Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:41

OzodDayjest: Navro‘z kunlarida kirakashlar sun’iy ravishda narxni oshirib yubordi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qarindoshlar o‘rtasida nikohning oldini olish maqsadida qo‘shimcha cheklovlar joriy etilishi mumkin. 7 yoshli qizining tanasini kuydirgan onaga hukm o‘qildi. Navro‘z kunlarida kirakashlarning ketmoni uchdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

7 yoshli qizining tanasini kuydirgan onaga hukm o‘qildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 7 yoshli qizi Mubina Tojiboevani muttasil azoblab kelgan Dilafruz Tojiboevaga hukm o‘qildi (“Darakchi”, 22 mart).

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 26 yoshli D.Tojiboeva tirikchilik bahonasida fohishalik yo‘liga kirgan. Bu orada farzandli bo‘lgan. Ammo baxtsizliklari uchun qizini aybdor deb bilib, uni kaltaklab kelgan.

Bir gal voyaga yetmagan qizining oyog‘ini yondirgich bilan kuydirgan, norasida qiz dod solib yig‘laganidan keyingina jazoni to‘xtatgan.

“Ayam uyga qamab jazolaydilar. Ba’zi paytlarda “lezva” bian qo‘llarimni tilib-tilib tashlardilar. Yig‘lasam og‘zimga urardi. Oyog‘imni zajigalka bilan yoqqanida rosa yig‘lagandim. Keyin ayam kuygan joyga tuz sepdilar. Yana yig‘lagandim, og‘zimga latta tiqib, qo‘limni bog‘lab tashladilar” degan 7 yoshli Mubina Tojiebova.

Mahkama sudlanuvchi D.Tojiboevani Jinoyat kodeksining 110-moddasida aybdor deb topib, 8 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Qizcha esa voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Xalq demokratik partiyasi qarindoshlar o‘rtasida nikoh borasida qo‘shimcha cheklovlarni taklif qilmoqda

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi qarindoshlar o‘rtasida nikohning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha qonuniy cheklovlarni joriy etishni taklif etmoqda (“Jamiyat”, 16 mart).

Oila kodeksiga muvofiq, faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri va pastki yo‘nalish bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yondosh qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga esa monelik yo‘q.

XDP Oila kodeksining 16-moddasiga yondosh qarindoshlar o‘rtasida nikohga yo‘l qo‘yilmasligi haqida band kiritishni taklif etmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Feruza Eshmatova qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan nogiron bolalar tug‘ilsa, ota-onaga javobgarlik masalasi ham ko‘rib chiqilayotganini aytgan.

Javobgarlik deganda aynan nima nazarda tutilayotgani ochiqlanmagan. “Oila” markaziga ko‘ra, Xorazm viloyatida tug‘ilgan nogironlarning 40 foizi qarindoshlar o‘rtasida nikohda dunyoga kelgan.

Navro‘z kunlarida kirakashlar sun’iy ravishda narxni oshirib yubordi

​Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekistonning turli viloyatlaridan Toshkentga qatnovchi kirakashlar yo‘l haqi miqdorini 2-3 barobarga oshirishdi (“Adolat”, 22 mart).

Masalan, Navoiyga odatda 35-50 ming so‘mga yetib olsa bo‘ladi, bayram kunlari esa bu shaharga yo‘l haqi 120 minga so‘mga chiqdi. Qayd etilishicha, kirakashlar yo‘lovchilar ko‘pligidan foydalanib, o‘zaro kelishib olib, narxni sun’iy ravishda oshirmoqda.

“Bu muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lmaganini mutasaddi idorada o‘tirganlar bilmaydimi? Biladi. Matbuotda bu mavzuda ko‘p va xo‘b yozildi. Xo‘sh, nima o‘zgardi? Hech nima. Kirakashlarning ketmoni hamon uchyapti, uchganda ham juda balandlab” deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG