Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 12:35

Mirziyoev kelishiga uyini sariqqa bo‘yashdan bosh tortgan sirdaryolik jarimaga tortildi


Mirzaobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bilan Isroil Rizaev (o‘ngdan birinchi) o‘rtasidagi tortishuv.
Mirzaobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bilan Isroil Rizaev (o‘ngdan birinchi) o‘rtasidagi tortishuv.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli, sirdaryolik Isroil Rizaev prezident Shavkat Mirziyoevning kelishiga katta yo‘l chetidagi uyini sariq rangga bo‘yamagani uchun tuman Majburiy ijro byurosi tomonidan qariyb uch million so‘mga jarimaga tortildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan Isroil Rizaevning aytishicha, tuman militsiya boshlig‘ining o‘zi devor va tom bo‘yash ishlariga bosh-qosh bo‘lgan va u uyining bir tomonini ranglashdan bosh tortgani uchun MIBni chaqirtirib, huquq faoliga elektr pulini to‘lamagan, deb jarima soldirgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Sirdaryo viloyatiga safari 4 aprelda kutilgan edi.

Ammo, viloyat hokimligidan Ozodlik radiosiga bildirilishicha, prezident safari noma’lum muddatga qoldirilgan.

Prezidentning viloyatga borishi oldidan, butun respublikada bo‘lgani kabi, Sirdaryoda ham obodonchilik ishlari avj olgan, prezident o‘tishi ehtimoli bo‘lgan katta yo‘l bo‘yidagi uylar devori va tomining ko‘cha tomonini bir xil rangga bo‘yatish ishlari olib borilgan.

Prezident o‘tishi ehtimoli bo‘lgan ko‘chadagi uylar ana shunday shoshma-shosharlik bilan bo‘yaldi
Prezident o‘tishi ehtimoli bo‘lgan ko‘chadagi uylar ana shunday shoshma-shosharlik bilan bo‘yaldi

Sirdaryo viloyat, Mirzaobod tumanida yashaydigan, “Ezgulik” jamiyati faoli Isroil Rizaevning Ozodlikka aytishicha, uning uyi ham katta yo‘lning bo‘yida joylashgani sabab sariq rangga bo‘yash buyurilgan, ammo u bunga qarshi chiqqan:

- Butun uyimning atrofini to‘q sariq rangga bo‘yatamiz deyishdi. Men ularga aytdim, bu mening uyim, bu mening shaxsiy mulkim, men sariq rangga bo‘yatishni istamayman, desam, sen bunga majbursan deyapti. Qizig‘i shundaki, bu ishlarning tepasida tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Abdullaev turibdi. Men unga , yaqinda militsiya haqida Qonun qabul qilindi, bu ish sizning vazifangizga kirmaydiku, desam, bizga hokim topshiriq bergan, bu siyosat, deydi. Prezident kelib-ketganidan so‘ng xohlagan rangingga bo‘yayverasan, hozir ko‘cha tomon hammasi bir xil rangda bo‘lish kerak, deyapti, deydi huquq faoli.

Isroil Rizaevning aytishicha, u qarshiligini davom ettiravergach, militsiya boshlig‘i tuman Majburiy ijro byurosidan vakil chaqirtirib, uni jazolashni buyurgan:

- Militsiya boshlig‘i chaqirgandan keyin MIBdan Abdusamat Qahramonov degan xodim yetib keldi. Menga svetga qarzing bor deb, uch million so‘m jarima yozib tashladi. Men, biroz qarzim borligini, lekin men va o‘g‘lim to‘lagan pullarning hammasini kvitantsiyasi borligi, bu bahstalab masala ekanini aytsam ham, tappa o‘sha yerning o‘zida jarima qilyapti. Lekin, bu mening qarshiligim uchun o‘sha joyning o‘zida berilgan jazo ekanligini anglab bo‘lgan edim, - deydi Isroil Rizaev.

Mirzaobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i MIB xodimini chaqirtirgani
Mirzaobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i MIB xodimini chaqirtirgani

Huquq faolining aytishicha, uning uyining darvozasi ham qo‘porib tashlangan:

“Darvozamiz umumiy ko‘rinishni buzib turibdi ekan, ko‘chirib ichkariga olib kirib qo‘yishdi. Meni “insof”ga keltirgani mahalla oqsoqolarini ishga solishdi. Keyin bore, nima qilsalaring qilinglar, dedim. O‘zlari rang purkagich bilan bo‘yab ketishdi. Ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas bu. Prezidentning kelishiga uyimning yarmini sariqqa, tomimni ko‘kka bo‘yatishimning menga nima keragi bor?”, deydi Isroil Rizaev.

Mirzaobod tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Abdullaev Ozodlik savollariga javob berarkan, shu mojaroda ishtirok etganini tan oldi, lekin uning topshirig‘i bilan Isroil Rizaev jarima qilinganini inkor qildi:

“Sizga noto‘g‘ri tushuntirishibdi. Jarima qilingani to‘g‘ri, lekin nima uchun? Jarimasi elektr energiyani iste’mol qilgan, lekin haqini to‘lamagani uchun. Uni men boshida turib jarima qilmaganman, uni MIB jarima qilgan”, dedi Elyor Abdullaev.

Ozodlikning “uylarni bo‘yatish jarayonida chiqqan mojaro sabab, siz MIBni chaqirtirgangan ekansiz", degan savolini eshitgandan so‘ng Elyor Abdullaev aloqani uzib qo‘ydi.

Mirzaobod tuman Majburiy ijro byurosining o‘zini tanishtirmagan xodimi Isroil Rizaev bilan bog‘liq mojarodan xabari yo‘qligini aytdi.

Ozodlikning Isroil Rizaevni jarimaga tortgan MIB xodimi Abdusamat Qahramonovni topishga qilgan harakati natija bermadi.

O‘zbekistonda Prezident, Bosh vazirning viloyatlarga tashrifidan oldin ob’ektlarni chiroyli ko‘rsatish maqsadida ko‘zbo‘yamachilik qilish holatlari uchrab turadi.

30 mart kuni Jizzax viloyatiga borgan prezident Shavkat Mirziyoevga prezident topshirig‘iga muvofiq qurilgan “Zarbdor tekstil” MChJ ga go‘yo ish boshlagandek qilib ko‘rsatilgan va ishchilar rolini kollej o‘quvchilari o‘ynab bergan edi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi oldidan jizzaxliklar uylarining shiferlarini tunukaga almashtirib, uni qizilga bo‘yashga majburlangan edi. Belgiyadan keltirib, ko‘chalarga o‘tqazilgan gul va daraxtlar quriy boshlagach, ko‘chatlarning har biriga bittadan odam biriktirilgandi.

2017 yilning aprelida bir-biridan mustaqil tinglovchilar prezidentning Jizzax viloyatiga safaridan oldin ko‘chalarda yillardan buyon qilinmagan obodonlashtirish ishlari zudlik bilan boshlab yuborilganini Ozodlikka xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG