Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:17

Toshkentda daraxt "qirg‘ini" davom etmoqda. Aholi noroziligi inobatga olinmayapti (VIDEO)


Yugnakiy mahallasida kesilgan daraxtning to‘nkasi.
Yugnakiy mahallasida kesilgan daraxtning to‘nkasi.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Ahmad Yugnakiy mahallasi aholisi uylari oldidagi daraxtlar kesilishidan norozilik bildirmoqda.

Mahalliy mulozimlarning aytishicha, ushbu mahallada kanalni obodonlashtirish va avtoturargoh qurish vaji bilan jami 31 ta daraxtni kesish rejalangan.

“Daraxtlarimizni kesishmasin!”

Ozodlikka bog‘langan Ahmad Yugnakiy mahallasi ahli vakiliga ko‘ra, mahallada ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanmoqda.

“Aholini dam olish maskani va sayilgohiga aylangan joyda avtoturargoh quramiz deb, ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlashayapti. Shu yerda yashovchilar daraxtlarimiz kesilishiga norozilik bildirib, bosh ko‘tarib chiqdik. Shikoyatimizni eshitish o‘rniga, ikki kishini ROVDga obketib, 1 sutkagacha ushlab turishdi. To‘polon, janjal qilmanglar deyishdi. Kecha, 29 iyul kun kechqurun yana uyimiz oldiga norozi odamlar yig‘ildi. Prokuraturadan, hokimiyatdan kelishdi. Yana arz qildik. Foydasi yo‘q. Bugun ertalab yana kelib kesishni davom ettirishdi”, dedi Ozodlik bilan bog‘langan Ahmad Yugnakiy mahallasida yashovchi kishi.

Югнакий мавзесида дарахтлар кесилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00

“Daraxtlarni men kesmadim”

Mahalliy mulozimlardan birining Ozodlikka taqdim qilgan hujjatlariga ko‘ra, Yugnakiy mahallasidagi 1200 kv/metr hududda avtoturargoh qurish tadbirkor Xisamidin Igamberdievga topshirilgan.

Ozodlik tadbirkor Igamberdievga bog‘langanida, u daraxtlar kesilishiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

“Menga avtoturargoh qurish topshirildi. Lekin daraxtlarni men kesmadim. Menga avtoturargoh o‘rnini tayyorlab berishlari aytilgan. Daraxtlar kesilishiga umuman aloqam yo‘q”, dedi tadbirkor Igamberdiev.

Kesilgan daraxtlar o‘rnida qurilishi rejalangan avtoturargoh maketi
Kesilgan daraxtlar o‘rnida qurilishi rejalangan avtoturargoh maketi

Hokimlik daraxtlar kesilmasligiga oid va’dasini bajarmadi (?)

Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati joriy yil 19 iyul kuni “Endi Toshkentdagi daraxtlar kesilmaydi” deya xabar qilgan edi.

Hokimlikning Facebook sahifasida e’lon qilingan ushbu xabarda “endilikda daraxt kesgan tadbirkorlar va fuqarolar jarimaga tortilishi” aytilgan edi.

Ozodlik 30 iyul kuni Yugnakiy mahallasida kesilayotgan daraxtlar bo‘yicha izoh so‘rab, Toshkent shahar hokimligiga murojaat qildi. Hokimlikning Facebook sahifasi orqali bergan savolimizga, “daraxtlarni kesish uchun maxsus dalolatnoma shartligi” eslatilgan xabar linkini tashlashdi xolos.

“Hech qanday dalolatnoma ko‘rsatishmadi”

Yugnakiy mahallasida yashovchi aholi vakillarining aytishicha, ular daraxtlarni kesayotgan shaxslardan hujjat so‘rashgan, biroq ular biror hujjat taqdim qilishmagan,

“Biz nimaga asoslanib, daraxtlarimizni kesayapsizlar deb bir necha marta so‘radik. Biror odam bu savolimizga javob bermadi. Bizga birorta ham hujjat ko‘rsatishmadi”, deydi Yugnakiy mahallasida yashovchi qariya.

Yugnakiy mahallasida olingan surat. 30.07.18
Yugnakiy mahallasida olingan surat. 30.07.18

“Dalolatnoma bor, lekin...”

Yugnakiy mahallasida daraxtlar kesilayotgani voqeasidan yaxshi xabardor mahalliy mulozimlardan birining ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, ushbu mahalladagi darxtlarni kesish bo‘yicha maxsus dalolatnoma tuzilgan, biroq uning qonunga zid joylari mavjud.

“Dalolatnomaga ko‘ra, Yugnakiy mavzesi hududidan o‘tgan Qorasuv kanalini obodonlashtirish maqsadida jami 25 ta daraxtni kesish uchun Ekogoliya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspektorlari tomonidan dalolatnoma tuzilgan. Keyin shu joyda avtoturargoh qurish uchun ajratilgan yerdagi 6 ta daraxtni kesish uchun ham dalolatnoma berilgan. Bu yerda avtoturargoh qurilishini ham kanalni obodonlashtirish loyihasiga qo‘shib yuborishgan va jami 31 ta daraxtni kesish rejalangan. Lekin dalolatnoma tuzilishi uchun Kanallar boshqarmasi Yagona darchaga ariza bilan murojaat qilishi kerak. Ekologiya qo‘mitasi buni kutmasdan dalolatnoma qilib, daraxtlarni kesishni boshladi”, deydi mahalliy mulozim.

Kesilgan daraxtlardan qolgan to‘nkalar. Yugnakiy mahallasi. 30.07.18
Kesilgan daraxtlardan qolgan to‘nkalar. Yugnakiy mahallasi. 30.07.18

Ekologiya qo‘mitasi: Hammasi qonuniy

Ekogoliya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan inspektori daraxtlar kesilishida noqonuniy joyi yo‘qligini ta’kidlashdi

“Kanallar boshqarmasi bilan kelishilgan. Ular o‘tgan hafta Yagona darchaga ariza bergan. Faqat hali javobi bizga kelmadi. Lekin albatta keladi. Biz uni kutmasdan daraxtlar kesilishini boshlaganimiz sababi, kanalni tozalash uchun buldozer va samosvallar Samarqanddan olib kelingan. Biz Yagona darchadan javob kelishi uchun buldozerlarni ushlab o‘tira olmaymiz”, dedi Ekologiya qo‘mitasi inspektori.

Yugnakiy mahallasi aholisi hisob-kitobicha, so‘nggi bir hafta ichida 14ta daraxt kesilgan. Rejaga ko‘ra, yana 17ta daraxt kesilishi lozim.

XS
SM
MD
LG