz va mehnatimizni sarfladik. Menga alam qilgani, bug‘doyning egasi menmanu, lekin mendan bir og‘iz ham so‘rashmadi. Xuddi o‘g‘riga o‘xshab kechasi kelib haydab tashlashdi. Xotinim qo‘liga ketmon olib sug‘organ edi, ishchilarim qancha mehnat qilgan edi. Uvolini aytmaysizmi buni. Prezidentning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun dehqonni qaqshatadigan bunday ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak?

Поп туманида президент келишига дала четларига тўсиқлар қўйилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:16 0:00

Poplik boshqa fermer Umida Ibrohimovaning aytishicha, tuman hokimligi prezidentni ko‘zbo‘yamachilik bilan kutib olish uchun, bundan boshqa ishlarni ham amalga oshirmoqda:

- Tuman hokimi prezident o‘tishi ehtimoli bo‘lgan yo‘lning ikki chetiga polga ishlatiladigan o‘n ikkilik (qalinligi 12 mm - tahr.) taxtadan chetan qildiryapti. Fermerlar o‘z yonlaridan bozordan taxta sotib olib, ustalarga ikki qator taxta qoqilgan zabor yasattirib ketyapti. Kilometrlab qildiryapti. Qilmaganingni yeringni olaman deyapti. Bunaqa ko‘zbo‘yamachilikning kimga keragi bor?

Ozodlik tuman hokimi A’zamjon Sultonov va uning qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Qo‘chqorovning mobil telefonlariga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi. Ammo, mulozimlarning telefoni javob bermadi.

O‘zbekistonda Prezident, Bosh vazirning viloyatlarga tashrifidan oldin ob’ektlarni chiroyli ko‘rsatish maqsadida ko‘zbo‘yamachilik qilish holatlari uchrab turadi.

Prezident Mirziyoev 2018 yil 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda uning joylarga tashrifi oldidan ijtimoiy soha vakillarining obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotgani, ayrim joylarda jiddiy “ko‘zbo‘yamachilik”ka yo‘l qilinayotganini keskin tanqid qilgandi.

30 mart kuni Jizzax viloyatiga borgan prezident Shavkat Mirziyoevga prezident topshirig‘iga muvofiq qurilgan “Zarbdor tekstil” MChJ ga go‘yo ish boshlagandek qilib ko‘rsatilgan va ishchilar rolini kollej o‘quvchilari o‘ynab bergan edi.

2017 yilning noyabr oyida Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi oldidan jizzaxliklar uylarining shiferlarini tunukaga almashtirib, uni qizilga bo‘yashga majburlangan edi. Belgiyadan keltirib, ko‘chalarga o‘tqazilgan gul va daraxtlar quriy boshlagach, ko‘chatlarning har biriga bittadan odam biriktirilgandi.

2017 yilning aprelida bir-biridan mustaqil tinglovchilar prezidentning Jizzax viloyatiga safaridan oldin ko‘chalarda yillardan buyon qilinmagan obodonlashtirish ishlari zudlik bilan boshlab yuborilganini Ozodlikka xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG