Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:21

Muborak zavodi ishchilariga Navro‘z ta’tilida qalampir ektirildi


O‘zbekistonda Navro‘z bayrami munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoev besh kunlik ta’til e’lon qilganiga qaramay mamlakatdagi ayrim korxona va tashkilotlar o‘z ishchilarini bayram kunlari ham ishlashga majburlagan. Qashqadaryodagi Muborak gazni qayta ishlash zavodining ayrim ishchilari 22 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda bayram kunlari qalampir ekishga majburlanganliklarini aytdi. Ozodlik “Navro‘z” bayrami kunlari O‘zbekistondagi boshqa korxona va tashkilotlarda ham ishchilar dala mehnati va obodonlashtirish ishlariga jalb etilganini aniqladi.

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!"​

Prezident Shavkat Mirziyoevning maxsus farmoni bilan 2018 yili Navro‘z bayrami munosabati bilan 18 martdan 22 martgacha uzluksiz besh kun dam olish e’lon qilindi.

Prezident bu qarorni¸ ichki turizmni rivojlantirish maqsadida chiqarganini aytib¸ o‘zbekistonliklarni Samarqand¸ Buxoro¸ Xiva¸ Andijondagi qadimiy ziyoratgohlarga sayohat qilishga da’vat qilgan edi.

Ammo 22 mart kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Qashqadaryodagi Muborak gazni qayta ishlash zavodi ishchilariga prezident tavsiyasiga amal qilish imkoni berilmagan - ular besh kunlik ta’tilda qalampir ekishga majburlangan.

Bizlarga prezidentimiz Shavkat Mirziyoev besh kun dam olish kuni deb bergan edi. Lekin, rahbariyat bizga dam olishga bermay, shanbaliklar uyushtirib ishlatayapti. 19, 20, 21, 22 mart kunlari “Ekohayot” tashkilotiga qalampir ekishga olib chiqib majburlab qalampir ektirayapti. Boshlig‘imiz Shermat Jo‘raqulov ishga chiqmagan ishdan haydaladi, deb turib prezident qaroriga qarshi chiqayapti," - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan zavod ishchilaridan biri.

Korxonaning Ozodlik muxbiri gaplashgan boshqa ishchilari ham bayram kunlari qalampir ekishga majburlanganliklarini aytishdi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodining Ozodlik bog‘langan mulozimi bayram kunlari hashar tashkillashtirilgani e’tirof qilgan holda¸ hasharga ishchilarning "ko‘ngilli ravishda" chiqaëtganini iddao qildi:

- Navro‘z bu bahor bayrami, to‘g‘rimi? Azaldan bobolarimiz mana shu kunda hasharlar tashkil qilishgan, ekin-tikin qilishgan. Biz ham shu an’anaga amal qilib, Navro‘zda “Ekohayot” tashkiloti bilan hamkorlikda shunday hashar uyushtirdik. Hamma ko‘ngilli chiqayapti. O‘yin-kulgi qilib, bayramona bo‘layapti hammasi, - dedi zavod mulozimi.

Ma’muriyatni prezident farmonini buzish¸ ishchilarning qonuniy haqlarini toptashda ayblayotgan Ozodlik gaplashgan zavod ishchilari¸ bu borada prezident qabulxonasiga ariza yozish rejasida ekanliklarini bildirdi:

- Biz ham shu uzluksiz dam olish kunlari u yoq bu yoqqa borishni xohlar edik. Lekin, qalampir ektirishayapti. Bizning dam olish huquqimiz poy-mol bo‘layapti. Biz ham bayram kuni besh kun dam olishni istaymiz. Lekin zavod rahbariyati prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusiga qarshi chiqib, bizni bayram kuni ham ishlatyapti. Hozir hammamiz prezident virtual qabulxonasiga shikoyat tayyorlayapmiz, - deydi Qashqadaryodagi Muborak gazni qayta ishlash zavodining Ozodlik gaplashgan ishchisi.

Jizzax va Andijonda vrach va o‘qituvchi - "ko‘ngilli hasharchi"

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani Tibbiyot birlashmasi xodimlari ham Ozodlikka “Navro‘z” kunlari obodonchilik ishiga majburlanganini xabar qildi.

“Ta’til e’lon qilindimi¸ doim ish topiladi bizda. Bayramda dam olish unut bo‘lib ketgan. O‘qituvchilar ham¸ shifokorlar ham to‘rt kundan buyon uy-joylarini tozalash, sarishtalash, nihol va gul ekish, bog‘larda daraxtlarga shakl berish ishlari bilan band. Bayramda dam olish shaharliklar uchun e’lon qilinadi, bizga yo‘l bo‘lsin," - deydi Ozodlikka gapirgan jizzaxlik shifokorlardan biri.

Andijondan Ozodlikka murojaat qilgan poliklinika xodimasi ham bayram kunlari ishlayotganliklarini aytdi.

- Tibbiyot xodimiman, poliklinikada ishlayman. 20-21 mart kuni xodimlarga dam olish deb e’lon qilingan edi, lekin glavrachimiz "Ertaga ham, bayram kuni ham hamma hasharga keladi," deb e’lon kildi. Vahima qilib, istirohat bog‘ida dejurlikka haydaydi. Oilamizdan so‘kish eshitaverib charchadik, - deydi tibbiyot xodimi.

O‘zbekistonda 19-20 mart hamda 22 mart kunlari ish kunlari bo‘lsa-da, bayram munosabati bilan dam olish kuni etib belgilandi.

19 mart — 17 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni, 20 mart — qo‘shimcha dam olish kuni, 22 mart — 24 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni sifatida ko‘rsatilgan.

XS
SM
MD
LG