Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:26

Yangiobodlik fermer: IIB boshlig‘i urib, burnimni sindirdi


Suratning maqoladagi voqeaga aloqasi yo‘q
Suratning maqoladagi voqeaga aloqasi yo‘q

Jizzax viloyat, Yangiobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov 7 iyul kuni hokimlik tomonidan g‘alla o‘rimidagi kombaynga biriktirilgan dehqon bozori pattachisi Sardor Qurbonboevning burnini urib sindirganini jabrlanuvchining o‘zi Ozodlikka aytdi.

Burnida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan Sardor Qurbonboev viloyat prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmatiga shikoyat qilgan va 17 iyul kuni viloyat prokuraturasida bu voqea haqida to‘liq ko‘rsatma bergan.

Dehqon bozori pattachisi hamda ayni paytda "Sardor Amirbek" fermer xo‘jaligi rahbari Sardor Qurbonboevning aytishicha, g‘alla o‘rayotgan kombayn buzilib, to‘xtab qolgan paytda, tuman hokimi va prokurori bilan birga mast holda kelgan militsiya boshlig‘i kombayn to‘xtab turgani uchun fermerning burniga zarba bergan.

Voqega guvoh bo‘lgan shaxslar ham shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi.

Tuman IIB boshlig‘i Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zini olib qochmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu ish nazoratga olinganini bildirdi.

"Kombayn buzilgani uchun kaltak yedik"

Yangiobod tumanidagi "Pastkichaqir bulog‘i" fermer xo‘jaligidagi g‘alla o‘rimiga biriktirilgan tuman dehqon bozorining pattachisi, fermer Sardor Qurbonboev 7 iyul kuni tuman ichki ishlar boshlig‘i Ilhom Sulaymonov tomonidan kaltaklangani haqida Ozodlikka shunday dedi:

"7 iyul kuni men hokimlik tomonidan "Pastkichaqir bulog‘i" fermer xo‘jaligida g‘alla o‘rayotgan kombaynga biriktirildim. Ishxonamizdan navbatma-navbat shunday vakil bo‘lib boramiz. O‘sha kuni mening navbatim edi, borsam kombayn buzilib qolgan ekan. Kombaynchi zapchast olib keldi, u to‘g‘ri kelmadi, yana zapchastga ketdi. Soat 12larga yaqin militsiya boshlig‘i bilan prokuror keldi. Bir soat ichida kombaynni yurgizinglar deb po‘pisa qilib ketdi", deydi fermer.

Sardor Qurbonboevning aytishicha, ular ketib, ikki soatdan keyin hokim bilan birga kelishgan:

"Prokuror mashinadan tushmadi, hokim bilan militsiya boshlig‘i keldi. Avval hokim savol-javob qilib, haqorat qildi. Keyin orqasidan militsiya boshlig‘i Ilhom Sulaymonov o‘sha yerdagi o‘zining Muzaffar degan xodimini bir-ikki tepdi. Keyin o‘sha yerdagi qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi O‘tkir Omonovni sen iflos nega qaramayapsan, deb bir shapaloq urdi-da, ortiga bir - ikki tepdi. Keyin meni oldimga keldi-da, men seni ogohlantirib ketgan edimku, nega k..t bozorkomingni chaqirmading, deb qo‘qqisdan burnimga bir musht urdi. Og‘riqning zarbidan burnimni ushlab yonbosh bo‘lib qolgandim, yana ortimga ikki marta tepdi. Burnimdan sharillab qon oqib ketganini ko‘rganidan so‘ng, to‘xtadi. Keyin, chaqir bozorkomingni, ahvolingni ko‘rib qo‘ysin, dedi-da, kombayn tomonga qarab ketdi. Militsiya boshlig‘i mast edi, og‘zidan aroqning hidi burqsib turardi", deydi Sardor Qurbonboev.

"Militsiyada insoniylik qolmabdi"

Ismi sir qolishini istagan voqea guvohlaridan birining aytishicha, bu holatni hokim ham, moshinadagi prokuror ham jimgina kuzatib turgan:

"Kombayn buzilib qolgan bo‘lsa, bizning aybimiz nima? Militsiya boshlig‘i Ilhom Sulaymonov mast holda hammani haqorat qilib urib chiqdi. Sardorning burnini sindirib yubordi. Yana qoniga belanib yotgan bolani katta dalaga tashlab, hokim bilan mashinga o‘tirib, ketib yubordi. Keyin Sardorning dadasini telefon qilib chaqirdik, u bir soatdan keyin yetib kelib? o‘g‘lini kasalxonaga olib ketdi. Agar ko‘p qon ketib, Sardor o‘sha yerda o‘lib qolsa nima bo‘lardi? Bularda insoniylikdan zarracha ham qolmabdi", deydi voqeaga o‘zi guvoh bo‘lganlardan biri.

"Ekspertiza xulosalari bor"

Sardor Qurbonboevning aytishicha, u avval tuman kasalxonasiga murojaat qilgan:

"U yerda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdi, vrach militsiyaga telefon qilib, xabar berdi. Keyinn LOR duxturi yo‘qligi uchun, Yangier shahri kasalxonasiga yo‘llanma berdi. U yerda rentgen qilib, singan degan xulosa berdi. Sud-tibbiy ekspertizasi qilindi. Burnimni operatsiya qilishdi", dedi fermer.

Sardor Qurbonboev militsiya boshlig‘i tomonidan kaltaklangani haqida viloyat prokuraturasiga, Davlat xavfsizlik xizmatiga, Ichki ishlar vazirligiga shikoyat qilgan.

Sardor Qurbonboev 17 iyul kuni Jizzax viloyati prokuraturasiga chaqirtirilgan va ko‘rsatma bergan.

17 iyul kuni eksperiza xuloasalari ham viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan.

"Militsiya boshlig‘i Ozodlikdan qochmoqda"

Ozodlik 17 iyul kuni Yangiobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov bilan bog‘lanishga harakat qildi. Bo‘lim navbatchi inspektori telefon orqali ma’lumot berolmasligini aytar ekan, boshlig‘i fermerning burnini urib sindirgani haqidagi iddaolarni unga yetkazishini aytib, Ozodlik telefon raqamlarini yozib oldi.

Biroq, 17 iyulda ham, 18 iyulda ham Yangiobod tumani ichki ishlar bo‘limidan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Ozodlik 18 iyul kuni Yangiobod tumani hokimi Ikrom Matiev bilan bog‘lanib, bo‘lgan voqeaga munosabat so‘radi.

Ozodlikning savolini eshitgan hokim uzoq o‘ylanib turdi-da, "bizda Sardor Qurbonboev degan fermer yo‘q, bunday voqea esa bo‘lmagan", degan qisqa javob berdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Ozodlik so‘roviga javoban, bu ish nazoratga olinganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG