Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:08

Farg‘onaga gaz berildi, biroq ahvol hamma tumanda birday emas


Ozodlik Farg‘ona viloyatidagi gaz taqsimlovchi stansiyalarga (GTS) tabiiy gaz me’yordagi hajmda berilayotgani, biroq ba’zi tumanlarda GTS dan chiqayotgan yonilg‘i hajmi me’yordan past ekanini aniqladi.

Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlash yo‘lida hukumat qo‘llagan choralar tufayli avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida Yangi yil arafasida kamida ikki hafta davom etgan taqchillik barham topdi.

31 dekabr kuni “O‘ztransgaz”​ Aksiyadorlik jamiyati o‘z rasmiy saytida "Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga bir maromda va barqaror gaz yetkazib berish boshlangani" to‘g‘risida xabar qildi.

Ozodlik bu bayonot ortidan 3 yanvar kuni vaziyatni vodiyning bir viloyati – Farg‘ona misolida o‘rganishga urindi.

GTSlarga qancha gaz kirayapti?

3 yanvar, kunning birinchi yarmida Bag‘dod tumanidagi gaz taqsimlovchi stansiyaga (GTS) 14,1 kG/sm2, Toshloq tumanidagi GTS ga 13 kG/sm2, Farg‘ona tumanidagi GTSga 13 kG/sm2 gaz kirgan.

Bu ma’lumotlarni Ozodlik tilga olingan gaz korxonalari mas’ullaridan oldi.

“Vodiygazta’minot” vakilining bildirishicha, 31 dekabrgacha GTS larga kirayotgan gaz miqdori 5 kG/sm2 gacha tushgan.

Bu va maqola davomida keladigan boshqa ko‘rsatkichlarni ismi aytilmasligi sharti bilan andijonlik gaz mutaxassisi sharhlab berdi.

Mutaxassis sharhi: Tumanlarda qayd etilgan ko‘rsatkichlar me’yor darajasida. Hatto GTS ga gaz kirishi 5 kG/sm2 gacha tushib ketganidan xulosa qilishga shoshmaslik kerak. Hamma gap GTSdan qancha gaz chiqayotganida.

GTSlardan qancha gaz chiqayapti?

3 yanvar, kunning birinchi yarmida Bag‘dod tumanidagi gaz taqsimlovchi stansiyadan (GTS) 3,2 kG/sm2, Toshloq tumanidagi GTS dan 2,5 kG/sm2, Farg‘ona tumanidagi GTS lardan 1,3 dan 1,8 gacha kG/sm2 gaz chiqdi.

Oxirgi iste’molchiga qancha gaz bordi?

Oxirgi iste’molchiga borayotgan gaz bosimi Bag‘dod tumanida suv ustunining 130 mmdan 250 mmgacha, Toshloq tumanida 110 mm, Farg‘ona tumanida 30 mmdan 100 mmgacha bo‘ldi.

Mutaxassis sharhi: Farg‘ona tumanida oxirgi iste’molchiga, ya’ni eng chekkadagi iste’molchiga 30 mmdan 100 mmgacha gaz berilayapti, dedingiz. Bu - gaz yo‘q, degani. Agar 130 bilan 250 orasida bo‘lsa, me’yor hisoblanadi. Aytishingizga qaraganda, Bag‘dod tumanida vaziyat shunday.

GTS dan chiqishi esa, kamida 2-3 kG/sm2 bo‘lishi kerak. Demak, Farg‘ona tumanida GTSdan chiqayotgan gaz hajmi yetarli emas.

GTSdan yetarli hajmda gaz chiqishini ta’minlash uchun unga kattaroq hajmda gaz kirishi kerak. “Vodiygazta’minot” vakili Yangi yilgacha GTSga gaz kirishi 5 kG/sm2ga tushib ketganini aytganini aytdingiz. Agar sarfni hisobga olmasa, bu hajm, go‘yoki, yetarliday. Lekin qish ekanligidan, ya’ni sarf katta ekanligidan kelib chiqsak, 5 kG/sm2 o‘ta past. Umuman esa, GTSlar 55 kG/sm2 gaz kirishiga mo‘ljallangan.

Yo‘q gaz qaerdan bor bo‘lib qoldi?

“O‘ztransgaz”​ o‘zining 31 dekabrdagi bayonotida “Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatining minglab aholisi bir necha yildan beri kuz-qish davrida, ayniqsa havo sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki umuman tabiiy gaz bo‘lmasligi, ayniqsa, vodiy viloyatlari aholisining jiddiy tashvishiga aylangan”ini tan olgan.

Mana shunday vaziyatda “O‘ztransgaz”​ muammoni qanday qilib tezda hal qildi yoki deyarli hal qildi?

Bu savolning bayonotda keltirilgan javobining kengroq talqinini "O‘ztransgaz"​ raisi Bahodir Eshmuratovning aytganlariga tayanib, mahalliy nashrlar keltirdi:

“Qozog‘iston Respublikasining “KazTransGaz” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan Gazli-Chimkent-Toshkent-Pungon yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy gaz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gazli gazni yer ostida saqlash inshootidan Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib beriladi”.

“O‘ztransgaz”​ raisi Bahodir Eshmuratov tilga olgan yo‘nalishning dastlabki punkti Gazli ham, so‘nggi punkti Pungon ham O‘zbekistonda. Bas, shunday ekan, O‘zbekiston nima uchun o‘z gazini Qozog‘istondan so‘rashi kerak?

Mutaxassis fikri: Vodiy shu paytgacha ichki magistral quvurlar orqali gaz bilan ta’minlangan. Lekin u quvurlar quvvati vodiyni ta’minlay olmay qolganiga ancha bo‘lgan. Yangi yil arafasida yuzaga kelgan o‘ta og‘ir vaziyatdan chiqish uchun “O‘ztransgaz”​ xalqaro quvurdagi gazning bir qismini vodiyga burishga majbur bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida gaz ta’minoti, dekabrdagi taqchillikka qiyoslaganda, yaxshilanib qolganini oddiy iste’molchilar ham tan oldi. Masalan, o‘zini Shokirjon deb tanishtirgan beshariqlik 3 yanvar kuni Ozodlikka “gaz kelayapti, ko‘payib qoldi”, dedi.

Shokirjonning aytishicha, gaz zapravkalarda bosim ko‘tarilib, natijada navbatlar yo‘qolgan. Uning aytganini ilmiy tilga ko‘chirsak, bunday bo‘ladi:

“Yangi yil arafasida avtomobillarga gaz 60-80 kG/sm2 bosim bilan quyilayotgan edi. Endilikda bosim 120-140 kG/sm2ga ko‘tarildi”.

Gaz kompressorlari bosimni 200 kG/sm2gacha ko‘tarishi mumkin.

Vodiyni, xususan, Farg‘ona viloyatini tabiiy gaz bilan ta’minlashni nisbatan yaxshilash imkoni keyingi yillarda minglab abonentlarning gaz quvurlari kesib tashlangani hisobiga ham paydo bo‘ldi.

Aholi uylariga gaz yetkazib beruvchi mavjud gaz quvurlarining bir qismi mamlakatning barcha hududlarida kesildi.

O‘ztransgaz”ning 2018 yil fevralidagi ma’ulmotiga qaraganda, 3 million 300 mingdan ortiq uy-joy hamda 83 mingga yaqin ulgurji iste’molchiga tabiiy gaz, 2 mln. 760 ming aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

XS
SM
MD
LG