Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 03:53

O‘zini osgan fermer ukasi: "Akam hokimlik tazyig‘idan so‘ng joniga qasd qildi"


O‘z joniga qasd qilgan qashqadaryolik fermer Sherali Davronovning ukasi Ergashali Ozodlikka murojaat qilib, akasining o‘limida mahalliy hokimlikni aybladi.

Ozodlik ​Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumaninining Kalta qishlog‘ida yashagan 50 yashar fermer Sherali Davronovning 18 iyun kuni o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar bergandi.

Ergashali Davronovning iddao qilishicha, akasining o‘limiga uning fermerlik faoliyatiga hokimlik tomonidan to‘siq qo‘yilgani sabab bo‘lgan.

Ўзини осган фермер укаси: "Акам ҳокимлик тазйиғидан сўнг жонига қасд қилди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:00 0:00
Бевосита линк

Ozodlik bilan 28 iyunda suhbatlashgan Ergashali Davronovga ko‘ra, akasi Sheralining joriy yil boshida o‘g‘lining nomiga rasmiylashtirgan fermer xo‘jaligi zo‘ravonlik bilan undan tortib olingan.

Ergashali Davronovning aytishicha, fermer Sherali Davronov tuman hokimi Ravshan Komilovning kaltagidan so‘ng emas, balki hokimning buyrug‘i bilan uning mulozimlari o‘tkazgan tazyiqlarga chidolmay o‘z joniga qasd qilgan.

Bu jarayonda ishtirok etgan hokimlik rasmiylari Ozodlik bilan suhbatda bu janjallardan umuman xabarlari yo‘qligini aytmoqda.

"Zo‘ravonlik qurboni"

Mirishkor tumanining Kalta qishlog‘ida yashagan fermer Sherali Davronov joriy yilning 26 martida tuman hokimi Ravshan Komilovning X-432/03 qarori bilan o‘g‘li Muhriddin nomiga 40 gektarlik “Qudratov Ma’ruf” fermer xo‘jaligini rasmiylashtirgan edi.

Fermer xo‘jaligini tashkil etish haqidagi hokim qarori
Fermer xo‘jaligini tashkil etish haqidagi hokim qarori

Fermerning ukasi Ergashali Davronovning Ozodlikka aytishicha, shundan so‘ng uning akasi o‘z yonidan 9 million so‘m sarflab, yerni paxta ekishga tayyorlagan:

- Akam qarorni olganidan keyin, bola-chaqasi bilan qattiq ishladi. Yerni tekislab, texnika ishlatib, sug‘orish inshootlarini to‘g‘irlab, chigit ekishga taxt qildi. Davlatdan bir so‘m ham kredit olmagan, hammasini o‘z cho‘ntagidan qildi. Keyin zavodga chigitga borganda, unga chigit berishmadi. Bu yerga achchiq qalampir ekiladi, bu yerning egasi boshqa deb aytishgan, - dedi Ergashali Davronov.

Fermerga chigit berishga rad qilingani haqidagi tilxat
Fermerga chigit berishga rad qilingani haqidagi tilxat

Unga ko‘ra, akasining tuman hokimiga qilgan arzlari natija bermagan:

- Qalampir ekuvchilarga keyin bu yer ma’qul bo‘lmadi, ular hech narsa ekmadi. Natijada yerni o‘t, qamish bosdi. Keyin 13 iyun kuni Omon Qo‘shmurodov degan odam tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abduvohid Begmatov va tuman qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i G‘aybullo Qoraboev bilan birga keldida akamga "shu yerga paxta ekasan", deb aytdi. Akam: "Birinchidan paxtaga kech bo‘ldi, yoz bo‘ldi, paxta pishmaydi, ikkinchidan bu yerni tayyorlash uchun yana vaqt kerak, mayli 10 gektariga ekaman," desa, Omon Qo‘shmurodov uni haqorat qilib, "28 gektarga ekasan, agar ekmasang, bo‘lmagan qalampirni ham sening bo‘yningga qo‘yaman, bo‘lmagan paxtani ham senga to‘lataman", deb zug‘um qilgan, - deydi Ergashali Davronov.

Marhum fermerning o‘z cho‘ntagidan qilgan xarajatlari ro‘yxati
Marhum fermerning o‘z cho‘ntagidan qilgan xarajatlari ro‘yxati

Uning da’vo qilishicha, paxta ekishni bo‘yniga olmagach akasidan fermer xo‘jaligi yerini davlat zaxirasiga qaytarish haqida undan majburlab ariza yozdirib olishgan:

- Akam bo‘lgan voqeani menga aytib berib, bir necha kun xomush yurdi. Adolatsizlikdan yuragi siqildi. Dodini kimga aytishni bilmadi. 18 iyun kuni tush payti molxonaga kirib o‘zini osib qo‘ydi. Uni o‘z joniga qasd qilishgacha olib borishdi. Rahbarlarning zo‘ravonlik siyosati qurboni bo‘ldi, - dedi Ergashali Davronov.

Sherali Davronovning paxta yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi
Sherali Davronovning paxta yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi

"Birortang miq etmaysan!"

Ergashali Davronovning ma’lum qilishicha, tuman militsiyasi va prokuraturasi uning oilasiga xudkushlik haqida hech kimga gapirmaslik va arz qilmaslik talabi bilan bosim o‘tkazgan:

- Tuman prokurori, militsiya boshlig‘i o‘sha kuni kechasi soat 11larda keldi-da, bizlarni bosim ostida bir uyga qamab, o‘zini xodimlari o‘zlari yozdida, bosim o‘tkazib qo‘l qo‘ydirib oldi. Nima yozdi, nima dedi, bizga o‘qitgani ham qo‘ymadi. Bo‘ldi, endi ekspertiza qilmaymiz, ertaga ko‘maveringlar, deb ketishdi. Lekin oradan 45 minut o‘tganidan keyin, ular yana katta bir gruppa bilan kelyaptida, akamni ekspertizaga olib ketamiz, dedi. Ular ertaga soat 9 ga janoza degan ekansan, janozangni qoldirasan, deb militsiya boshlig‘i aytyapti. Ularga o‘zlarini qonuniy himoya qilish uchun ekspertiza kerakligi keyin eslariga tushib qolibdi. Nega birinchi kelganda olib ketmadi. Yana aytyaptiki, agar bittang biror joyga gullasang, avlod-ajdoding bilan quritaman, deyapti. Kim bo‘ldi u! Nahotki shunchalik zulm o‘tkazsa, - deydi Ergashali Davronov.

Ergashali Davronov akasi o‘limi yuzasidan hozirga qadar ekspertiza xulosasini ololmagani va tuman prokuraturasi bu ish yuzasidan hech qanday surishtiruv olib bormayotganini bildirdi.

Rasmiylarning xabari yo‘q

Mirishkor tumani prokuraturasining tergovchisi Husniddin Bozorov Ozodlikning, “fermer Sherali Davronovning o‘limi yuzasidan biror bir ish olib borilyaptimi?” degan savolini eshitishi bilan aloqani uzib qo‘ydi.

Marhum Sherali Davronovning o‘limi oldidan, uning dalasida marhum bilan uchrashib, paxta ekishga buyruq bergan viloyat fermerlar kengashining Mirishkor tumanidagi vakili Omon Qo‘shmurodov Ozodlik bilan suhbatda avval fermerni tanimasligini aytdi, ammo keyin marhum oilasida ruhiy xastalar bo‘lganiga ishora qildi:

- U fermerni men tanimayman ham, men viloyatdan qo‘yilganman. Otasimi, kimidir ruhiy xasta bo‘lgan deyishyapti, meni undan xabarim yo‘q. Biz umumiy siyosatni, paxta ekishni yuritganmiz, boshqasidan xabarim yo‘q. Men uni yerini olganim ham yo‘q, bu meni funksiyamga kirmaydi, - dedi Omon Qo‘shmurodov.

13 iyun kuni marhum fermerni kechikkan paxtani ekishga majburlagani iddao qilingan Mirishkor tumani hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘aybulla Qoraboev esa hokimlikda ishlamasligini, pensiyaga chiqib ketganini aytdi:

- Men pensiyaga chiqqanman, xabarim yo‘q. Men u joyga borganim ham yo‘q, bilmayman ham, - dedi G‘aybulla Qoraboev.

Mirishkor tumani hokimligini qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Abduvohid Begmatov marhum fermer Sherali Davronovning yeriga Omon Qo‘shmurodov bilan G‘aybulla Qoraboev borganini tasdiqlar ekan, o‘zining bu jarayonga aloqasi yo‘qligini aytdi:

- Men o‘zim yaqinda ishga o‘tganman, hali buyruq ham chiqqani yo‘q. G‘aybulla aka bilan Omon aka borgan u yerga. Men yo‘q edim, u yerda, xabarim ham yo‘q, - dedi Abduvohid Begmatov.

Ozodlik xabar topgan fermerlar suiqasdi

O‘zbekistonda hukumat rejasini bajarish bosimi¸ aniqrog‘i¸ bajarmaslik bilan bog‘liq turli tahdidlar munosabati bilan fermerlarning o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez uchrab turadi.

2017 yilning iyunida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida fermerlik qilib kelgan O‘ktam Eshmurodov dalasidagi shiyponda o‘zini osgan edi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan suiqasd tafsilotlariga yaqin kosonliklar iddaosicha, 43 yashar fermer bug‘doy rejasini bajara olmagani uchun hokimdan kaltak yeganidan so‘ng o‘zini o‘ldirgan.

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Husniddin Rajabov ham o‘tgan yilning 21 iyun kuni o‘zini osib qo‘ygan edi. Izboskanlik fermerlarga ko‘ra, Rajabov rejadan orttirgan va ishchilariga taqsimlash niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olgandan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

2015 yili Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.

Undan oldin, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiev uyiga qaytgach, o‘zini osgandi.

2013 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak xurujidan vafot etgan edi.

XS
SM
MD
LG