Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 10:59

Andijondagi 9-sinf o‘quvchisi o‘limida 6 kishi so‘roq qilinyapti


7 aprelda Andijon shahridagi 29-maktabning 9-sinf o‘quvchisi 10-maktabda o‘qiydigan tengdoshi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgandan keyin, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qotillikda gumonlangan o‘quvchi hibsga olingan. Marhum o‘quvchi otasining Ozodlikka aytishicha, uning o‘g‘li 10-maktabga bormagan, aksincha, maktablararo "ko‘zir"likka da’vo qilgan bola o‘rtoqlari bilan o‘g‘lini maktabidan chaqirib olib, pichoq sanchgan. Ikki maktab direktori hech qanday javobgarlikka tortilmagan.

Андижондаги 9-синф ўқувчиси ўлимида 6 киши сўроқ қилиняпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining tergovchisi Mo‘minjon Umaraliev 29-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Muhammadasror Sobirovning o‘limi yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97(qasddan odam o‘ldirish) moddasi bilan jinoyat ishi ochilganini Ozodlikka aytdi:

“Jinoyat ishi ochilgan, qotillikda gumonlangan 10-maktab o‘quvchisi Sh.A. hibsga olingan. Voqea guvohlari ko‘rsatma beryapti. Tergov siri borligi uchun bundan ortiq narsa aytolmayman”, dedi tergovchi.

Ozodlik bu voqea haqidagi avvalgi xabarida qotillik 10-maktabning hovlisida sodir bo‘lganligi haqida yozgan edi.

Maqola e’lon qilinganidan so‘ng marhum o‘quvchining otasi, 39 yashar Muhammadbobur Sobirov Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib, uning o‘g‘lini 29-maktabga yaqin joyda pichoqlanganini aytdi:

- Meni eshitishim bo‘yicha maktablarda o‘quvchilar orasida “birinchi shef”, “ikkinchi shef” degan maqom bo‘larkan. Bular maktabma-maktab kim “ko‘zir” o‘ynashgan. O‘sha kuni 1 va 10 maktabning o‘n beshtacha bolalari 29-maktabga kelgan. 1-maktabning “shef”i 10-maktabning "shef"iga men 29-maktab “shef”ini urgani ketyapman, deb Shoh degan bolani ham olib kelgan. O‘g‘lim darsda bo‘lgan. Uch marta tel qilgan chiqmagan. Keyin qo‘rqoqsan deyishgandan so‘ng, oriyat qilib o‘rtoqlari bilan chiqqan. Bizning uy o‘sha maktab yaqinida, o‘sha yerdagi bir tor ko‘chaga kirishgan. “Qaysi biring Asror?”, degan. O‘g‘lim “menman” desa, “sen shunaqa polvonmisan”, deb 10-maktabni “shef”i uning yuragiga pichoqni tiqib olganda, qochib ketgan, - deydi ota.

Muhammadbobur Sobirovning aytishicha, uning o‘g‘li hech qanday yomon xulqli bolalar ro‘yxatida ham turmagan:

- O‘g‘limni o‘sha kuni darhol yaqinimizdagi poliklinikaga olib borishgan. Lekin vrachning aytishicha, allaqachon joni uzilgan ekan. Keyin skoriy chaqirib, viloyat kasalxonasiga olib ketishgan. O‘g‘lim onasining mehriboni edi. Onasining mazasi yo‘q, faqat u o‘z vaqtida onasiga qarab, dori berib turardi. Hech qachon qandaydir ro‘yxatlarda turmagan, - dedi ota.

Uning aytishicha, o‘g‘lining o‘limida maktabning ham aybi bor:

- O‘zi aslida bularda ayb. Maktabdan, dars paytida tashqariga chiqarmaslik kerak edi. Qorovul turadiku, ko‘ryapti, tolpa bolalar kelib turibdi, kim bular, nimaga keldi, deb so‘rashi kerakku, deydi ota.

Muhammadbobur Sobirov tergovga qatnab yurgan o‘g‘lining o‘rtoqlaridan olgan ma’lumotiga tayanib,bu ish yuzasidan ochilgan jinoyat ishining 97(qasddan odam o‘ldirish) moddasini, 103(qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) moddaga o‘zgartirishga harakat bo‘layotganini iddao qildi.

Ammo, Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining tergovchisi Mo‘minjon Umaraliev bu iddaoni tasdiqlamadi.

Muhammadbobur Sobirovning Ozodlikka aytishicha, ayni paytda mazkur jinoyat ishi yuzasidan ikki tomondan olti kishi so‘roq qilinmoqda.

Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limining mudiri Muqaddas Memanova Ozodlik muxbiri bilan suhbatda, ikki maktab direktoriga hech qanday chora ko‘rilmaganini bildirdi:

“Chorani biz emas, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ko‘radi. Hozir tergov ketyapti, tugasinchi, o‘shaning natijasiga qarab bir qarorga kelamiz”, dedi Muqaddas Memanova.

Ismi sir qolishini so‘ragan Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlikka so‘nggi paytda shahar maktablarida ta’lim va tarbiya bo‘shashib ketganiga maktab rahbarlari va o‘qituvchilarning turli hasharlarga muntazam jalb qilinayotgani sabab bo‘lganini aytgan edi:

“Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev maktab rahbarlarini har kuni uch marta chaqirib, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchi chiqarish borasida majlis o‘tkazadi. Yil boshidan buyon o‘qituvchilarimizda tinim yo‘q, darslar qolib ketmoqda, tarbiyaviy ishlar bilan shug‘ullanishga umuman vaqt qolmayapti. Ko‘cha tozalash, yer chopish va gul-ko‘chatlar ekishga har kuni har bir maktabning kamida 30 foiz o‘qituvchisi chiqariladi. Bunday holatda qanday tarbiya haqida gap bo‘lishi mumkin. Ko‘cha supirayotgan o‘qituvchining o‘zi o‘quvchi oldida obro‘siz bir shaxsga aylanib qoldi. Hech kim bu narsa haqida lom-mim deyolmaydi. Gapirsa shahar hokimi tvardan olib haromga solib, so‘kadi. O‘qituvchilarni xor qildi. Mana ko‘rasiz, hamma aybni yana maktab direktorining bo‘yniga qo‘yishadi”, degan edi xalq ta’limi mulozimlaridan biri.

XS
SM
MD
LG