Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:52

Huquq faoli G‘aybullo Jalilov ozod etildi


O‘zbekistondagi norasmiy Inson huquqlari jamiyatining a’zosi G‘aybullo Jalilov sakkiz yillik tutqunlikdan so‘ng ozod etilgan. Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, 51 yoshli Jalilov Zangiotadagi qamoqxonadan ozod bo‘lgach 16 mart kuni Qashqadaryodagi uyiga kirib borgan.

Qashqadaryolik inson huquqlari faoli G‘aybullo Jalilov 2009 yilda Qarshi shahri aeroporti va "Xonobod" harbiy bazasini portlatishga til biriktirish singari ayblovlar bilan 13 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan edi.

Uning yaqinlari qamoqda Jalilov muntazam qiynoqqa solinganini aytishgan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti G‘aybullo Jalilov hukmini qoralagan. Tashkilot "soxta ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan G‘aybullo Jalilovning aybi isbotlanmagani uchun u zudlik bilan ozod etilishi kerak"ligini ta’kidlab kelgan.

Shu oy boshida uzoq muddat qamoqda o‘tirgan muxolifatchi Isroiljon Xoldorov va jurnalist Yusuf Ro‘zimurodovlar ham ozod etilgan edi.

AQSh elchixonasi huquq faollarining qamoqdan chiqarilishini olqishlagandi.

"Biz ozodlikka chiqqan mahbuslarga adolat, sog‘liqni qayta tiklash va yangi kuchlar tilaymiz. Biz O‘zbekiston hukumatini yana boshqa mahbuslarni ozodlikka chiqarishga va ozod bo‘lganlarni ularni to‘laqonli ozod inson ekanligini tasdiqlovchi hujjatlari topshirilishiga chaqiramiz. Biz umid qilamizki, siyosiy mahbuslarni hibsga olish amaliyoti O‘zbekiston o‘tmishida qoladi va islohotlar izchil davom ettiriladi”, - deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

Isroil Xoldorov 2007 yilning 19 fevral kuni Andijon viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan 6 yilga mahrum etilgan.

Yusuf Ro‘zimurodov esa 1999 yilda Toshkent viloyati jinoiy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

So‘nggi bir necha oy ichda O‘zbekistonda o‘ndan ziyod huquq faoli va jurnalist qamoqdan ozod etildi.

XS
SM
MD
LG