Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tuman hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Habib Azizov 12 aprel kuni tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi Faxriddin Qurbonovni urib, burnini sindirdi. Faxriddin Qurbonovning Ozodlikka aytishicha, bu holatni tuman prokurori ham jimgina kuzatib turgan. Tuman hokimi o‘rinbosari Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zini olib qochdi.
G‘uzor tuman hokimining o‘rinbosari Habib Azizov 12 aprel kuni Batosh qishlog‘idagi dalada Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi yer tuzuvchisi Faxriddin Qurbonovni kaltaklagani to‘g‘risida Ozodlikka uning (Faxriddinning) o‘zi xabar qildi.
Faxriddin Qurbonovning aytishicha, bu voqeaga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan:
- 12 aprel kuni ertalab soat 9 larda hokimning qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Habib Azizov boshchiligidagi guruh Batosh qishlog‘iga bordik. Bu guruhda tuman prokurori, mening boshlig‘im, viloyatdan kelgan mutaxassis, MTP raisi, suv xo‘jaligi raisi - jami olti kishi bor edi. Fermerlarning yerlarini ko‘rdik, bir yer bo‘yicha masala bo‘lib qoldi. Hokim o‘rinbosari Habib Azizov “bu kimning yeri, qarori bormi”, deb so‘radi. Men, hozir qo‘limda yo‘q, kerak bo‘lsa ertaga topib olib boraman, dedim,- deydi Faxriddin Qurbonov.
Uning aytishicha, shundan so‘ng Habib Azizov hech narsa demasdan unga musht tushirgan:
- Men uni so‘kkanim yo‘q, bir yomon gap gapirganim yo‘q. Birdaniga kelib yuzimga musht tushirdi. Shunday qattiq urdiki, ko‘zim tinib yiqildim. Burnimdan shirillab qon oqa boshladi. O‘rnimdan ko‘tarib turg‘izishdi, meni nega urasiz, deb so‘radim. Indamay ketib yubordi, deydi Faxriddin Qurbonov.
Ismi sir qolishini so‘ragan, bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan mulozimlardan birining aytishicha, bunga tuman prokurori ham guvoh bo‘lgan, lekin zo‘ravon hokim o‘rinbosariga u hech narsa demagan:
- Uch-to‘rt kun bo‘ldi, bizga Sanjar Nurmatov degan prokuror kelgan. U ham shu voqeani o‘zi ko‘rdi, qonun buzilishiga guvoh bo‘ldi. Lekin bir og‘iz ham indamadi,- deydi voqea guvohlaridan biri.
Faxriddin Qurbonovning aytishicha, u shundan so‘ng, tuman kasalxonasiga borgan va birinchi muolajani olib uyiga ketgan, ammo, kechasi bilan og‘riq kuchaygandan so‘ng 13 aprel kuni ertalab, tuman prokuraturasiga hokim o‘rinbosari ustidan shikoyat arizasi bergan:
- Tuman prokuraturasi menga ekspertizadan o‘tib kelish haqida yo‘llanma berdi. Bugun Qarshiga borib, burnimni tomografiya qildim. Burnim suyagi sinib, yorilib ketgan ekan. Hozir xulosani olib keldim, ertaga prokuraturaga topshiraman, - deydi Faxriddin Qurbonov.
Ozodlik tuman hokimining o‘rinbosari Habib Azizov bilan bog‘landi. “Nima sababdan Faxriddin Qurbonovni urdingiz”, degan Ozodlik savoliga hokim o‘rinbosari “kim aytdi?”, deb so‘radi. Ozodlikning “jabrlanuvchi aytdi” degan javobidan so‘ng, Habib Azizov aloqani uzdi va boshqa qilgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
G‘uzor tuman prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, barcha savollarga faqat yozma javob berishini aytdi.
O‘zbekistonda hokim va boshqa mansabdor shaxslarning qo‘l ostidagi rahbar va xodimlarni kaltaklash holatlari uchrab turadi.
Joriy yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoev prezident Mirziyovning Buxoro viloyatiga safari oldidan bino ta’mirini to‘liq tugatolmagan madrasa direktorini onasidan haqorat qildi, ustaboshinining qorniga musht tushirgan edi.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimi Asror Jo‘raev 2016 yilning 19 oktabr kuni ertalab 8-maktabning ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 36 yashar Shuhrat Shoymardonovni fermerlarning oldida do‘pposlagan edi.