Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:10

Prezident Shavkat Mirziyoev Germaniyaga jo‘nab ketdi


Prezident Shavkat Mirziyoev Federal kantsler Angela Merkelning taklifiga binoan 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Germaniyaga jo‘nab ketdi. Mirziyoevning bu tashrifi 22 yanvargacha davom etadi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston rahbarining Germaniyada bo‘ladigan uchrashuv va muzokaralari davomida iqtisodiyot, moliya, investitsiya, innovatsiya, ilm-fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohalariga oid qator hujjatlarning imzolanishi rejalangan.

"Iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik jihatdan ulkan imkoniyatlarga ega Germaniya bilan hamkorlikdan ham katta maqsadlar ko‘zlangan", deya xabar qiladi matbuot xizmati.

O‘zbekiston rasmiy matbuotiga ko‘ra, Mirziyoev Berlinda Federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kantsler Angela Merkel va Bundestag raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Myunxen shahrida O‘zbekiston prezidentining Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder, shuningdek, Germaniyaning yetakchi ishbilarmon va moliyaviy doiralar vakillari bilan uchrashuvlari rejalangan.

Bu safar arafasida - 14 yanvar kuni Berlinda O‘zbekistonga nemis kapitalini jalb qilish va o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni jonlantirish imkonlarini muhokama qilish uchun nemis-o‘zbek biznes forumi uyushtirildi.

Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston rasmiylari hisobotiga ko‘ra, 2018 yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 526 million dollarni tashkil qilgan.

​Bu raqam Germaniyaning boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodidagi ishtiroki bilan qiyoslaganda, anchayin oz. Jumladan, Germaniyaning Qozog‘iston bilan 2017 yildagi tovar aylanmasi 5 milliard dollarni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, Berlindagi tahlilchilar, O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun muhim bo‘lgan shaffoflik, qonun ustuvorligi va mustaqil sud institutlari hanuz yetarli darajada rivojlanmagani nemis sarmoyadorlarini ikkilantirib turganini aytadi.

Shuningdek, Mirziyoevning Germaniya safari arafasida “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti kansler Angela Merkelni O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida matbuot erkinligi masalasiga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Tashkilotning bildirishicha, O‘zbekistonda internet (Facebook va YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlar) hamon qattiq nazorat ostida qolmoqda, mustaqil saytlarning ko‘pchiligi to‘sib qo‘yilgan, tanqidiy nuqtai nazarda bo‘lgan jurnalistlar esa mamlakatga kiritilmayapti.

“Chegara bilmas muxbirlar” Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng qamoqda yotgan jurnalistlar ozod etilganini e’tirof etgan, ammo tashkilot bu yangi prezidentni “odamlarga yaxshi ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilgan” harakatdan boshqa narsa emas, deb hisoblashini bildirgan.

Hozircha O‘zbekiston va Germaniya rahbarlari o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlar ortidan jurnalistlar va matbuot vakillari uchun brifing yoki matbuot anjumani bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG