Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:02

Hokimiyat mashina urib yuborgan o‘qituvchi ko‘cha tozalashga chiqarilganini rad etdi


Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l to‘siqlarini oqlayapti
Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l to‘siqlarini oqlayapti

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani hokimiyati va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi 14 mart kuni mashina urib yuborgan o‘qituvchining majburan ishga chiqarilganini rad etdi. Mahalliy nashrlar chop etgan raddiyada Diana Yenikeevaning yo‘l tozalashga chiqarilmagani aytilgan, ammo, hodisa joyi va vaqtida ko‘cha tozalanayotgani ham inkor qilinmagan.

Samarqandda ko‘cha tozalashga chiqarilgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenikeevani yuk mashinasi urib yuborgani haqida Ozodlik 15 mart kuni xabar qilgan edi.

18 mart kuni qator mahalliy nashrlar, jumladan, Kun.uz nashri bu hodisaga Samarqand viloyati va Kattaqo‘rg‘on tumani davlat idoralari izoh berganini xabar qildi.

Bu hodisadan so‘ng surishtiruv o‘tkazgan prokuratura organlariga ko‘ra, "maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenikeeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan".

Ammo, ayni xabarnomada hodisa joyida obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani e’tirof etilgan va "mamlakatda mart-aprel oylari obodonlashtirish oyligi, deb e’lon qilingani ham «Tozalik bor joyda, baraka bor» naqlining amaliy ifodasidir", deb ta’kidlangan.

Garchi xabarnomada obodonlashtirish ishlari bilan "o‘qituvchilar emas, balki xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlar, bog‘bonlar shug‘ullanadi", deyilgan bo‘lsa-da, o‘sha vaqtda o‘qituvchi Diana Yenkeeva va uning hamkasblari hodisa joyida nima ish bilan yurganiga hozircha aniqlik kiritilmadi.

18 mart kuni e’lon qilingan xabarnomada aytilishicha, "mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan".

Viloyat mutasaddilari surishtiruv davom etayotgani va qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini va’da qilmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov ham bu hodisa o‘rganilishini bildirgan edi.

"Bo‘lib o‘tgan hodisa albatta juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda. Natijasiga ko‘ra tegishli choralar belgilanadi. O‘z nomimdan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etaman", deb yozdi 17 mart kuni bayonot tarqatgan Komil Allamjonov.

Kattaqo‘rg‘on tuman markazidagi 42- umumta’lim maktabining mehnat o‘qituvchisi Diana Yenikeevani 14 mart kuni Suv ombori qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini tozalashga olib chiqilgan paytda KamAZ yuk mashinasi urib yuborgan.

Bu haqda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka xabar bergan o‘qituvchilardan birining aytishicha, og‘ir tan jarohati olgan Diananing joni kasalxonada uzilgan:

“Voqea guvohi bo‘lgan hamkasbimning aytishicha, o‘qituvchilar yo‘l chetini tozalash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. Dianani katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi urib yuborgan. Darhol bir mashinaga yuklab, kasalxonaga olib borishgan. Lekin borganda uning joni uzilib bo‘lgan ekan”, dedi o‘qituvchi.

Suhbatdosh o‘qituvchilarning ko‘cha tozalashga majburlangani aks etgan bir qancha fotosuratlarni Ozodlikka taqdim etdi:

Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l to‘siqlarini oqlayapti
Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l to‘siqlarini oqlayapti

Kattaqo‘rg‘on tuman 42- umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Diana Yenikeevaning yo‘l-transport falokatida halok bo‘lganini tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi ham tasdiqlagan.

Diana Yenikeevaning onasi Oksana Yenikeevaning Ozodlik radiosiga aytishicha, uning qizini dars o‘tayotgan joyidan ko‘cha supirishga haydashgan. Onaning aytishicha, qizi vafotidan keiyn tuman hokimligidan unga uch million so‘m pul olib kelishgan:

"Mening bolam uchun uch million so‘m taklif qilishdi. Men yolg‘iz farzandimni sotish uchun tug‘magandim. Uning o‘rnini pul bilan to‘ldirib bo‘ladimi. O‘qituvchini o‘z ishidan boshqa ishga majbur qilgan va qizim o‘limiga bevosita sababchi bo‘lgan hokim va xalq ta’limi bo‘limi javob bersin", deydi marhuma o‘qituvchi onasi.

Oksana Yenikeevaning aytishicha, qizi turmushga chiqqan va uning ikki yashar bolasi yetim qolgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir maktab o‘qituvchisi ham, ular darslarni qoldirib, bir necha kundan buyon ko‘cha tozalashga majburlanayotganini tasdiqlaydi:

“Kattaqo‘rg‘onda suv ombori bor. Prezidentimiz o‘tgan yili ham o‘sha yerga kelgan edi. Suv omborida Indoneziya, Malayziya bilan hamkorlikda baliq ko‘paytirilyapti. Bu yil ham prezident shu joyni kelib ko‘radi ekan deb, suv omboriga olib boriladigan avtomobil yo‘lining ikki cheti tozalanishi haqida hokimiyat topshiriq bergan. Byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlar, jumladan, o‘qituvchilar ham bu ishga safarbar etilgan. Har kuni har bir maktabdan 10-15 nafar o‘qituvchi darsi bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, ko‘cha tozalashga safarbar etilyapti”, deydi o‘qituvchi.

O‘qituvchi Diana Yenikeevaning ko‘cha tozalash paytida avtomobil urib ketishi oqibatida halok bo‘lganini rad qilmagan Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alisher Jumaniyozov, Ozodlikning savollariga javob berishdan bosh tortib:​ “Hech kim majburan olib chiqilmagan”, deyish bilan cheklangan edi.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimidan bu voqeaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Shavkat Mirziyoev davlat tepasiga kelganidan keyin ham u borishi ehtimoli bo‘lgan joylardagi obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarini majburan jalb qilish davom etyapti.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘z ishi qolib obodonlashtirish va dala ishlariga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘tgan yili paxta mavsumida Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyat hokimlari ham paxta mavsumida o‘qituvchilarni terimga chiqarmaslik haqida va’da bergan bo‘lsa-da, lekin tez orada bu va’dalarini buzgan va o‘qituvchilar paxta tergani jo‘natilgan edi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning yil davomida obodonchilik ishlariga ham jalb qilinayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG