Samarqand shahrining Galaosiyo mahallasida yashagan 3 yashar qizaloq va uning 4 yashar akasi 21 aprel kuni hovlisidan oqib o‘tadigan kanalga cho‘kib ketdi.
Voqea guvohlarining aytishicha, suvga tushib ketgan singlisini qutqarishga uringan akasi ham kanalga tushib ketgan. Qo‘shnilar kanal qirg‘og‘i bolalar o‘ta olmaydigan qilib ihotalanmaganini aytmoqda.
Samarqand shahridagi Galaosiyo mahallasidan oqib o‘tadigan Siyob kanaliga shu mahallada yashaydigan aka-singilning 21 aprel kuni cho‘kib ketgani haqida shu oilani yaxshi biladigan galaosiyoliklardan biri xabar berdi:
“Bu bolachalar mahallamizdagi hurmatli Rofe aka degan insonning nevaralari edi. Siyob kanali bularning hovlisining ichidan o‘tadida. Shanba kuni kechqurun soat oltilardan keyin hovlida o‘ynab yurgan bolalar kanalga tushib ketgan. Taxmin qilishlaricha, singlisi kanalga tushib ketganidan so‘ng, to‘rt yashar akasi uni qutqarishga harakat qilgan, lekin o‘zi ham suvga tushib ketgan. Bolalarning hovlida ko‘rinmay qolganidan xavotir olgan yaqinlari darhol izlashga tushishgan va bir soat orasida ularni kanalning pastidan topishgan. Lekin, afsuski, ikkovi ham o‘lib qolgan ekan”, deydi galaosiyoliklardan biri.
Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi va bu hodisa baxstsiz hodisa sifatida qayd qilinganini aytdi.
Galaosiyo mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan birining aytishicha, mahalla o‘rtasidan oqib o‘tadigan Siyob kanali haqiqatan ham yosh bolalar uchun ancha xavfli:
“O‘zi unchalik katta kanal emas, ariqdan kattaroq. Lekin qirg‘oqlari to‘silmagan. Kanal ba’zilarning hovlisining ichidan, ba’zilarnikini tashqarisidan oqadi. Ba’zi ehtiyotkor odamlar bola o‘tolmaydigan qilib to‘sib qo‘ygan, lekin ko‘pchilik ochiq qoldirgan. Shuning uchun ham doim bolalarni ehtiyot qilinglar, to‘rt metr sim bilan bo‘lsada to‘sib qo‘yinglar, deb aytib kelamiz”, dedi mahalla faoli.
O‘zbekistonda ota-onalar yoki kattalarning e’tiborsizligi sabab bolalarning nobud bo‘lishi haqida Ozodlik so‘nggi uch oy ichida to‘rtinchi marta xabar beryapti.
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida 7 mart kuni yo‘qolgan 2 yoshli Muhammadsodiq No‘monjonovning jasadi yo‘qolganidan 5 kun o‘tib uyi oldidan o‘tuvchi ariqdan topilgan edi.
Fevral oyida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 5 yashar Kibriyoxon ismli qizcha o‘g‘irlangan, keyinchalik uning jonsiz jasadi u boradigan bog‘chadan 8 kilometr naridagi Oqbo‘yra qishlog‘idan topilgan edi.
21 yanvar kuni suvga cho‘kayotgan sinfdosh do‘stini qutqargan 10 yoshli Abdulla Ro‘ziboevning o‘zi cho‘kib ketgan edi. Fojia Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qora-qamish 2/5 dahasidan oqib o‘tuvchi kanalda ro‘y bergan edi. Bolaning jonsiz jasadi ikki kun o‘tib cho‘kkan joyidan 1 kilometr olisdan topildi.