Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:42

Sirdaryoda ham o‘qituvchilar Yoshlar Ittifoqi ishlarini bajarishga jalb etildi


Yoshlarni ro‘yxatga olish jarayoni (Surat Yoshlar Ittifoqi rasmiy saytidan olindi)
Yoshlarni ro‘yxatga olish jarayoni (Surat Yoshlar Ittifoqi rasmiy saytidan olindi)

Sirdaryo viloyat, Mirzaobod tumanidagi ba’zi maktablar o‘qituvchilari mahallama-mahalla yurib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘smir-yoshlarni xatlab chiqish uchun ta’tildan chaqirib olindi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan o‘qituvchilarning aytishicha, ular ta’tilda belgilangan hordiq va boshqa ishlarini chetga surib qo‘yib, maktab direktorlarining bu topshirig‘ini bajarishga majbur bo‘lmoqda.

Maktab direktori bunday holat bo‘layotganini tan oldi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi inkor qildi.

Xalq ta’limi vazirligi mulozimi o‘qituvchilarning huquqlarini himoya qilish uchun harakat boshlanganini aytdi.

Mirzaobod tumanida yashaydigan ismi sir qolishini so‘ragan pensioner o‘qituvchi, hamkasblarining ta’til paytida ham uyma-uy yurganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi:

“Bugun 18-maktabda ishlaydigan o‘qituvchilardan ikkitasi uyga keldi. Ancha gaplashdik, ular o‘qituvchilar haqida bo‘layotgan o‘zgarishlardan xursand ekanligini aytishdi. Bo‘lmasa, nega ta’til paytida uyma-uy yuribsizlar deb so‘rasam, direktorimizdan Yoshlar ittifoqi vakili iltimos qilibdi, shunga direktorimiz bizni ta’tildan chaqirib oldi, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ro‘yxatga olib yuribmiz, deb aytdi. O‘qituvchilar ilgari hokimiyatlarning mardikori edi, endi Yoshlar ittiofiga mardikor bo‘lib qolibdi-da, dedim”, deydi pensioner o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchi esa, maktab direktorining iltimosiga yo‘q deya olmaganini aytdi:

“Direktorimiz, juda yaxshi rahbar, muloyim inson. Bir-ikki kun yordam qilib yuboringlar, deb aytdi. Shunga chiqib yoshlarga yordam beryapmiz”, deydi o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan mirzaobodliklardan biri, Ozodlikka o‘qituvchi xotini bilan telefon orqali qilgan muloqoti audioyozuvini yubordi.

Bu audioyozuvda, o‘qituvchi ayolining qaerda yurganligini so‘ragan erga, xotini, mahallada uyma-uy yurgani, odamlarni ro‘yxatga olish ishlari bilan mashg‘ul ekanligi haqida aytadi.

Mirzaobod tumanidagi 18-maktab direktori Nodira Mamatqulova haqiqatan ham o‘qituvchilar Yoshlar ittifoqi ishlarini bajarishga yordamga chiqqanini tasdiqladi:

- Ta’tilga chiqmagan o‘qituvchilarni Yoshlar ittifoqi ishlariga jalb qilganimiz to‘g‘ri. Chunki, Yoshlar ittifoqi vakili yangi bo‘lganda. Kecha keldi, men hali mahallani bilmayman, menga qo‘shib bering, dedi. Shunga, har kuni ikkitadan qo‘shib beryapman. Lekin ta’tildan chaqirib olganim yo‘q, dedi Nodira Mamatqulova.

Maktab direktori uning bu ishi noto‘g‘ri ekanligini tan olib, 20 iyuldan o‘qituvchilarni mahallaga chiqarmasligini aytdi.

Sirdaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ixtiyor Ermatov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning boshqa ishlarga jalb qilinayotganini inkor qildi:

- O‘qituvchilar hozir hammasi dam olyapti, ta’tilda. Hech qanaqangi ishlarga jalb etilgani yo‘q, dedi Ixtiyor Ermatov.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning 21 iyunda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktablarni hokimlar nazoratidan chiqarish haqidagi topshirig‘iga qaramasdan o‘qituvchilarni hozir ham majburiy ishlarga jalb qilish holatlari davom etyapti.

Ozodlik so‘nggi bir haftada Andijon shahrida, Surxondaryo viloyatining Angor tumanida, Namangan viloyatining Chortoq tumanida o‘qituvchilarning ta’tildan chaqirib olinib, boshqa ishlarga safarbar etilgani haqida yozdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirish to‘g‘risida gapirgan edi.

Prezident o‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoyalash uchun maxsus huquqiy xizmat komissiyasi tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida o‘tgan yig‘ilish yakunlari yuzasidan gapirib o‘qituvchilarning ish haqi oshirilishi, gazeta va jurnallarga majburiy obunalar bekor qilinishi, ortiqcha yozuv-chizuvlarga barham berilishi, Xalq ta’limi vazirligi bilan muvofiqlashtirilmagan tekshiruvlar o‘tkazilmasligi, xalq ta’limi tizimi xodimlarining turli tozalash ishlariga jalb qilinishi taqiqlanishini aytgan edi.

Ozodlik O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining yangi rahbari Timur Pardaev bilan bog‘lanib, prezident va Bosh vazir tanqididan keyin ham joylarda o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat o‘zgarmayotgani sababi haqida so‘radi.

Timur Pardaevning aytishicha, Xalq tizimi vazirligi ish faoliyatida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda va vazirlik endi o‘qituvchilarni o‘z vazifalaridan tashqari ishlarga jalb qilinishiga batamom chek qo‘yishga harakat qilmoqda:

“Prezidentimiz o‘qituvchini obro‘si va hurmatini ko‘tarish haqida vazifa qo‘ydi. To‘g‘ri, o‘qituvchilarning huquqlari poymol etilib, ularni turli xil majburiy ishlarga jalb qilish holatlari bor narsa. Albatta biz, bu holatlarning hammasidan xabardor bo‘lish imkonimiz yo‘q. Shuning uchun OAVlari bilan hamkorlik qilsak juda yaxshi bo‘lardi. Chunki, asosiy xabarlar OAVi orqali bizga yetib kelyapti. Yangi vazirimiz ham bu haqda jiddiy ko‘rsatma bergan. Biz ishni qattiq boshlayapmiz, bunday holatlar uchun ishonch telefoni tashkil qilamiz va o‘qituvchining xuquqlari himoya qilinishi uchun barcha ishlarni qilamiz”, dedi Xalq ta’limi vazirligi matubot xizmati rahbari Timur Pardaev 19 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 10 may kuni qabul qilgan qaroridata’lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta’lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi yozilgan.

XS
SM
MD
LG