Qashqadaryo viloyati Nishon tuman Ichki ishlar bo‘limi mulozimlaridan biri Qarshi shahridagi tashkilotlardan birining 24 yashar xodimasini zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda.
Ozodlikka yuborilgan rasmiy xabarnoma nusxasida yozilishicha, militsiya podpolkovnigi joriy yilning 3 aprelida o‘ziga tanish qizni mast qilib, uning ixtiyoriga qarshi ravishda jismoniy kuch ishlatib, nomusiga tajovuz qilgan va uni bu haqda shikoyat qilish oqibatlaridan qo‘rqitib kelgan.
(Militsiya zobitini zo‘rlashda ayblayotgan qiz va IIB rasmiysining shaxsi Ozodlikka ma’lum. Aybsizlik prezumpsiyasi va tergov amaliyotlari davom etayotgani bois¸ ular ochiqlanmayotir -tahr.)
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 118-moddasi, 1-qismi (nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi.
Ozodlik 3 iyul kuni Nishon tumani ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘langanda, navbatchi 1 iyuldan beri podpolkovnikning ishga chiqmayotganini aytdi. Bo‘limning Ozodlik gaplashgan yana bir rasmiysi¸ zo‘rlashda gumonlanayotgan zobitning vazifasidan ozod etilganini bildirdi.
Qashqadaryo viloyati prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu holat yuzasidan 1 iyulda jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi, lekin tergov siri bo‘lganligi bois tafsilotlarni ochiqlamadi.
“Bu jinoyat ishini Qashqadaryo viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi olib bormoqda. Jinoyat-protsessual Kodeksi bo‘yicha tergov harakatlari sir saqlanadi”, dedi Ozodlik gaplashgan mulozim.
Ozodlikka yuborilgan xabarnomada yozilishicha, podpolkovnik 3 aprel kuni tug‘ilgan kuniga qizni taklif qilgan va uni mast qilib, qarshiligiga qaramay nomusiga tajovuz qilgan. Qiz uning ustidan shikoyat qilishini aytganida, pichoq o‘qtalib o‘ldirish bilan qo‘rqitgan.
Qizning jabrlanuvchi sifatida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga yozgan shikoyatida, shundan so‘ng podpolkovnik qizning ota-onasi bilan gaplashib, o‘ziga uylanishga va’da bergani, lekin oradan ikki kun o‘tib qizni bu da’vosidan voz kechishga majburlash maqsadida unga tazyiq o‘tkazishga kirishgani iddao qilingan.
Xabarnomada aytilishicha, 24 aprel kuni o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasida jabrlanuvchining qizlik pardasi buzilgan muddatning u iddao qilayotgan muddatga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan.
Qizni zo‘rlashda gumonlanayotgan podpolkovnikning ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingani yoki ochiqda yurib tergovga qatnayotgani to‘g‘risida Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.