Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:06

Qashqadaryoda o‘qituvchi va vrachlar eski piyozni bozor narxidan qimmat sotib olishga majburlanayapti


Qashqadaryo viloyat, Kitob tuman Tibbiyot birlashmasi rahbari payshanba kungi umumiy yig‘ilishda har bir shifokor va hamshira viloyatdan yuborilgan piyoz va kartoshkani kamida 20 kilogrammdan sotib olishga majbur ekanligi haqida e’lon qildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan vrachlaridan biri o‘zi o‘sha majlisda qatnashgani, rahbariyat bu mahsulotlarni sotib olmaganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgani to‘g‘risida aytdi.

Kitob tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i bu xabarni inkor qilmadi.

Tumandagi qishloq vrachlik punktlaridan birining ismi oshkor etilmasligini so‘ragan shifokori majlisda o‘zi ishtirok etganini aytar ekan, rahbarlari ularning kasbiy faoliyatiga umuman tegishli bo‘lmagan topshiriq berganini aytdi:

“Odatda har payshanba kuni ertalab bizda QVPlar, kasalxonalar vrachlari, bosh hamshiralar ishtirokida umumiy yig‘ilish bo‘ladi. Bu majlisda tibbiyot birlashmasi boshlig‘i antiqa topshiriq berdi. Bu viloyat va tuman hokimining buyrug‘i ekan, ya’ni, bizga viloyatdan bir necha o‘n tonna piyoz va kartoshka kelar ekan va har bir vrach, hamshira va sanitarkalar kamida 20 kilogrammdan sotib olishi kerak. Agar sotib olmasak, arizani yozishimiz kerak ekan”, deydi QVP shifokori.

Uning aytishicha, qishloq vrachlari va hamshiralarining bu mahsulotlarga umuman ehtiyoji yo‘q:

“Masalan, men qishloqda yashayman, o‘zimiz dehqonchilik qilamiz. Piyozimiz ham kartoshkamiz ham bor. Qishloq joyda turib o‘zimiz etishtiramizku. Mana yangi piyozimiz ham bo‘p qolay dedi. Bir oydan keyin kartoshkamiz ham pishib qoladi. Menga nimaga kerak, eski, ko‘karishni boshlagan piyozni sotib olib. Uni hatto mol ham yemaydi. Kimlarningdir manfaati uchun, bir hovuch maosh oladigan shifokoru hamshiralarni cho‘ntagini oxirgi tangasigacha qoqish yaxshimi?”, deydi shifokor.

Kitob tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi ham, ular 20 kilogrammdan piyoz sotib olishga majbur bo‘lganini aytdi:

“Bizga kerak bo‘lmasa ham, piyoz, kartoshkani olib bo‘ldik, olmaganimizga qo‘yishmadi. Endi navbat do‘xtirlarga kelibdi. Bu, menimcha viloyat hokimiga yaqin odamlar juda ko‘p piyoz g‘amlab qo‘ygan, endi sotolmay hokimiyat orqali o‘qituvchi va shifokorlarga o‘tkazyapti. Chunki bozorda piyoz bu yil juda ko‘p. Narxi 500-800 so‘m bo‘lib yotibdi. Bizga esa 1800 so‘mdan o‘tkazishdi. Kartoshka bozorda 3000 so‘m, biz esa 3800dan ish haqimizdan ushlab qolishar ekan”, deydi o‘qituvchi.

Kitob tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Hakim Saidov Ozodlikning majlisda shifokorlarga piyoz va kartoshka sotib olish haqida topshiriq bergani haqidagi vrachlar iddaosini inkor etmadi.

Bosh vrach Ozodlik savolini obdon eshitgan, bir oz o‘ylanib turdi-da, bir soatdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilishimizni so‘radi.

Biroq bir soatdan keyin ham, ikki soatdan keyin ham Hakim Saidov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga boshqa javob bermadi.

Ozodlik bundan so‘ng Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov bilan bog‘lanib, shifokorlarga majburan piyoz sotilayotgani to‘g‘risida so‘radi.

Garchi, Ozodlik suhbat davomida kartoshka to‘g‘risida so‘ramagan bo‘lsa ham, negadir Doniyor Tursunov kartoshkani ham qo‘shib inkor qildi:

“Hech qanday duxturlarga, tibbiyot xodimlariga piyoz ham, kartoshka ham tarqatish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan. Hech kimga sotilgan ham yo‘q. Bu noto‘g‘ri ma’lumot”, dedi Doniyor Tursunov.

Qashqadaryo viloyati hokimligining mulozimi Behzod Jo‘raev shifokor va o‘qituvchilarga piyoz va kartoshka tarqatish bo‘yicha hokimlik tomonidan ko‘rsatma bermaganini aytarkan, bunday topshiriqni "boshqa tizim" bergan bo‘lish ehtimolini rad etmadi:

“Hokimiyatning bunga aloqasi yo‘q. Ashar boshqa tizimlar tomonidan bunday topshiriq berilgan bo‘lsa, bilmadim”, dedi Behzod Jo‘raev.

O‘zbekistonda bu yil piyoz hosili juda ham ko‘p yetishtirilgani uchun hokimiyatga yaqin bo‘lgan tadbirkorlar sotilmay qolgan va ko‘karishni boshlagan piyozni byudjet tashkilotlari ishchi va xizmatchilariga o‘tkazish harakatini qilmoqda.

Maqola yakuniga etayotgan paytda, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchidan ham Ozodlik ushbu mazmundagi xabar oldi:

“Yakkabog‘da o‘qituvchilar oylik maoshidan piyoz, kartoshkaga deb 32000 so‘mdan majburiy ushlab qolinyapti”, deb yozdi o‘qituvchilardan biri.

Ayni paytda mamlakatning boshqa hududi - Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tarqatgan xabarga nogironlar ahvolidan xabar olingani va ularga bir qopdan un va piyoz tarqatilayotgani aks etgan surat ilova qilindi.

Jizzax IIB nogironlarga piyoz tarqatmoqda
Jizzax IIB nogironlarga piyoz tarqatmoqda

XS
SM
MD
LG