Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:06

Turmadagi isyonda o‘ldirilgan mahbuslar militsiya nazorati ostida ko‘milmoqda


23 yashar Bahromning onasi Ruqiya Ismoilova (o‘rtada) 12 noyabr kuni o‘g‘lining tobutini ochishga ruxsat berishmaganini aytdi.
23 yashar Bahromning onasi Ruqiya Ismoilova (o‘rtada) 12 noyabr kuni o‘g‘lining tobutini ochishga ruxsat berishmaganini aytdi.

Tojikistonning Xo‘jand shahridagi koloniyada ko‘tarilgan isyonda halok bo‘lganlar jasadlari militsiya nazorati ostida shoshma-shosharlik bilan ko‘milmoqda. Ayrim holatlarda politsiya xodimlari halok bo‘lganlarning jasadlarini ularning oila a’zolariga ko‘rsatmay ko‘mgan.

O‘ldirilgan mahkumlardan biri, 23 yashar Bahrom Ismoilovning onasi Ruqiya Ismoilova 12 noyabr kuni o‘g‘lining tobutini ochishga ruxsat berishmaganini Ozodlik radiosi tojik xizmatiga (Ozodi radiosi) so‘zlab berdi.

Ismoilovaning aytishicha, uning o‘g‘li Bahrom 3 yil oldin ekstremizmda aybdor deb topilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

- Ofitserlar jasadni tez yordam mashinasida olib kelib, ko‘mishdi. Qabrga yaqinlashishga hech kimga ruxsat berishmadi, - dedi Ismoilova.

So‘g‘d viloyati ma’muriy markazi Xo‘jand shahrida joylashgan qattiq rejimli koloniyada 7 noyabr oqshomida ko‘tarilgan isyon davomida kamida 50 kishi o‘lgan. Voqea paytida necha kishi yaralangani hozircha noma’lum. Koloniya nazoratchilaridan 6 nafari og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Hodisadan beri bir hafta o‘tgan bo‘lsa-da, Tojikiston rasmiylari ommaviy axborot vositalarining koloniyada ko‘tarilgan isyon to‘g‘risidagi xabarlarini izohlagani yo‘q.

Xabarlarga ko‘ra, 750 mahbusga mo‘ljallangan koloniyada 800 nafar mahbus bo‘lgan. Tojikiston Xavfsizlik xizmati xodimlari ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan mahbuslarning aksari terrorizm hamda ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarda, qotillik, giyohvand modda savdosi hamda boshqa jiddiy jinoyatlarda aybdor deb topilganini aytishdi.

Isyon davomida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar soni haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagani uchun mahbuslarning oila a’zolari ularning o‘lik-tirikligi haqida biror xabar topishga jon kuydirmoqdalar.

Isyon ortidan koloniyaga hech kim kiritilmayapti. Mahbuslarning taqdirini bilish uchun rasmiylar bilan aloqaga chiqish urinishlari natija bermayapti.

Mahbuslardan birining onasi Ozodlik radiosi bilan suhbatda:

- O‘g‘lim haqida so‘rash uchun ko‘plab rasmiyga chaldim. Yoki javob berishmaydi, yoki hech qanday ma’lumot yo‘q deyishadi, - dedi.

Isfara shahrida Masuda Sodiqova o‘g‘li Farhodning taqdiridan xavotirda:

- Qattiq xavotirdamiz. Kechalari uxlay olmayapman. Qamoqxonada isyon ko‘tarilganinigina bilamiz. Kimga murojaat qilishni bilmaymiz.

Koloniyaning jarohat olgan soqchilarining qarindoshlariga Xo‘jand viloyat shifoxonasida davolanayotgan yaqinlaridan xabar olishga izn berilgan.

Shifoxona rasmiylari ushbu holatni hali izohlaganlaricha yo‘q. Ozodlik radiosi manbalari soqchilarning ahvoli og‘ir ekanligini, ammo ularning hayotiga tahdid yo‘qligini ma’lum qilishdi.

Jarohatlangan nazoratchilar orasida So‘g‘d viloyati turg‘uni Xayrullo Abdulloevning ham o‘g‘li bor. Shifoxonaga borib o‘g‘lidan xabar olgan Abdulloev soqchilarning aksari boshidan lat yeganini aytdi.

- O‘g‘limni quruq qo‘l bilan mushtlashmagan. Mahbuslar birdaniga chiroqlarni o‘chirib, soqchilarning boshiga g‘isht va boshqa narsalar bilan urishganini aytishdi. O‘g‘limning sakkiz yoki to‘qqiz tishi singan. Betini tikishibdi. Boshida va yuzida lat yemagan joy yo‘q.​ - dedi Abdulloev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li ayrim mahbuslar qamoqxona nazoratchilariga yordam berishga harakat qilganini aytgan.

Halok bo‘lgan ikki soqchi – 27 yoshdagi Ehson Yoqubov hamda 42 ga to‘lgan Mirsaid Qodirovlar o‘z qishloqlarida 8 noyabr kuni dafn qilingan.

Isfarada esa o‘g‘irlik uchun 15 yilga qamalgan 21 yoshli Hojiismoilxon Bahovaddinovni ko‘mishdi.

Bahovaddinovning qarindoshlari uning jasadini ko‘ra olishmaganini aytishdi. Bahovaddinov qay yo‘sinda halok bo‘lgani ularga qorong‘i.

Huquq-tartibot organlariga yaqin manbalarning Ozodlik radiosiga ma’lum qilishicha, rasmiylar isyonni tergov qilish uchun maxsus komissiya tuzgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, komissiya a’zolari orasida fuqaroviy jamiyat vakillari yoki xalqaro nazoratchilar yoq.

“Islom davlati” terror guruhini isyon o‘zning “askarlaridan biri” tomonidan amalga oshirilganini iddao qildi. Ammo mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu haqiqatdan yiroqdir.

XS
SM
MD
LG