Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:22

"Ijtimoiy ahamiyatga ega emas" deb topilgan korxonalarga gaz berish to‘xtatildi


Dekabr oyi boshidan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan idora va tashkilotlarni tabiiy gazdan uzish jarayoni boshlandi. Ozodlikka murojaat qilgan tadbirkorlar, gazi uzilgan korxonalar ishlab chiqarish to‘xtab¸ odamlarning ishsiz qolganini aytmoqda. Soha mutasaddilari gaz uzilishini tabiiy gaz etishmovchiligi bilan izohlashdi.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan Ozodlikka bog‘langan tadbirkor yigitning aytishicha, 9 dekabr kuni uning ishlab chiqarish korxonasini tabiiy gazdan uzib qo‘yishgan.

“Oldindan ogohlantirishmadi ham. Gaz idora xodimlaridan iborat maxsus guruh yuribdi. O‘shalar kelib, “Yuqoridan buyruq bor”, deb, akt qilib, gazimizni plombalab ketishdi. Lekin hech qanday buyruqni ko‘rsatishmadi. Gazdan hech qanday qarzim yo‘q. Har doim 1 oy avval peredoplata qilamiz”, deydi shaxsini ochiqlamaslikni so‘ragan qandolatchilik korxonasi egasi.

Shu tumanda yashovchi tadbirkor ayolga ko‘ra, uning ham firmasi ham gazdan uzib qo‘yilgan.

“Men tumanimizdagi boshqa tadbirkorlar bilan ham gaplashdim. Butun tuman bo‘yicha hamma tadbirkorning gazini uzib qo‘yishgan. Hammasi boshini changallab o‘tiribdi”, deydi rasmiylar bosimiga uchrash ehtimolidan qo‘rqib ismi ochiqlanmasligini so‘ragan tadbirkor ayol.

Zangiotalik tadbirkor yigitga ko‘ra, gaz uzilgani bois uch kundirki, uning korxonasida ish to‘xtab qolgan.

“Korxonamiz gazda ishlashga moslashgan. Elektr spiralda ishlagani uchun qimmatga tushadi. Shu bois tabiiy gazdan foydalanamiz. Keyin gaz effekti yaxshi, mahsulot tezroq qaynaydi. Endi ishimiz to‘xtab yotibdi. Bizga qachon gazni yoqishlarini ham aytishmadi. Endi shuncha odam ishsiz o‘tirishi kerak”, deydi tadbirkor yigit.

Zangiota tuman gaz ta’minoti idorasining Ozodlik bog‘langan xodimi nafaqat tadbirkorlar¸ balki tumandagi barcha ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan obe’ktlarning tabiiy gazdan uzilayotganini bildirdi.

“Bizga oblgazdan topshiriq berilgan. Bu birgina bizning tumanda emas. Butun viloyat bo‘yicha hamma joyda bo‘layapti bu. Maktab, bog‘cha va kasalxonalardan tashqari barcha ob’ektlar gazini uzib qo‘yayapmiz. Butun qish davomida ularga gaz berilmaydi. Qachon berilishini bilmaymiz, yuqoridagilar “ber” desa beraveramiz”, dedi Zangiota tuman gaz ta’minoti idorasi xodimi.

Toshkent viloyati gaz ta’minoti hududiy filiali mulozimi ham ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan ob’ektlarning gazdan uzilayotganini tasdiqladi.

“Gaz muammosi bor. Muammo kattaroq. Qanchalik kattaligi borasida biror raqam bera olmayman. Ammo muammo mavjud. 20 dekabrdan boshlab, sovuq tushishni boshlaydi va gaz yetishmovchiligi kuchayadi. Shuning uchun gazni o‘chirib qo‘yayapmiz. Bu hukumatning topshirig‘i bilan bo‘layapti. "O‘ztransgaz"ning yozma topshirig‘i bor bu bo‘yicha. Tadbirkorlarning hammasini emas, mavsumiy iste’molchilarning gazini o‘chirib, ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar ya’ni maktab, bog‘cha, shifoxonalar va aholining o‘ziga gaz yetkazib berish rejalangan”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

Mulozimga ko‘ra, gazi o‘chirilgan obe’ktlarga qachondan boshlab gaz berilishi hozircha noma’lum.

"O‘ztransgaz"dan olingan ma’lumotga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan ob’ektlarni tabiiy gazdan uzib qo‘yish butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayapti.

O‘zbekistonning qancha gazi bor?

O‘zbekistonda har yili qish mavsumida gaz taqchilligi kuzatiladi.

“O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, milliy xolding shirkati “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish" imkonini beradi va O‘zbekiston gaz qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 11 o‘rinni egallaydi.

O‘zbek gazining xorijdagi eng katta xaridori Xitoy hisoblanadi, yiliga O‘zbekiston Xitoyga 10 milliard kub metr gaz yetkazib beradi.

O‘zbek gazining ikkinchi yirik xaridori Rossiyadir.

2014 yilgi rasmiy xabarlarda¸ O‘zbekistondagi ichki iste’molning yildan-yilga oshib¸ 50 milliard kub metrdan oshgani iddao qilingan edi.

O‘zbekistonning tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyojiga oid raqamlar jamoatchilikka e’lon qilinmay kelinadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning chetga sotiladigan gaz hajmini oshirishi aholiga gaz ta’minotining kamayib ketishiga olib keldi.

Keyingi 10 yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekistonda tabiiy gaz muammosi yuzaga kelgan. Yuzlab chekka qishloqlar keyingi 4-5 yil ichida gazdan butunlay uzib qo‘yildi.

Mahalliy aholi mamlakat o‘z gazini chet elga sotayotgani sababli oddiy xalq o‘tin va tezak yoqishga majbur bo‘layotganidan shikoyat qilib keladi.

XS
SM
MD
LG