Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:21

Mahbusning onasi: O‘g‘lim qiynoqqa chiday olmay, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi


2006 yilda o‘zbek qamog‘ida qiynoqqa solingani aytilgan mahbuslarning kiyimlari.
2006 yilda o‘zbek qamog‘ida qiynoqqa solingani aytilgan mahbuslarning kiyimlari.

Navoiy shahridagi 46-sonli tergov izolyatorida firibgarlikda gumonlanib ushlab turilgan mahbus, yaqinlarining iddaosicha, qiynoqqa solinishi ortidan tomirini kesish orqali o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bildirishicha, mazkur xolat yuzasidan tekshiruv tayinlangan. Lekin, prokuraturaga ko‘ra, mahkum "joniga suiqasd qilishga urinmagan".

Toshkentlik Mohigul Mamatova 4 oy avval firibgarlikda gumonlanib hibsga olingan 28 yashar o‘g‘li Hushnud Mamatov Navoiy shahridagi 46-sonli tergov izolyatorida qiynoqqa solinishi va ikki hafta och qoldirilishi ortidan tomirini kesish orqali o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani haqda Ozodlikka arz qildi.

- Firibgarlik aybini bo‘yniga qo‘ydirish uchun qiynashgan, ikki hafta och qo‘yib, suv ham berishmagan. Qiynashgan. Qiynoqqa chiday olmay, joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, venasini kesgan, - deydi Mohigul Mamatova.

Toshkentlik onaning bu iddaolarini Hushnud Mamatovning advokati Umid Davlatov ham tasdiqladi.

Advokat Davlatov Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan hafta Navoiy shahridagi 46-sonli tergov izolyatorida o‘z mijozi Hushnud Mamatov bilan uchrashganida uni chap qo‘li kesilgan xolda ko‘rganini aytdi.

-“Nimaga bunday bo‘ldi”, desam, “qiynoqqa chiday olmasdan, qildim”, deydi. Aybni bo‘yniga qo‘yish uchun surunkali och qo‘yishgan, suv ham berishmagan ekan. “Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi deb, chap qo‘li vena tomirini kesdim”, deydi. Ahvoli hozircha yaxshi, - dedi Umid Davlatov.

Mamatov ishi bo‘yicha tergov olib borayotgan Navoiy viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan bu iddaolar yuzasidan izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga javoban H. Mamatov bilan bog‘liq xolat yuzasidan tekshiruv tayinlanganini ma’lum qildi.

“Bu borada uning tushuntirishiga ko‘ra, hech bir joniga suiqasd qilishga urinmagan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra to‘liq ma’lumot beramiz”, - deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati bildiruvida.

Tergov ishi hujjatlaridan ayon bo‘lishicha, Hushnud Mamatov mart oyida o‘z tanishidan 15 ming AQSh dollari miqdorida foizga pul olgan, lekin qaytarib bermagan.

Iyul oyida foizga pul bergan tomonning shikoyat arizasi bo‘yicha Mamatovga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-bandi Firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va qamoqqa olingan.

Ayblanuvchining onasi Mohigul Mamatova o‘g‘li qamoqda qiynoqqa solingani haqida O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga shikoyat qilgani, lekin hozircha javob olmaganini aytdi.

- Prezidentimiz endi qiynoq bo‘lmaydi, qiynoqqa solganlarni o‘zim jazolayman, degandi. Qani adolat? - deydi Mohigul Mamatova.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yili hukumat majlisida tergov jarayonida qiynoq qo‘llagan shaxslar, "kim bo‘lishidan qat’iy nazar, muqarrar javobgarlikka tortilishini aytgan.

2017 yil, 7 dekabr kuni Konstutitsiyaning 25 yilligiga bag‘ishlangan nutqida Mirziyoev: "Bundan buyon O‘zbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa shafqatsiz zo‘ravonlik holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi", - deb aytgan edi.

Ammo huquq faollariga ko‘ra, amalda vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.

Tergov hibsxonalarida qiynoqlar haqida Ozodlikka Mirziyoevning chiqishidan keyyin ham shikoyatlar kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG