Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:43

Tojikiston hukumati So‘g‘ddagi qadimiy zardushtiylar ibodatxonasini qayta tiklamoqchi


Zardushtiylar ibodatxonasi bo‘lgan Qal’ai Mug‘ (suratda) Sug‘d viloyatining Istaravshan shahrida joylashgan.
Zardushtiylar ibodatxonasi bo‘lgan Qal’ai Mug‘ (suratda) Sug‘d viloyatining Istaravshan shahrida joylashgan.

Zardushtiylar ibodatxonasi bo‘lgan Qal’ai Mug‘ Sug‘d viloyatining Istaravshan shahrida joylashgan. Tarixiy manbalarga kӯra, bu ibodtaxona 2500 yil oldin Eron imperatori Kurushi Kabir tomonidan qurilgan.

Tojikiston Tarix instituti mas’ul xodimi, doktor Yusufshoh Ya’qubovning 22 may kuni Ozodlikka aytishicha, 1500 yil davomida ushbu ibodatxonada olov yonib turgan va faqat 8- asrda Qal’ai Mug‘ arab askarlari tomonidan buzilib tashlangan.

Doktor Ya’qubovning ta’kidlashicha, zardushtiylar ibodatxonasini tiklash mamlakat hududidagi qadimiy obidalarni qaytadan qurib, tarixiy maskanlarni ilgarui holiga qaytarishga qaratilgan urinishning bir qismidir.

- Mazkur amal zardushtiylikka qaytishni anglatmaydi. Biz xalqimizning tarixiy va qadimiy obidalarini tiklashga harakat qilayapmiz. Qal’i Mug‘ kompleks bir maskan hisoblanadi. Zardushtiy ibodatxonasi bilan birga amfiteatr va qal’adagi boshqa binolarni ham tiklash rejalashtirilgan, - dedi Yusufshoh Ya’qubov.

Istaravshan shahar rasmiylariga ko‘ra, joriy yilda qayta tiklash ishlari uchun davlat byudjetidan taxminan 9 million somoniy yoki 1 million AQSh dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, mazkur mablag‘ yetarli bo‘lmagani uchun Qal’ai Mug‘ni tiklash jarayoniga tadbirkorlarni ham jalb etish rejalashtirilgan.

Qal’ai Mug‘ dengiz sathidan 1040 metr balandlikda joylashgan. Qal’a devorlarining uzunligi 600 metrni va umumiy maydoni 7 gektarni tashkil etadi.

Ilk marta 1933 yili Qal’ai Mug‘da mashhur sovet sharqshunosi Aleksandr Freyman tomonidan arxeologik qazishmalar o‘tkazilib, bu mintaqada 100dan ortiq qadimiy hujjatlar topilgan.

Ushbu hujjatlarning 74tasi qadimiy sug‘d tilida, boshqalari arab, qadimiy turk va xitoy tillarida yozilgan.

Oxirgi yillarda Tojikiston hukumati Qal’ai Mug‘ devorlarini tiklash uchun 26 million somoniy yoki qariyb 3 million AQSh dollari sarflagan.

Tiklash planiga muvofiq, Qal’ai Mug‘da 5100 kishiga mo‘ljallangan amfiteatr, milliy kosiblar uchun 160 rasta qurilishi ko‘zda tutilgan.

Hozir qayta tiklash ishlari uchun 160 quruvchi va hunarmand jalb etilgan.

Diniy masalalar bo‘yicha tahlilchi Faridun Hodizodaning Ozodlikka aytishicha, Eron va Hindistonga qaraganda Tojikistonda o‘zini zardushtiy hisoblaydiganlar soni juda oz.

-O‘tgan yil Eronga borib, zardushtiylar ibodatxonasini ziyorat qildim. 2500 yildan shu kungacha u yerda olov yoqilib turibdi. Islomiy davlat bo‘lishiga qaramay, xohlagan kishi zardushtiylar ibodatxonasini ziyorat qila oladi, - deb aytdi Faridun Hodizoda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Tojikiston jamiyati konservativ bo‘lib, zardushtiy aqidalarini qabul qilmaydi.

Shu bois, o‘nlab tojikistonlik zardushtiylar o‘z e’tiqodini yashirib yashashga majburdir.

Ayni damda, janubiy Tojikistondagi Shamsiddin Shohin tumanida yashaydigan 86 yashar Odinashoh Qurbonov u va uning oila a’zolari zardusht diniga oshkor tarzda sig‘inishlarini aytgan.

U o‘tgan yil Ozodlik bilan suhbatda zardusht dinini qabul qilishi tasodif bo‘lmay, uning ota-buvalari ham zardushtiy bo‘lganini aytgandi.

-Zardusht dinining asoslari - bu ilm. Uni o‘rganib, g‘oyalari ma’nisini bilib, so‘ngra qabul qilganman. Zardusht diniga kishi ko‘r-ko‘rona kira olmaydi, - dedi Odinashoh Qurbonov.

Qurbonovga ko‘ra, qishloq ahli uni islom diniga qaytarishga urinib, hatto katta pul ham va’da qilishgan.

Ammo u o‘z dinidan qaytish niyatida emas.

Tojikiston qonunchiligida har fuqaroga o‘zi istagan dinga sig‘inish haqqi berilgan.

Mamlakatda islom bilan birga nasroniy, pravoslav, yahudiy dinlar a’zolari yashaydi.

XS
SM
MD
LG