Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:10

Tramp Putinga kuzda Vashingtonga tashrif buyurishni taklif qildi


Tramp Putin bilan16 iyul kuni Xelsinkida uchrashdi.
Tramp Putin bilan16 iyul kuni Xelsinkida uchrashdi.

Oq Uy matbuot kotibi Sara Sanders ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati xodimlariga joriy yil kuzida Rossiya prezidenti Vladamir Putinni Vashingtonga taklif qilish to‘g‘risida topshiriq bergan.

Uning 19 iyul kuni Tvitterda yozishicha, “Tramp Helsinkida ikki mamlakat xavfsizlik kengashlari amaliy muloqoti davom ettirilishiga rozilik berdi”.

O‘sha kuni Tramp 16 iyul kuni Putin bilan uchrashuvini “ulkan muvaffaqiyat”, deb maqtadi. Yana u Helsinkidagi muhokama qilingan ayrim g‘oyalarni amalga oshirish uchun “ikkinchi uchrashuvimizni sabrsizlik bilan kutyapman”, deb ham aytdi.

U 19 iyulda Tvitterda qoldirgan izohlarida Putin bilan uchrashuvining OAVda yoritilishini tanqid qildi.

“Rossiya bilan sammit ulkan muvaffaqiyatimiz bo‘ldi, buni soxta xabar tarqatuvchi OAV – odamlarning haqiqiy dushmani ko‘ra olmadi”, deb yozdi u.

Putinning Amerika Qo‘shma Shtatlariga bo‘lajak safari haqidagi Oq Uyning xabari AQSh Milliy razvedka xizmati direktori Den Koatsni hayron qoldirdi. U bu xabarni Kolorado shtatining Aspen shahrida xavfsizlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan forum vaqtida teledasturdan eshitganini aytdi.

Tramp bilan Putinning faqat tarjimonlar ishtirok etgan yakkama-yakka uchrashuvi chog‘ida muhokama qilingan narsalar tafsiloti endi-endi ma’lum bo‘lmoqda.

‒ Men uchrashuv chog‘ida nima gaplar bo‘lganini bilmayman, ‒ degan edi Koats oldinroq Aspen forumida.

Moskvada uchrashuv haqida gapirgan Putin ham uni “to‘la muvaffaqiyatli o‘tdi”, “ba’zi foydali kelishuvlarga erishildi” dedi, ammo tafsilotlarini ochiqlamadi.

Frans-Press agentligi Putinning Moskvada so‘zlagan nutqidan iqtibos keltirib yozishicha, u Trampning Qo‘shma Shtatlardagi tanqidchilarini “ayanchli va nochor kimsalar” deb atagan.

Tramp AQSh parlamenti a’zolari, hatto yetakchi partiyadoshlari ham uning Helsinki uchrashuvidan so‘nggi matbuot konferensiyasida so‘zlagan nutqini tanqid qilib chiqdi.

Ko‘plab tanqidchilar Putin bilan Trampning yakkama-yakka uchrashuvi kelishuvlari yozib olinmaganidan shikoyat qildi.

Tramp prezident saylovi kampaniyasi vaqtida ham, prezidentlik davrida ham Rossiya, xususan, Putin bilan aloqalarni yaxshilashga intilayotganini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG