Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 12:33

Andijonning Qorasuvida ona, uning o‘g‘li va kelini o‘z uyida o‘ldirildi


Man holding knife, generated photo
Man holding knife, generated photo

Andijon viloyatining Qorasuv shahrida 3 aprelga o‘tar kuni kechasi ona, uning o‘g‘li va kelini noma’lum shaxslar tomonidan pichoqlab ketildi.

Marhumlar 3 aprel kuni tushga yaqin o‘z uyida o‘lik holda topilgan.

O‘sha kechasi uyda bo‘lgan 3 yashar qizcha tirik qolgan. Ichki ishlar xodimlari ayni paytda qotillarni qidirishda davom etmoqda.

Qorasuv shahrining Amir Temur mahallasida yashagan 63 yashar ayol, uning 30 yashar o‘g‘li va 23 yashar kelini 3 aprelga kechasi o‘z uyida o‘ldirib ketilgani haqda Ozodlikka marhum kelinning yaqin qarindoshi xabar berdi.

Uning aytishicha, jasadlar 3 aprel kuni tushga yaqin uyidan pichoqlangan holda topilgan:

“Bu voqea yarim kechasi bo‘lgan. 3 aprel kuni menga shunday voqea bo‘ldi degan xabar keldi. Yugurib borsam, melisalar uyni o‘rab olgan, meni ichkariga kirgizishmadi. Melisalarning aytishicha, jiyanimning qaynonasini yotgan uyida pichoqlab o‘ldirishgan, kuyov bola koridorda pichoqlangan holda yotgan, jiyanimni esa, (kelinni - tahr.) o‘zining yotoqxonasida boshini yorib, o‘ldirishibdi, marazlar”, deydi marhumlar qarindoshi.

Uning aytishicha, uch yashar qizaloq bu qirg‘indan omon qolgan:

“O‘sha kuni ular qaergadir borishmoqchi ekan. Kuyov bolaning Andijondagi opasi bir necha bor uchalasiga telefon qilgan, hech kim javob bermagan. Keyin xavotirlanib, qo‘shni yashaydigan xolasiga telefon qilgan. Keyin xolasi chiqib darvozadan qarasa, moshinalari turibdi ekan. Ichkaridan bola yig‘isi eshitilibdi. Chaqirsa hech kim chiqmabdi. Keyin bolalarni devordan oshirib, darvozani ochib, ichkariga kirsa shunaqa holat ekan. Bola divanning tagida yig‘lab yotibdi ekan. U divanning tagiga qanday kirib qolgani ham noma’lum”, deydi marhuma qarindoshlaridan biri.

Amir Temur mahallasining uchastka noziri Azizbek Nurmatov, Ozodlik savollariga javoban, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi, lekin bu haqda telefon orqali ma’lumot berolmasligini aytdi.

Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, bu jinoyatni ochish uchun viloyatdan mutaxassislar yuborilganini aytdi:

“Viloyat UVDsi boshlig‘i ham o‘sha yerda hozir. Hozir O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Hozircha o‘g‘rilik uchun qilinganmi bu jinoyat yoki shaxsiy adovatmi, shu yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boryapmiz. Shu oilaning yaqinlari, tanish-bilishlari so‘roq qilinyapti. Bu voqea bo‘yicha aniq bir narsa aytishga hali erta”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Oila qarindoshining aytishicha, marhum ona va o‘g‘il Qo‘rg‘ontepa bozorida attorlik mollari bilan savdo qilgan, kelin hech qaerda ishlamagan:

“Pul uchun o‘ldirdi desak ham uncha o‘xshamayapti. Chunki, kelin va qaynonaning tilla taqinchoqlariga tegilmagan ekan. Endi bor umidimiz, militsiyadan. Qotillarni topib jazosini bersin”, dedi marhumlar qarindoshlaridan biri.

O‘zbekistonda maishiy muammolar yoki qasos negizida sodir bo‘lgan boshqa shu kabi fojialar to‘g‘risida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.

2017 yilning oktabr oyida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanining Shomirza qishlog‘ida yashaydigan folbin Oyshaxon Shermatovaning 24 yashar o‘g‘li va 22 yashar kelini o‘tgan juma kuni o‘z uyida pichoqlab ketildi.

O‘tgan yilning 31 avgustida Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida yashaydigan ayol o‘g‘li bilan birga Qumqo‘rg‘on tumanidagi kundoshini o‘ldirib, ikki yosh bolasi bilan yoqib yuborgan edi.

14 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynonasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yib yuborgan, oqibatda 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘lgan edi. Ayolning 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

2017 yilning 19 avgust kuni Farg‘onaning Bag‘dod tumani, Olchin qishlog‘ida 51 yoshli ota 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgan edi. Ota jinoyat joyidan g‘oyib bo‘lgan va keyinchalik ushlanib, hibsga olingan. Jabrlanuvchi o‘g‘il tanasining 70 foizi kuyib, og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

XS
SM
MD
LG