Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:10

"Xalq banki" xodimlari mijozlarga lotereya sotishga majburlanayotganidan shikoyat qildi


"Xalq banki"ning Toshkent shahridagi filiallari xodimlari bank rahbariyati ularni bank mijozlariga lotereya sotishga majburlayotganidan shikoyat qilishdi. Ozodlikka bog‘langan bank xodimlariga ko‘ra, lotereya sotishdan bosh tortganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilingan. "Xalq banki" mutasaddilari Ozodlik bilan suhbatda majburlash holati taqiqlangani, agar bu borada shikoyat tushsa, o‘rganilishini ta’kidlashdi.

“Xalq banki"ning Toshkent shahrida joylashgan barcha filiallari nomidan” deya Ozodlikka yo‘llangan maktubda bank xodimlari lotereya sotishga majburlanayotgani yozilgan.

“Bizning bankda umuman adolat yo‘q. Sababi: Har kuni xodimlarga zulm o‘tkazilib kelinmoqda. Lotereyaga reja qo‘yilgan. Har kuni bankka kelgan har bir mijozga tilamchiga o‘xshab, yalinib sotishimiz kerak”.

Ozodlikka bog‘langan bank xodimlari ishini yo‘qotish xavfi ostida ism-shariflarini ochiqlamaslikni so‘rashdi.

Ularning aytishicha, rahbariyat qo‘ygan planga ko‘ra¸ bitta bank filialida bir kunda 200ta lotereya sotilishi lozim. Bu rejani bajarish uchun bank xodimlari lotereyani ko‘chaga chiqib sotishga ham majbur qolayotganliklarini aytishadi.

“Har kuni sovuqda tashqarida yurib, lotereya sotib yuribmiz. Har kuni sotilmagan lotereya pulini o‘z hisobimizdan to‘lab, qiynalib ketdik. Halol ishlab topgan oylik maoshimizni farzandlarimizga to‘liq olib borishimizga yordam bering”, deydi bank xodimlari.

Bank xodimlariga ko‘ra, lotereya sotishdan bo‘yin tovlaganlar yoki rejani bajarmaganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilingan.

“Agar lotereya sotilmasa, "Xalq banki"ning Toshkent shahar bo‘limi rahbari Anarbetov Bekzod Yashinovich tomonidan tekshiruv yuborib, qanday bo‘lmasin ishdan bo‘shatib yuborish aytilgan”, deydi bankirlar.

Toshkent shahar "Xalq banki" bo‘limining Ozodlik bog‘langan rasmiylari bank filiallarida xodimlarni lotereya sotishga majburlash holati bo‘layotganini inkor qildi.

"Xalq banki"ning bosh ofisi (Respublika bo‘limi)ning lotereyalar sotilishiga mas’ul mulozimi “Bank xodimlarini lotereya sotishga majburlash holati aniqlansa, javobgarlar jazolanishini” ta’kidladi.

“Lotereya sotish uchun hech qanday reja belgilanmagan. Bir kunda shuncha sotishing kerak¸ degan narsa yo‘q. Agar filial lotereya sotsa, 50 foizi yutuqqa ketadi. Qolgani bankka qoladi. Har bir filial lotereyadan tushgan daromaddan mukofot puli oladi. Agar filial rahbari lotereya sotishda o‘z xodimlarini majburlasa, bu borada bizga murojaat qilishlari lozim. Bu tasdiqlansa, qonunda belgilangan holatda jazo choralari ko‘riladi”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz bank mulozimi.

Mulozimga ko‘ra, bugungi kunda "Xalq banki"da uchta turdagi jami 8 xil lotereya sotilmoqda.

“Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 15 noyabrdagi 396-sonli (“Pul-buyum lotereyalari o‘tkazishni tashkil etishni takomillarshtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi) qaroridan kelib chiqib, bank nizomi bor. Shu nizom asosida lotereya sotish tashkil qilingan. Paynet bilan shartnoma bor. Ular lotereyalarimizni sotib bergani uchun ularga haq to‘laymiz. Keyin sotuv shoxobcha¸ ya’ni kommunal kassalar deydi. U yerda sotiladi. Bank xodimiga sotilgan lotereyaning 10 foizi miqdorida haq to‘lanadi. Keyin ishsiz yurgan shaxslar bilan shartnoma tuzamiz, ular sotib berishadi”, deydi bank mulozimi.

Mulozim ayni paytda "Xalq banki" lotereyalarini pensiya, stipendiya, oylik maoshlariga majburan qo‘shib sotish holatlari ham mutlaqo taqiqlanganini ta’kidladi.

Ozodlikka "Xalq banki" lotereyalarini majburlab sotish holatlari borasida bir necha bor murojaat qilingan.

Jumladan, buxorolik mushtariy "Xalq banki" majburlab lotereya sotishni qachon to‘xtatadi?", deya shikoyat qilgan edi.

Sirdaryo viloyati Guliston tumani Tajribakor mahallasida yashovchi oila farzandi uchun oladigan nafaqa puli to‘g‘rilash uchun “Xalq banki” lotereyalaridan olishga majburlangani haqida yozgan.

“Xalq banki”da lotereyalarni majburlab sotish holatlari rasman tasdig‘ini ham topgan.

Adliya vazirligiga ko‘ra, 2017 yilda aholiga lotereyalarni majburiy tarzda sotgani uchun "Xalq banki" filiallarining 222 nafar rahbar xodimiga hayfsan berilib, jarimaga tortilgan. Bank filiallarining 91 nafar rahbari va bosh hisobchisi ishdan bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG