Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:53

"Lirika" sotishda ayblanib, 2 kishi samosud qilingan video tarmoqda tarqaldi


Tarmoqlarda tarqalgan videodan skrinshot.
Tarmoqlarda tarqalgan videodan skrinshot.

Bir guruh shaxsning 2 kishini "Lirika" psixotrop dori vositasini sotishda ayblab, tahqirlagani va kechirim so‘rashga majbur qilayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Bu videoni bir necha kun muqaddam Ozodlikka yo‘llagan manbalar samosud qilingan yigitlardan birining mamlakatda nomi chiqqan mashhur sportchi ekanini iddao qilgan.

Video: samosud qilingan 2 shaxs

Videoda yarim yalang‘och qilingan 2 yosh yigit kechirim xati yozilgan yorliq, ip o‘tkazib bo‘yniga osilgan holda aks etgan. Kadr ortidagi ovozlardan ularni bir necha kishi tahqirlayotgani, ikkovlonni "Lirika" - psixotrop dori vositasini sotish orqali jamiyatga qarshi jinoyat sodir etishda ayblayotgani tushuniladi.

Kadr ortida turib gapirayotganlar ikkovlonni Toshkentning Amir Temur xiyoboniga olib chiqib, sazoyi qilish bilan tahdid etadi va muttasil haqoratlaydi.

Tarmoqlarda ko‘tarilgan bahs ishtirokchilarining aksariyati psixotrop dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi ekanini bildirarkan, ayni paytda, ikki yigitni huquq-tartibot idoralariga taqdim etish o‘rniga, samosud qilinishni ham qoralamoqdalar.

Iddao: samosud qilingan sportchi

Bir necha kun muqaddam bu videoni Ozodlikka yo‘llagan manbalar tahqirlangan ikki kishidan birining xalqaro turnirlarda ko‘p bora g‘alaba qozongan, taniqli sportchilardan biri, deb iddao qilgan. (Ozodlikka bu sportchining ismi-familiyasi aytilgan, ammo tahririyat ma’lum sabablarga ko‘ra, bu ma’lumotni ochiqlamayotir)

Ozodlik bu hodisaga oydinlik kiritishini so‘rab, Bosh prokuratura hamda respublika IIVga murojaat qilgan, hozircha javob berilgani yo‘q. Shuningdek, Toshkent shahar yoki respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan bu hodisaga oid biror bayonot berilgani ham hozircha Ozodlikka ma’lum emas.

Ammo, mahalliy nashrlar, jumladan Daryo.uz nashrining yozishicha, huquq-tartibot idoralari tarmoqlarda tarqalgan videodagi samosud hodisasi ustidan surishtiruvni boshlagan. ​

(Ozodlik bu hodisaga oid qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rganishda davom etmoqda. Yangiliklarni saytimizda kuzating!)

Ozodlik surishtiruvi

Ozodlik Toshkent aptekalaridan va ko‘chadan bemalol sotib olish mumkin bo‘lgan "Lirika" yoki "Tramadol" dorisiga ruju qo‘yayotgan yoshlar to‘g‘risida 2017 yilning sentabrida surishtiruv o‘tkazgan edi.

O‘shanda Ozodlikning Toshkentdagi mobil muxbiri hech qanday retseptsiz bu dorini sotib olgan, "Lirika" xapdorisiga ruju qo‘ygan toshkentlik o‘spirinlar bilan suhbatlashgan edi.

Toshkent IIBB reydlari

Toshkent shahar IIBB 23 oktabrdan 7 noyabrgacha "Lirika" va "Tramadol"ni noqonuniy tayyorlash, saqlash va sotishni aniqlash uchun reydlar o‘tkazgani va 46 kishini qo‘lga olganini ma’lum qilgan.

Oktabr oxiri-noyabr boshida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jami bo‘lib 3 ming 23 pachka tramadol va 215 pachka "Lirika" psixotrop dori vositasi musodara qilingani aytildi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish») bo‘yicha 6 ta va 276-moddasi bo‘yicha («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar») 16 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Yengil jazo

Ammo, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizovning “Oila davrasida” gazetasiga aytishicha, qonunchilikda “Lirika” va “Tramadol” kabi dori vositalarining noqonuniy savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

Ya’ni, noqonuniy savdo qilgan shaxslarga nisbatan faqat ma’muriy jazo – muayyan miqdorda jarima qo‘llanadi. Rasmiyga ko‘ra, jinoiy jazo yo‘qligi oqibatida yashirin savdoni to‘xtatish imkonsiz bo‘lmoqda.

Narkotik kabi xatarli "Lirika"

Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga ko‘ra, qutisiga "Lirika" (pregabalin) hamda "Tramadol" deb nomlanuvchi xapdorilar tarkibida metilgeksan va morfiy bo‘lgan dorilar qatorida alohida nazoratda turadi.

Ammo, keyingi yillarda Toshkentda shakllangan dori vositalari qora bozoriga, asosan, Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilayotgani aytiladi.

Tibbiyot xodimlari "Lirika"ni boshqa narkotik moddalar kabi xatarli, deb baholaydilar.

Samosud

Ijtimoiy tarmoqlarda “gunohkorlarni” aholi o‘zicha jazolashga urinishi aks etgan videolar tez-tez tarqalmoqda.

O‘g‘irlik qilganida qo‘lga tushirilib kaltaklanayotgan, “fohisha” yoki “gey” degan tavqi la’natga uchrab ko‘chada yalang‘och sazoyi qilinayotgan o‘zbeklar aks etgan videolar har gal qizg‘in bahslar, muhokamalarga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonlik huquqshunoslar bunday holatlar adliya tizimining zaif ekanidan dalolat, deb hisoblaydilar.

XS
SM
MD
LG