Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi Navbahor mahallasida istiqomat qilgan 56 yashar otani o‘z farzandi ketmon bilan chopib o‘ldirdi. Voqea guvohlarining aytishicha, dalada kartoshka chopayotgan ota-bola o‘rtasida janjal chiqqan va o‘g‘il ketmon bilan otasining boshini chopib tashlagan. Qotillikda gumonlangan o‘g‘il qochib ketgan. Yozyovon tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi bu voqea bo‘lganini tasdiqladi.
Fojia 10 aprel kuni tushga yaqin sodir bo‘lgan.
Marhumning qo‘shnilaridan birining Ozodlikka aytishicha, boshidan qattiq jarohat olgan 56 yashar Dadajon Qo‘chqorov kasalxonada vafot etgan:
“Ota-bola 10 aprel kuni tomorqasidagi kartoshkani chopishga chiqqan. O‘sha yerda ikkisining o‘rtasida qandaydir janjal chiqqan. O‘ttiz yoshlardagi o‘g‘il (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum – tahr.) otasi boshining orqasiga ketmon bilan shunday qattiq urganki, ketmon tekkan joy o‘yilib ketgan. Qotil o‘g‘il voqea joyidan qochib ketgan. Hozir uni izlashyapti. Dadajon aka kasalxonada o‘ziga kelmay jon bergan. Bugun janozasi bo‘ldi”, dedi marhumning mahalladoshlaridan biri.
Yozyovon tuman ichki ishlar bo‘limining navbatchisi Ozodlikka bu voqea bo‘lganini tasdiqladi, lekin voqea tafsilotlarini ochiqlamadi.
Ichki ishlar mulozimi, shuningdek, qotillikda gumonlanayotgan o‘g‘ilning hibsga olinganmi-yo‘qligi haqidagi savolga ham javob bermadi.
Tarkibiga Navbahor mahallasi kiruvchi Guliston mahalla fuqarolar yig‘inining ismi sir qolishini so‘ragan faolining Ozodlikka aytishicha, marhum juda qattiqqo‘l odam bo‘lib, o‘g‘lini doim kaltaklab kelgan:
“Endi biz shu mahalladamiz, hammasini ko‘rib turibmiz. Dadajon akaning bir o‘g‘li, ikki qizi bor. Qizlari Rossiyada ishlaydi. O‘g‘lini bolaligidan ko‘p urardi, hatto bu kaltaklardan bola salgina hardamxayol bo‘lib qolgan edi”,- dedi mahalla faollaridan biri.
Yozyovon tuman ichki ishlar bo‘limidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, bu voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-(Qasddan odam o‘ldirish) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekistonda maishiy muammolar sabab, yaqin qarindoshlarning bir-birini o‘ldirish holatlari uchrab turishi haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 35 yoshli erkak 22 mart kuni 2-guruh nogironi bo‘lgan 57 yoshli otasini bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Joriy yilning 26 mart kuni Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 35 yashar aka 33 yoshlik tug‘ishgan ukasini pichoqlab o‘ldirgan edi.
14-mart kuni Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanida uka uy ustida talashib akasi va yangasini bolta bilan chopib o‘ldirgan edi.