Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:08

Rossiya fazogirlari XFSdagi sirli teshik atrofidan namuna oldi


Rossiyalik ikki nafar fazogir 11 dekabr kuni Xalqaro fazo stansiyasiga (XFS) tirkalgan “Soyuz” kemasidagi sirli teshik atrofidan namuna oldi.

“Roskosmos” agentligi ushbu amaliyotning maqsadi “kichik, ammo xavfli” teshik Yerda yoki fazoda paydo bo‘lganini aniqlash ekanini bildirdi.

Ikki millimetrli teshik joriy yilning avgust oyida XFSdan havo qochishiga sabab bo‘lgan edi.

Seshanba kunigacha fazogirlar teshikni faqat kema ichkarisidan kuzata olgan, xolos.

7 soat-u 45 daqiqaga cho‘zilgan amaliyot davomida fazogirlar Oleg Kononenko bilan Sergey Prokopev teshikni qoplab turgan izolyatsion materialni kesib, teshik atrofidan namuna olishga muvaffaq bo‘lishdi.

XFSdan farqli o‘laroq, “Soyuz” kemasi havoda ta’mirlash uchun mo‘ljallanmagan. Shuning uchun ham teshik atrofidan proba olish fazogirlar uchun o‘ta mushkul bo‘ldi.

XFSdan ochiq fazoga chiqishdan oldin Kononenko “Soyuz” raketasida ushlab turish mumkin bo‘lgan dastak yo‘qligini aytdi.

“Roskosmos” direktori Dmitriy Rogozin oktabr oyida teshik ishlab chiqarish davomida paydo bo‘lmaganiga shubha yo‘qligini ta’kidlagan edi. Rogozin teshikni fazoda birov atayin paydo qilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari surgandi.

Avvalroq Rossiya matbuoti AQSh fazogirlari bemor hamkasblarini Yerga qaytarish uchun “Soyuz” korpusini atayin teshgan bo‘lishlari mumkinligi haqida xabar qildi. Ammo Rossiya rasmiylari bu xabarni rad etdi.

Joriy yilning 11 oktabr kuni Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromida uchirilgan “Soyuz” raketasi start chog‘ida avariyaga uchradi, raketa bortida XFSga yo‘l olgan NASA fazogiri Nik Xeyg bilan “Roskosmos” kosmonavti Aleksey Ovchinin omon qoldi.

“Roskosmos” rasmiylarining aytishicha, teshik atrofidan olingan namunalar Yerga yuboriladi.

Amaliyot davomida fazogirlar surat va video olib, teshikni yangi izolyatsion material bilan qoplagan.

2011 yildan beri fazogirlar XFSga faqat “Soyuz” raketalari bortida chiqarib kelinadi. NASA o‘zining Space Shuttle dasturini 2011 yilda to‘xtatib qo‘ygan.

XS
SM
MD
LG