Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:56

Inson miyasi signallarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nutqqa o‘girish yo‘li o‘ylab topildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Olimlar inson miyasidagi signallarni anglash mumkin bo‘lgan nutqqa o‘girishga muvaffaq bo‘ldi.

Yangi tizimning asosida sun’iy idrok algoritmi bo‘lib, u kishi nutq tinglayotganida miyasida sodir bo‘ladigan elektrik signallarga tayanadi. Xususan, yangi tizim miyada qayd etilgan elektrik o‘zgarishlarni tinglovchi anglashi mumkin bo‘lgan nutqqa aylantiradi.

Bundan avval o‘tkazilgan tadqiqotlardan ma’lumki, inson so‘zlayotganida (yoki so‘zlayotganini tasavvur qilganida) miyaning nerv tarmoqlarida o‘ziga xos o‘zgarishlar kuzatiladi. Yangi ishlab chiqilgan tizim haqiqiy fikrlarni emas, balki miyaning eshitilgan tovushlarga bo‘lgan reaksiyasini nutqqa aylantiradi. Ammo kelajakda fikrlarni ham anglab bo‘lish mumkin bo‘lgan nutqqa aylantirish yo‘li o‘ylab topilishi mumkin.

Ilmiy guruhning Kolumbiya universitetida faoliyat yurituvchi xodimi Nimaga Mesgarani:

- Ovozimiz do‘stlarimiz, oila a’zolarimiz hamda atrofimizdagilar bilan aloqa o‘rnatishga ko‘maklashadi. Shu sababdan ham jarohat yoki kasallik tufayli ovoz kuchini yo‘qotish dahshatli holatdir. Tadqiqotimiz tufayli ushbu qobiliyatni tiklashning potensial yo‘liga ega bo‘ldik. Kerakli texnologiyalar bilan bunday odamlarning fikrlarini har qanday tinglovchi anglaydigan qilib rasshifrovka qilish mumkin, - dedi.

Ishlab chiqilgan algoritmning nomi vokoder bo‘lib, Siri va Amazon Alexa xizmatlari shunga o‘xshash algoritmdan foydalanadi. Bunday tizimlar insonlar nutqini o‘rganib, mustaqil gap tuzadi.

Yangi ishlab chiqilgan vokoderning bir o‘zgachaligi u inson nutqini tinglab emas, balki nutq tinglayotgan kishining bosh miya qobig‘idagi o‘zgarishlarni o‘rganib chiqqan. Xususan, bemorlarga 0 dan 9 gacha sanalgan paytda ularning miyasidagi signallar yozib olinib, keyin vokoder yordamida ular qayta eshitib ko‘rilgan. Natijada robot bemorlarga aytib eshittirilgan so‘zlarni anglash mumkin bo‘lgan darajada takrorlashi kuzatilgan.

- Sezgir vokoder hamda kuchli nerv tarmoqlari bemorlar eshitgan tovushlarni hayratlanarli darajada aniq takrorladi, - dedi Mesgarani.

Yangi texnologiyani mukammallashtirish uchun hali qilinishi kerak bo‘lgan ish juda ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, ushbu texnologiya kelajakda katta muvaffaqiyatlarga olib kelishi mumkin. Yuqorida aytib o‘tilganidek, hozircha kishining mustaqil fikrlarini nutqqa aylantirishga erishilgani yo‘q.

Ushbu misli ko‘rilmagan tadqiqot natijalari Scientific Reports jurnalida chop etildi.

XS
SM
MD
LG