Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2025, Тошкент вақти: 14:08

Angrenda pichoqlangan tadbirkor ayol o‘limida uning eri gumonlanmoqda


Angrenlik tadbirkor Habiba Abdullaevaning o‘tgan yili Ramazon oyida nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatgan edi.
Angrenlik tadbirkor Habiba Abdullaevaning o‘tgan yili Ramazon oyida nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatgan edi.

Angren shahridagi sabzavot va poliz ekinlari zaxirasi va savdosi bilan shug‘ullanadigan «Angren - Farovon – Hamkor» firmasining rahbari Habiba Abdullaeva o‘ldirib ketildi.

Ichki ishlar bo‘limi mulozimining aytishicha, bu qotillikda gumonlangan uning eri hibsga olingan.

Ozodlik o‘tgan yilning sentyabrida bu tadbirkor ayolning kam ta’minlangan oilalarga ehson qilgani haqida xabar bergan edi.

Angren shahridagi dehqon bozorida tadbirkorlik qilayotgan 47 yashar tadbirkor Habiba Abdullaeva 15 mart kuni tushdan keyin ijarada turgan uyida o‘ldirib ketilgani haqida Ozodlikka uning hamkasblaridan biri xabar berdi:

“Habiba opa so‘nggi paytda eri bilan kelisholmay ijara uyida yashardi. U 15 mart kuni kechga tomon o‘sha uydan pichoqlangan holda topilgan. Pichoq orqadan, yurak tomondan urilgan. Opa o‘sha yerning o‘zida jon bergan. Odamlarning aytishlaricha, bu qotillikni uning eri Husniddin Sohibjonov qilgan”, dedi tadbirkorlardan biri.

Angren shahar ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Habiba Abdullaevaning o‘ldirib ketilganini tasdiqladi:

“Ha, kecha shunday voqea bo‘lgan. Qotillikda gumonlangan eri hibsga olindi. U xotinini pichoqlab o‘ldirganini tan oldi. Hozir Husniddin Sohibjonov ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 98-moddasi(qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilyapti. Birinchi surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, qotillikka er-xotin o‘rtasidagi janjal sabab bo‘lgan. Hozircha, boshqa narsa aytolmayman”, dedi militsiya mulozimi.

Habiba Abdullaevaga qarashli korxonada ishlagan ishchilardan birining aytishicha, tadbirkor bog‘cha va bolalar uylarini qish paytida sabzavot bilan ta’minlab turgan:

“Bizning vazifamiz kuz paytida kartoshka, sabzavotlarni omborga zaxira qilish edi. Masalan, qishda dehqondan bozorga yuk kam keladi. Opa bog‘chalarga arzon narxda berar edi, bozorda sotar edik. Qo‘li ochiq, xayr-ehsonlar qilib turardi”, deydi ishchilardan biri.

Lekin, ismi sir qolishini istagan Angren dehqon bozoridagi tadbirkorlardan birining aytishicha, marhuma bozorga yuk olib kelgan dehqonlarni sottirgani qo‘ymagan:

“Men o‘zim ko‘p guvoh bo‘lganman. Bozorga hech qachon dehqon o‘z mahsulotini sotolmagan. Shunday ayyor tadbir qilingan ediki, dehqon mahsulotini teng yarim narxda ana shu opaga sotib ketishga majbur bo‘lardi. U esa, mahsulotni omboriga g‘amlardi, qishda qimmat narxda sotardi”, deydi tadbirkorlardan biri.

Mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, Habiba Abdullaeva Angren bozori ko‘chirilishiga norozilik bildirilgan piketlarda ham qatnashgan:

- Habiba Angrendagi taniqli bir boy bilan ancha tortishdi. Bu boy o‘zining uch qavatli supermarketi binosida noqonuniy bozor ochib olgan edi. U prezident devoni oldida biz bilan piketlarda qatnashdi, devonga tinmay shikoyat yozdi. Lekin uning shikoyatlari e’tiborsiz qoldirildi, deydi Malohat Eshonqulova.

O‘tgan yili Ramazon oyi paytida Habiba Abdullaevaning kam ta’minlangan oilalarga ehson qilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Habiba Abdullaeva o‘shanda "Men o‘zim sabzavot yetishtiraman, tadbirkorlik qilaman. Agar men bu odamlarga xayr qilgan bo‘lsam, menga Xudo beradi", degan edi.

Habiba Abdullaeva bilan 2017 yilning 2 sentabrida qilingan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

Ангренлик тадбиркор аёл юздан ортиқ кам таъминланган оилага ҳайитлик берди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:09 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG