Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:31

Xorijdan pochta orqali bojsiz kirayotgan jo‘natmalar qiymati $1000 dan $300 ga tushirilishi mumkin


O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yiladigan regulation.gov.uz saytida 22 may kuni yana bir hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

O‘zbek tili davlat tili bo‘lgani holda¸ “O merax po obespecheniyu kontrolya i ucheta tovarov, postupayushchix na territoriyu Respubliki Uzbekistan v adres fizicheskix lits v mejdunarodnix pochtovix i kuryerskix otpravleniyax” deb nomlangan hujjat faqat bir til – rus tilida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan.

Muallifi Davlat Bojxona qo‘mitasi bo‘lgan bu hujjat 6 iyungacha muhokama qilinadi¸ uning prezident qarori sifatida joriy yil 1 iyulidan kuchga kirishi rejalangan.

Amaldagi normaga ko‘ra¸ har bir o‘zbekistonlik oyda bir marta xorijdan qiymati 1000 AQSh dollari¸ og‘irligi 30 kilogrammdan oshmaydigan pochta va kuryerlik jo‘natmalarini boj va soliq to‘lamay olishi mumkin.

Bojxona qo‘mitasi taklif qilgan qaror loyihasida bu qiymat uch baravardan ham ko‘proqqa¸ jo‘natma og‘irligi esa 20 kiloga kamaymoqda – 300 dollardan oshgan jo‘natma uchun tovar qiymatining 30 foizi miqdorida yagona boj va 20 kilogramdan oshgan har bir kilo uchun 5 dollarlik ustama narx belgilash ko‘zda tutilgan.

Iste’molchi haqqining buzilishi!

Bu hujjat loyihasiga 25 mayga qadar bildirilgan fikrlarning barchasi salbiy va iqtisodchi hamda oddiy o‘zbekistonliklar bu loyihani iste’molchi haq-huquqini buzish urinishi sifatida baholagan.

“Bu nima alahsirash? Biz Bojxona qo‘mitasiga bir kvartalga 1000 dollarning juda ozligini tushuntirmoqchi bo‘lsak¸ bular cheklovni battar kuchaytirayapti. Men bunga norozilik billdiraman! Bu loyiha mualliflari prezidentimizning bozor va O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha boshlagan harakatlarini bo‘g‘ib tashlamoqchi! Bu hujjat loyihasi – tanlov erkinligiga daxldir! Loyihaning yangi versiyasida bu limitni to‘rt baravarga ko‘tarishni talab qilaman! Bu loyiha seriy importyorlar (boj va soliq to‘lamayotgan importchilar)ni yengishga xizmat qilmaydi¸ faqat oddiy odamlar hayotini yomonlashtiradi”¸ deb e’tiroz bildirgan muhokamaga qo‘shilganlardan biri.

“Yana cheklov! Yana to‘lov va o‘lponlar... Odamlarga xohlagan narsasini xohlagan joyidan bemalol sotib olish haqqini beringlar. Normal noutbukning narxi 300 dollardan oshsa¸ men uni qanday qilib buyurishimni tushuntirib bering... Prezident elektron tijoratni rivojlantirishni taklif qilsa¸ siz uni¸ yana tushunmadingiz. Qayoqqa qarasang¸ iste’molchi haqlarining yoppasiga buzilishi!” deb yozdi yana bir o‘zbekistonlik.

“Ushbu qarorning umumiy maqsadi nima? Jismoniy shaxslar uchun qiyinchiliklar keltirib chiqarish va ular ustidan qo‘shimcha daromad olishmi?” deb savol qo‘ygan uchinchi sharhlovchi.

Mualliflar javobi

Davlat Bojxona qo‘mitasi rasmiylari bilan qilingan savol-javoblardan Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasini qo‘mitaning yangi tashkil etilgan Innovatsiya boshqarmasi tayërlagan.

Qo‘mitaning o‘zini tanishtirmagan boshqa rasmiysi¸ bu loyihaning ortidagi mantiqni izohlashga urindi.

“Hozir xalqaro jo‘natmalar orqali O‘zbekistonga bojsiz kirayotgan tovarlarning nari borsa 5 foizigina odamlarning shaxsiy foydalanishi uchun. Qolgan 95 foizidan olib-sotarlar foydalanmoqda. Ular xorijdan boj to‘lamay mol olib kirib¸ uni ikki baravariga sotmoqda¸ bundan soliq ham to‘lamayapti. Oqibatda¸ davlatga na boj¸ na soliq tushayapti. Ana shuning oldini olish uchun qilindi bu taklif. Ikkinchi sabab¸ ichki ishlab chiqarishni himoyalash. Chetdan bojsiz arzon mol kiraversa¸ o‘zimizniki uning oldida qimmat bo‘ladi¸ bozori o‘ladi. Uchinchisi¸ boj va soliq to‘layotgan importyorlar bunaqada raqobatga dosh berolmay¸ bankrot bo‘layapti”¸ dedi Ozodlik gaplashgan qo‘mita rasmiysi.

Mazkur boshqarma rahbari Ozodlik muxbiri bilan qisqa suhbatda¸ uning faqat loyiha ekani¸ jamoatchilik va mutaxassislar e’tirozi asosli deb topilsa¸ taklif etilgan cheklovlar prezident devoni tomonidan qabul qilinmasligini aytish bilan cheklandi.

O‘zbekistonlik ayrim tadbirkorlar¸ xalqaro pochta jo‘natmalari orqali O‘zbekistonga bojsiz kirayotgan tovarlar qiymat va og‘irligini cheklashdan manfaatdor kuchli guruhlar borligini ta’kidlamoqda.

Toshkentlik tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekistonda ishlab chiqarildi¸ deb taqdim etilayotgan aksar elektrotexnika mollari Artel shirkatiga oid va bu shirkat egasi yaqinda Toshkent shahriga hokim etib tayinlangan Jahongir Ortiqxo‘jaevdir.

“Ashxobod parkini go‘yo o‘z hisobidan qurib bergan Ortiqxo‘jaevga kart blansh berilgan va hozir uning “bozori”ni himoya qilishga qaratilgan hujjatlar tayyorlanayapti¸” deb iddao qildi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik tadbirkor.

Ozodlik ixtiyorida Bojxona qo‘mitasi taqdim etgan hujjat loyihasi ortida Toshkent yangi hokimiga aloqador biznes guruhlari lobbisi turganini tasdiqlovchi dalil hozircha yo‘q.

2009 yil iyun oyida qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik jismoniy shaxslar chegaradosh davlatlardan o‘zlari bilan bojsiz olib kirishi mumkin tovarlar qiymati 10 dollar qilib belgilangan edi.

Joriy yil fevralida bu qiymat 300 dollarga qilib belgilandi. Hozircha muhokama qo‘yilgan qaror loyihasining bu qiymatga ta’sir qilish-qilmasligi mavhum.

Iqtisodchi sharhi

Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov¸ O‘zbekistonga nafaqat xalqaro pochta jo‘natmalari¸ balki chegaradosh davlatlardan olib o‘tilayotgan 1000 dollargacha qiymatdagi tovarlarga boj solinmasligi soliq va boj tizimlari uchun muammo tug‘dirgan bo‘lishini e’tirof etadi.

- Aprel oyida chegaradosh davlatlardan bojsiz olib kirish mumkin tovarlar qimmati ham 1000 dollarga (Karimov davrida bu limit 10 dollar edi – tahr.) ko‘tarildi va hozir chegaralar¸ ayniqsa¸ Qozog‘istodan kirayotgan yuklar oqimini ko‘rsangiz¸ hayratga tushasiz. Tadbirkorlar odamlarga 50 ming so‘m berib¸ Qozog‘istondan boj va soliq to‘lamay¸ xolodilnik¸ televizor va mobil telefon kiritayapti. Bu seriy importyorlar boj va soliq to‘layotgan “oq importyorlar”ni sindirayapti. Bojxona qo‘mitasi ana shu kanalni yopmoqchi bo‘layapti. Ularning mantig‘i shu. Lekin bunaqa cheklov bilan muammoni hal etilmaydi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Yuliy Yusupov.

Tahlilchiga ko‘ra¸ bunday loyihadan maqsad - O‘zbekistondagi ichki ishlab chiqarishni himoya qilish¸ degan iddao jiddiy tanqidga dosh bera olmaydi.

- Ichki ishlab chiqarish rivojiga yo‘l bermayotgan asosiy sabab¸ soliqlarning balandligi va import uchun bojning o‘ta qimmatligidir. (Ichki ishlab chiqarishga zarur komponentlar xorijdan kiradi – demak bojning qimmatligi ular tannarxida ham aks etadi – tahr.) Soliq va boj islohotlariga oid hujjat ikki oydan beri qabul qilinmay kelayotir. Hozirda eski proteksionizm va bozorni liberallashtirish tarafdorlari bu islohotlar taqdirini belgilash uchun so‘nggi kurash bosqichiga kirgan. Kuchlar nisbati 50 ka 50. Agar liberal-islohotchilar qo‘li baland kelsa va soliq va boj kamaytirilsa¸ bu kabi qaror loyihalari umri uzoqqa cho‘zilmasligi mumkin¸ dedi Yuliy Yusupov.

XS
SM
MD
LG