Qo‘qon davlat musiqali drama teatrining aktyorlari prezident topshirig‘i bilan ularga qurib berilgan arzon uyning oylik to‘lovi ularning maoshidan 2,5 baravar ko‘p ekanligidan Ozodlikka shikoyat qildi. Yashab turgan uyini sotib, boshlang‘ich badalga to‘lagan san’atkorlarning aytishlaricha, Qo‘qon shahar hokimligi ularga o‘ta qimmat ipoteka shartnomasiga imzolash yoki uylarni bo‘shatib qo‘yishni talab qilmoqda. Bu ish uchun mas’ul hokimlik mulozimi Ozodlik savollariga javob berishdan qochdi.
Aktyor cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmagan uy
O‘zbekiston prezidenti 2017 yilning iyun oyida teatr jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuvda, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘anievga san’atkorlarning samarali ijod qilishi uchun teatr binosi yaqinidan yetti qavatli turar joy qurib berish topshirig‘ini bergan edi.
2017 yilning oxirida qurilish bitkazildi va prezident kelib ko‘rish ehtimoli bo‘lgan yangi binoga shoshilinch tarzda teatr aktyorlarining 4 oilasi ko‘chirib o‘tkazildi.
Ayni o‘sha paytda yangi uyga ko‘chib kirgan, teatrda qariyb 40 yildan buyon ishlab kelayotgan aktyor, 63 yashar Zokirjon Mamajonovning Ozodlikka aytishicha, u shoshilinch tarzda eski uyini arzonga sotib, yangi uyning boshlang‘ich badalini to‘lagan:
- Ilgari teatrning yaqinida hovlim bor edi. Karimov paytida yo‘lni kengaytiramiz deb buzishdi va vokzal yaqinidagi bir yotoqxonani berishdi. Boshqa ilojimiz yo‘q, uy qilib oldik. Mana endi bu prezidentimizning sovg‘asidan quvonib, o‘tgan yili eski uyni darhol arzon narxga bo‘lsa ham sotib, 43 million so‘m birinchi to‘lovni qildim. Keyin dekabr oyida telefon qilishib, tezda ko‘chib keling, prezident kelib ko‘rishi mumkin, deyishdi, - deydi Zokirjon Mamajonov.
"Hamma san’atkor yangi uyli bo‘ldi deb, prezidentni aldashdi"
Zokirjon Mamajonovning aytishicha, o‘sha paytda bor-yo‘g‘i to‘rt san’atkor oilasi ko‘chib o‘tgan, lekin 36 nafar san’atkor prezident topshirig‘i bilan qurilgan uyga ko‘chib o‘tdi, deb hisobot berilgan:
- Prezident kelmadi, lekin televidenieda 36ta xonadon ko‘chib o‘tdi, deb aytishdi. Vaholanki, boshlang‘ich to‘lov qilgan to‘rt oila ko‘chib o‘tgan edi, qolgan uylar hali bitmagan ham edi. Hozir o‘sha birinchi to‘lov qilgan 4-5 oila yashayapti, boshqa hech kim olmayapti, deydi teatr artisti.
Zokirjon Mamajonovning aytishicha, 3 xonali uyning narxi 170 million so‘m qilib belgilangani uchun u boshlang‘ich badal to‘lashdan avval, bu qiymatni to‘lay olish ehtimoli bor-yo‘qligi haqida bank vakilidan so‘ragan:
- Bank uyning narxi 170 million so‘m, boshlang‘ichi 43 million to‘laysiz, dedi. Men unga aytdim, ukajon men eski uyimni sotib to‘lov qilyapman, qiynalib qolmaymanmi, dedim. Yo‘q, aka, to‘layvering, bu “dom aktyor”, prezidentimiz aytganku, sizlarga arzon kredit qilib beradi, dedi. Endi, teatrda ishlab topayotgan oyligimga qarab qilib bersa, men qiynalmayman, dedimda, deydi aktyor.
Ammo, Zokirjon Mamajonov o‘z amalidan keyinchalik pushaymon bo‘lganini aytadi:
- Uch oydan so‘ng, bankdan va hokimlikdan kelishib, endi oyiga 3 million so‘mdan oylik badal to‘laysiz, dedi. Bank avval 18 foiz va o‘n yilga ipoteka bergan edi. Hamma dod devordi, portalga yozdik, prezidentga yozdik. Axiyri 20 yilga ipoteka va foizini 14ga tushirishdi. Men endi har oy 2 million so‘m to‘lashim kerak ekan. Men aytyapman, mayli o‘sha 900 ming so‘m maoshimni hammasini ol, biz xotinimning 350 ming so‘m pensiyasiga bir balo qilib yashaymiz, desam yo‘q, to‘lasang to‘la, to‘lamasang uyni bo‘shat deb aytyapti, - deydi Zokirjon Mamajonov.
"Hokimlik uyni bo‘shat, puldorlarga sotamiz, deyapti"
Ozodlik suhbatlashgan teatrning boshqa aktyori, 60 yashar Rahmonjon Po‘latov ham prezidentning aktyorlarga g‘amxo‘rlik qilib, ular uchun qurdirgan uyning narxini to‘lash imkonsiz ekanligini aytadi:
- Men 900 ming so‘m maosh olsam, xotinim 200 ming so‘m pensiya olsa, qanday qilib ikki million so‘mni to‘laymiz? Aktyor endi dalaga chiqib dehqonchilik qilsinmi, qaroqchilik qilsinmi, nima qilsin? Prezident o‘tgan yili kelganida men yuzma-yuz gaplashganman. O‘shanda atrofida sakkiztasi qo‘lida qalam ushlab yozib turibdi.Prezident “hokim, bularga mana shu teatrning yonidan 7 etaj uy qurib ber, 17-20 yilga imtiyozli kredit qilib ber. Toki bular faqat ijod qilsin, piyoda kelib-ketsin, avtobusga ham pul sarf qilmasin”, degan edi, - deydi Rahmonjon Po‘latov.
Ammo, uning gapiga ilova qilishicha, ayni paytda Qo‘qon shahar hokimligi ularga bosim o‘tkazmoqda.
- Lekin, endi boshimiz qotib qoldi. Qo‘qon shahar hokimining Hayotxon degan bir vakili kelib, to‘langlar, bo‘lmasa, bo‘shatinglar. Puli borga sotamiz, pulingiz bo‘lmasa nega oldingiz, deyapti. Uning nima haqqi bor, teatr artistlari uchun qurilgan uyni puldorga sotaman, deyishga, - deydi qirq yillik tajribaga ega teatr aktyori.
"Yosh aktyorlarning ham hafsalasi pir bo‘ldi"
Teatrning yosh aktrisalaridan biri Mavludaxon Dehqonova ham prezident yoshlarning barakali ijod qilishlari uchun ularga yaratilgan imkoniyat, rasmiylar tomonidan suiiste’mol qilinayotganini aytadi:
- Prezidentimiz bizga eng kam foiz bilan deb, aytishgandi. Mening oyligim 700 ming so‘m. Ikki xonali uy olmoqchiman, 140 million so‘m ekan, boshlang‘ich to‘lovi 33 million so‘m. Menga oyiga bir yarim million so‘mdan tushyapti. Men ikki baravar ko‘p oylik olsam ham etmaydiku bunga. Bankning foizi baland bo‘lganligi uchun bizga qimmatga tushyapti. Men agar bu uyni oladigan bo‘lsam, ijodni o‘ylamasligimga, boshqa bir yerdan daromad izlashimga to‘g‘ri keladi. Prezidentimiz esa, aksincha, yoshlar qiynalmasin, o‘zini ijodga bag‘ishlasin deyapti. Bizda tumanlardan keladigan ko‘p yosh aktyorlar bor. Ular ham shu uydan olmoqchi edi, endi esa tarvuzlari qo‘ltig‘idan tushib, hafsalasi pir bo‘lib o‘tiribdi, - dedi Mavludaxon Dehqonova.
O‘zbekiston Sanoat-qurilish Bankining Qo‘qon bo‘limi mulozimi Muhammadsolih Hakimovning Ozodlikka aytishicha, ular teatr artislari uchun qurilgan uyning ipotekasi foizini Markaziy Bank stavkasi bo‘yicha qo‘yishgan:
- 14 foiz Markaziy bankning stavkasi bo‘yicha past foiz hisoblanadi. 20 yil muddatga bo‘lyapti, aytganimizda o‘zlari rozi bo‘lishgan edi. Shartnomalarni qilganmiz, endi uyni oldi-sotdi qilamiz. Masalan uch xonali uyning narxi 169 million so‘m. Olti oy imtiyozli qilganmiz, 1 million 500 ming so‘mdan tushyapti. Olti oydan keyin 2 million 53 ming so‘mdan bo‘ladi. Biz o‘zimizning tartib-qoidalar bilan ishlayapmiz, - dedi bank mulozimi.
Teatr artistlaridan uyning pulini to‘lashni yoki bo‘shatishini talab qilayotgan Qo‘qon shahar hokimligining mulozimi Hayotxon Imomnazarova Ozodlik bilan suhbatda, artistlarning iddaolarini eshitganidan so‘ng, telefonini o‘chirib qo‘ydi va u bilan boshqa bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.
Ozodlik suhbatlashgan teatr artistlari prezidentning topshirig‘i bilan qurilgan uyni sotib olish ular ishlab topayotgan maoshga solishtirganda umuman imkonsiz ekanligini aytmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 31 may kuni imzolagan “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan maxsus Dastur qabul qilingan edi.
Mirziyoev Qo‘qon davlat musiqa drama teatri artistlari bilan 2017 yilning iyun oyida bo‘lgan uchrashuvida "xalq uchun ishlayotgan" aktyorlarga teatr yonidan ko‘p qavatli arzon uy qurib berishni va’da qilgan edi.
Prezidentning ishonishicha, aktyorlarning ish joyi "ma’naviyat o‘chog‘iga aylanishi" uchun uyiga yaqin joyda bo‘lishi kerak.