Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:19

Bir oylik harbiy xizmatga chaqirilganlar nega davlatga pul to‘lashi kerakligini tushunmayapti


O‘zbekiston armiyasida Muddatli harbiy xizmatdan (MHX) tashqari Safarbarlik chaqiruv rezervidagi (SChR) xizmat turi ham mavjud.

SChRga xizmatga chaqirilganlar bir oylik harbiy yig‘inda bo‘lish bilan birga davlatga 3 444 800 so‘m to‘lashi lozim.

SChRga chaqirilganlardan ba’zilari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga navbatdagi chaqiruv o‘tkazilgan fevral-martdan buyon o‘tgan vaqt ichida Ozodlikka qilingan murojaatlarida, to‘lov miqdorining kattaligidan shikoyat qilgan bo‘lsa, ba’zilari nega davlatga pul to‘lashi kerakligini tushunmayotganini aytgan.

SChR xizmati O‘zbekistonning qo‘shnisi Qirg‘izistonda ham mavjudki, bu mamlakat Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi harbiy xizmat uchun chaqiriluvchidan pul olishning "o‘z mantig‘i borligini" aytdi.

SChRga chaqirilganlar nima dedi?

Qoraqalpog‘istonlik 27 yashar Nizomiddin joriy yil martida SChR safida bir oy xizmat qilib qaytdi.

“Yig‘ib qo‘ygan pulim bor edi. 1Bir oylik xizmatdan tashqari uch yarim million so‘mni bankka to‘lab, kvitansiyasini voenkomatga olib borib berdim”, dedi Nizomiddin 22 may kuni. Uning Ozodlikka murojaatidan maqsadi boshqa masala bilan bog‘liq ekanki, unga keyinroq to‘xtalamiz.

Ozodlikka murojaat qilgan, o‘zini toshkentlik 20 yashar Shuhrat, deb tanishtirgan yigit Rossiyada ishlab topgan pulidan 2 mln. so‘mni harbiy xizmat uchun to‘laganini, lekin “voenkomatdagilar yana 1,5 mln. so‘m talab qilayotgani”dan shikoyat qildi.

“Men nima uchun pul to‘lashim kerak o‘zi, tushunmayapman”, deb yozdi Shuhrat bundan ikki hafta muqaddam.

Qashqadaryoning Kasbi tumanida yashaydigan yana bir chaqiriluvchi U. A. Ozodlik bilan 22 may kungi suhbatda bunday dedi:

“500 ming so‘m oylik olaman, ro‘zg‘orim bor. Uyim-joyim yo‘q. 3 oy oldin meni chaqirishdi. Do‘xtirdan o‘tkazishdi. Shartnomaga qo‘l qo‘ydirishdi. “Qo‘lni qo‘yaver, o‘zimiz to‘g‘rilaymiz”, deyishdi. Yaqinda voenkomatdan xat keldi. Qarzim 1 milliondan ortib ketibdi. To‘lamasang, Majburiy ijroga o‘tkazvoramiz”, deb yozishibdi, shunday qilishga haqlari bormi?”- dedi kasbilik U.A.

"Voenkomat"ning javobi

Bu savollarni Mudofaa vazirligi rasmiylariga berishga urindik. Vazirlikdan jo‘yali bir gap chiqqmagach, viloyatlarga murojaat qildik.

Xususan, 22 may kuni Samarqand viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi mulozimi Ozodlikning “SChRga chaqiriluvchilar to‘lashga puli yo‘qligidan arz qilmoqda, shunga nima deysiz?” degan savoliga javoban bunday dedi:

“Ota-onasi bordirku?! Yordam qilishadida, to‘laydida! Axir Konstitutsiyamiz bo‘yicha xizmat qilishi kerakku?! Kasal bo‘lsa, mayli, kasal deylik. Lekin soppa-sog‘ bola bo‘lsa, ko‘chaga chiqib, hammollik qilsa ham, bir kunda 50 ming pul topadi. Agar siz aytayotgan bolalar shartnomaga qo‘l qo‘ygan bo‘lsa, tamom, pulni to‘laydi, to‘lmaslikning iloji yo‘q”,- dedi Samarqand viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi mulozimi.

Ham xizmat qilib, ham pul to‘lashning qonuniy asosi

Fuqarolarni Safarbarlik chaqiruvi rezerviga xizmatga chaqirish, shuningdek, chaqiriluvchiga pul to‘latish Vazirlar Mahkamasining 2003 yil, 22 fevraldagi 99-qarori bilan amalga oshiriladi.

Qarorda, jumladan mana bunday deyilgan: “fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda pul badallarini to‘lashi va xizmat davrida bir marta bir oylik harbiy yig‘inda xizmatni o‘tashi safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat qilish sharti hisoblanadi”.

Mirziyoev SChR to‘lovini bu yil kamaytirdi

Tilga olingan qaror qabul qilingunicha, SChR xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan pul badali eng kam oylik ish haqining 27,5 barobarini (joriy yil fevralida 4 736 600 so‘m) tashkil etardi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yilning 2 fevraldagi farmoniga muvofiq, SChR xizmatiga qabul qilingan fuqarolar to‘laydigan pul badali 5 fevraldan boshlab eng kam oylik ish haqining 20 barobari (3 fevral holatiga ko‘ra, 3 444 800 so‘m) etib belgilangan. Bu haqda o‘z vaqtida Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qilgan edi.

Qirg‘izistonda ham bor SChRga o‘xshash harbiy xizmat turi

Ma’lum bo‘lishicha, harbiy xizmatga chaqiriluvchidan pul olish amaliyoti O‘zbekistonning ba’zi qo‘shnilarida ham mavjud. Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, davlat va jamoat arbobi To‘qtag‘ul Kakchekeevning 22 may kuni Ozodlikka aytishicha, uning mamlakatida ham harbiy xizmatning O‘zbekistondagiday shakli mavjud.

“Bizda harbiy xizmatning bu shakli Tezlatilgan xizmat, deb ataladi. 3 oy davom etadigan bunday xizmat davomida askarlar harbiy ta’lim va amaliyotning asoslarini o‘zlashtiradi”, dedi To‘qtag‘ul Kakchekeev. Uning aytishicha, Tezlatilgan xizmatga chaqirilgan qirg‘izistonliklar, davlatga 50 ming qirg‘iz so‘mi (taqriban 700 AQSh dollari) ham to‘laydi.

“Bu pul askarning kiyimi, oziq-ovqati, yashash joyi va o‘q-dorisiga sarflanadi”, dedi To‘qtag‘ul Kakchekeev.

Qirg‘izistonlik arbobning aytishicha, bu mamlakat armiyasi shaxsiy tarkibining 70 foizini kontrakt asosida xizmat qiluvchilar tashkil qiladi. Qolgan 30 foizning yarmi muddatli xizmatga chaqirilganlar, yarmi esa, 3 oylik xizmatga chaqiriladiganlardir.

Ozodlikning “Bizga shikoyat qilayotganlar nima uchun biz davlatga pul to‘lashimiz kerak, deb xayron bo‘layapti. Qirg‘izistonda ham bordir, shunday savol berguvchilar. Bas, shunday ekan, bunday “harbiy soliq”ning mantig‘i qaerda?” degan savoliga Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi To‘qtag‘ul Kakchekeev bunday javob berdi:

“Konstitutsiyada vatanni himoya qilish fuqaroning burchi ekanligi yozib qo‘yilgan. Xo‘sh, bu talabni qanday amalga oshiramiz? Masalan, bizning armiyamiz taxminan 20 ming kishilik. Rezervdagilar soni esa, taqriban 4 marta ko‘p. Demak, xizmat qilishni istaydiganlar ko‘p. Bunday sharoitda, tabiiyki, hammaniyam muddatli xizmatga chaqira olmaymiz. Shunday vaziyatda 3 oy xizmat qilib, 50 ming so‘m to‘lab qo‘yish bilan yosh yigit harbiy bilet oladi, ya’ni harbiy xizmatni o‘tagan, deb hisoblanadi. Davlat idoralariga esa, harbiy xizmatni o‘taganlargina qabul qilinadi. O‘zbekistonda ham shunday bo‘lsa kerak. Demak, bu erda fuqaro bilan davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli shartnoma bo‘layapti, deyish mumkin”, dedi To‘qtag‘ul Kakchekeev.

Chindan ham, qirg‘izistonlik arbob aytgan gapni O‘zbekistonga nisbatan ham aytish mumkin. O‘zbekistonda ham harbiy xizmat o‘taganlar qator imtiyozlardan foydalanadi, ularning davlat idoralariga, huquq-tartibot va kuch ishlatar idoralarga ishga kirishi oson.

Qoraqalpog‘istonlik nimadan shikoyat qilgan edi?

Maqolamiz qahramonlaridan biri, joriy oy martida SChR safida 1 oy xizmat qilib qaytgan, davlatga 3 444 800 so‘mni to‘lab qo‘ygan qoraqalpog‘istonlik 27 yashar Nizomiddin ko‘p narsaga umid qilganini, inkassator bo‘lib ishga kirishga umid qilganini aytdi. Lekin uni bu ishga qabul qilishmabdi.

To‘g‘ri, Nizomiddinning inkassatorlikka kirishi uchun harbiy bilet yetarli emasdir. “Lekin boshqa ishgayam olishmayabdi. Hamma joyda gapni stajingiz bormi?”, degan savoldan boshlashayapti, dedi Nizomiddin.

Xos fikr

Maqolani tayyorlash jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda Iskandar Makedonskiy degan taxallus bilan tanilgan, Rossiyada yashayotgan o‘zbekistonlik blogerdan fikr so‘radik.

"Harbiy xizmatning bunday turiga mutlaqo qarshiman. Birinchidan, bunday xizmatdan ma’no yo‘q. Chunki 1 oyning ichida askar bir narsa o‘rganish u yoqda tursin, askar bo‘lganiniyam his qilishga ulgurmaydi. Ikkinchidan bunday xizmatga. asosan, boylarning bolalari boradi. 3 million so‘m o‘rtacha oila uchun kattagina pul. Mantiq oddiygina – busiz ham kambag‘al xalq hisobidan davlat byudjetini to‘ldirish xolos, deb yozdi bloger Iskandar Makedonskiy.

XS
SM
MD
LG