Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 07:57

Andijon hokimi fermerlarni olmagan solyarkasiga pul to‘lashga majburlamoqda


Fermerlarga imzo chekish uchun berilgan "yuk xati"
Fermerlarga imzo chekish uchun berilgan "yuk xati"

Andijon viloyati Andijon tumani hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan fermerlar o‘zlari olmagan solyarka (dizel yonilg‘isi) ning “yuk xati”ga imzo qo‘yib berishga majburlanmoqda. Bu haqda Ozodlikka arz qilgan fermerlarga ko‘ra, tuman hokimi prezident Shavkat Mirziyoev Andijonga borganda o‘tishi kutilayotgan magistral yo‘l va uning atrofini obodonlashtirish jarayonida ishlatilgan 10 tonna solyarka xarajatini fermerlarga bo‘lib tashlagan. Hokimlik rasmiylari bu shikoyatlarga oid Ozodlik savoliga javob berishni istamadi.

Андижон тумани ҳокими ободонлаштиришга сарфланган соляркани фермерлар бўйнига юклади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00
Бевосита линк

Andijon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov¸ olmagan yonilg‘isi uchun haq to‘lashga rozi bo‘lmagan fermerlarga solyarka berishni to‘xtatib qo‘ygan.

“Hokim obodonlashtirish ishlariga 10 tonna solyarkani neftebazadan olib ishlatib yuborgan ekan. Endi o‘sha solyarkani har bir fermerga yerining katta-kichikligiga qarab¸ 60-70 litrdan qilib sochib tashladi. Bir litr solyarka narxi 4600 so‘m bo‘lsa, 70 litri 323 ming so‘m bo‘ladi. Toki biz neftebaza vakili olib kelgan “yuk xati”ga imzo qo‘ymasak, bizga boshqa solyarka berilmas ekan”, degan fermer Ozodlikka fermerlar nomiga 26-27 aprel kunlari yozilgan “yuk xatlari”ning nusxasini yubordi.

Fermerga imzo qo‘yish uchun berilgan yuk xati
Fermerga imzo qo‘yish uchun berilgan yuk xati

​Suhbatdosh¸ fermerlarga imzo qo‘yish uchun berilgan “yuk xati”dan uning fermerga tegishli emasligini anglash mumkinligini iddao qildi.

“Bu “yuk xat”lariga e’tibor bering. Birovga 52 litr yozilgan, birovga 62 litr yozilgan. Fermer hech qachon bunday hajmda solyarka olmaydi. Fermer olsa, 50, 100 yoki 150, ya’ni oxiri 0 bilan tugaydigan solyarka oladi. Hokim har bir fermerning paxta maydoniga qarab, sochib yuborgan. Ya’ni bir gektar paxtaga 2-3 litrdan qilib", deydi fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa andijonlik fermerning aytishicha, solyarka berilmayotgani sabab, dala ishlari to‘xtab qolgan.

“Bizga 26 apreldan buyon solyarka berilmayapti. Chigitlar unib chiqqan, kulьtivatsiya qilish kerak. Traktor qiladigan boshqa ishlar bor. Lekin to shu “yuk xati”ga imzo qo‘ymasak, neftebaza bizga solyarka bermayapti. O‘sha yerda ishlaydiganlarning aytishicha, hokim o‘sha 10 tonna solyarkani fermerlardan undirib olish haqida og‘zaki buyruq bergan. Axir, obodonlashtirish ishlariga hukumat o‘zi pul ajratadiku, nega buni fermerlar bo‘yniga qo‘yayotganiga hayronman”, deydi fermer.

Fermerlarga imzo chekish uchun berilgan "yuk xati"
Fermerlarga imzo chekish uchun berilgan "yuk xati"

​Andijon neft bazasining Zuhriddin ismli mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, fermerlarning bu iddaolarini inkor qildi.

“Bundan xabarim yo‘q. Endi eshityapman. Mayli, tekshiramiz va javobini aytamiz”, dedi neft bazasi mulozimi.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan Andijon neft bazasining boshqa mulozimi bu ishlardan xabari borligini aytdi.

“Bu bo‘lgan ish. Andijon aeroportiga ketish yo‘lini obodonlashtirishga ishlatilgan bu solyarka. Hokim solyarkani beraver, o‘rnini keyin to‘ldirib beraman, degan. Andijon tumanidagi 8-yonilg‘i quyish shoxobchasi orqali chiqarilgan bu solyarka. Unda Tillo degan bir yigit ishlardi. U hujjatsiz solyarka chiqarmayman, degan. Keyin uni ishdan olib tashlab, boshqa odamni qo‘yishdi. Endi esa kamomadning joyini to‘ldirish uchun fermerlarga 10 tonnani sochib tashladi. Bu haqda hujjatlar bor”, dedi neft bazasining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning mobil telefoni o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Isroilov Ozodlik muxbirining fermerlar iddaolari haqidagi savolini eshitib bo‘lganidan so‘ng, “selektor boshlanayapti, men majlisga kirayapman, keyin o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman” deb¸ aloqani uzib qo‘ydi.

Andijon viloyat, Andijon tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov fermerlar bilan joriy yilning 25 yanvarida o‘tkazilgan yig‘ilishda chigit ekishda qo‘llaniladigan “plyonkaga” pul o‘tkazmagani uchun fermerlarni "gadoy, hayvon, iflos, maraz" deb haqorat qilgan edi.

Fevral oyida esa ayni hokim barcha fermerlardan yerlarini davlat zaxirasiga topshirish haqida majburiy tarzda ariza yozdirib olgan va bu fermerlarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG