Qashqadaryo viloyat Diagnostika markazida 32 yil bosh vrach bo‘lib ishlagan Hasan Sayfiev, u rahbarlik qilgan markaz binosi tortib olinayotgan kun, 4 fevralda yurak xurujidan vafot etdi.
Markazning qariyb 30 nafar shifokor va hamshirasi 5 fevral kuni viloyat hokimiga arz qilib bordi. Ular markaz faoliyat yuritayotgan ikki binodan birining olib qo‘yilganiga qarshi norozilik bildirdi.
Bu voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha, hokimlikka zudlik bilan chaqirtirilgan militsiya va MXX xodimlari shifokorlarni hokimlik binosiga kiritmagan.
Shifokorlar norozilik aksiyasi videosini 14 fevral kuni Ozodlikka taqdim etdi.
Voqea yuzasidan Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘nga yaqin shifokor va hamshira ismlari va ovozlari efirga berilmasligini, aks holda ularga nisbatan tazyiq bo‘lishi mumkinligini aytdilar.
"Bu adolatsizlikka bosh vrachimiz yuragi dosh bermadi"
Shifokorlardan birining aytishicha, Qashqadaryo viloyat Diagnostika markazi joylashgan ikki binodan birini zudlik bilan bo‘shatish talabi to‘satdan e’lon qilingan:
“4-fevral kuni viloyat hokimi va tibbiyot birlashmasi qarori bilan zudlik bilan to‘rt qavatli binoni bo‘shatishimizni talab qilishdi. Bizning joyimizga shahar shifoxonasi va 2-poliklinika ko‘chib kelishini aytishdi. Biz kechasi soat 12 gacha binodagi barcha jihoz va apparatlarni ko‘chaga tashib chiqdik”, deydi shifokor.
Uning aytishicha, shu markazni bunyod qilgan va 32 yil bosh vrach bo‘lib ishlagan Hasan Sayfiev shu kuni kechasi ish joyida yurak xuruji ushlab vafot etgan:
“Bu inson bor umrini ana shu markazga bag‘ishlagan, uni obod qilgan, zo‘r mutaxassis edi. Odamgarchiligi ham baland edi. O‘sha kuni biz norozilik bildirsak, indamanglar, hozir hokimga qarshi boradigan zamon emas, dedilar. Lekin o‘zlarining yuragi dosh bermadi va yuragi ushlab qolib, vafot etdi”, deydi vrach.
"Militsiya hokimlikka kiritmadi"
Markaz hamshiralaridan birining aytishicha, ertasi, Hasan Sayfievning janozasidan so‘ng o‘ttizga yaqin vrach va hamshiralar norozilik bildirib, viloyat hokimligiga borishgan:
“Hammamizga juda alam qildi. Nega markaz imkoniyatlarini, buncha apparatura, buncha jihozlar qaerga joylashtirilishini, kasallar miqdorini hisobga olmay bunday qaror qabul qilishadi? Nega 200 ga yaqin vrach va hamshiraning taqdiri nima bo‘lishi bilan hech kimning ishi bo‘lmayapti? Biz hammamiz bir bo‘lib, viloyat hokimiga arz qilib bordik. Lekin, bizni militsiya ichkariga kiritmadi, aksincha, qo‘shimcha xodimlarini chaqirdi. MXX vakillari ham keldi. Qancha talab qilsak ham oldimizga hech kim chiqmadi. Viloyat hokimi Shahrisabzga ketgan degan bahonani aytishdi”, deydi hamshiralardan biri.
“Bu tibbiyot birlashmasining o‘yini bo‘ldi”
Ismi sir qolishini so‘ragan vrachlardan birining aytishicha, viloyat diagnostika markazi binosining tortib olinishi, viloyat tibbiyot birlashmasi rahbari Doniyor Tursunovning o‘yini bo‘lgan:
“Viloyat diagnostika markazi prezident farmoni bilan xususiylashtirishga buyurilgandi. Shuning uchun markaz xususiy qo‘lga o‘tib ketmasin, deb bitta binoni tortib oldi. Bosh vrachimiz, endi markazni xususiylashtiramiz, imkoniyatlarimiz kengayadi, degan edi, lekin armon bo‘lib qoldi. Bu hammasi tibbiyot birlashmasiga yangi tayinlangan Doniyor Tursunovning ishi. U hokimga shunday qilsak yaxshi bo‘ladi deb taqdim qilgan”, deydi vrach.
Uning aytishicha, bunday xom qaror uchun viloyat hokimi birlashma rahbarini qattiq koyigan:
“Birlashma rahbari hokimiyatga yolg‘on ma’lumot bergan ekan, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziev markazga kelib haqiqiy ahvolni ko‘rdi. Nega bunday qilding deb, birlashma rahbarini rosa adabini beribdi. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgan. Kasalxona ko‘chib keldi, poliklinika ham ko‘chdi. Hamma yoq to‘s-to‘polon, it egasini tanimaydi, kasallar sarson. Vrachlarga kabinet yetishmaydi, apparatlarimiz yarmi o‘rnatilmagan, ko‘pchilik ishsiz qolishdan xavotirda”, deydi shifokorlardan biri.
Mulozimlar javobdan qochmoqda
Ozodlik Qashqadaryo viloyati tibbiyot birlashmasi rahbari Doniyor Tursunovning mobil telefoniga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildi, lekin mulozim javob bermadi.
Qashqadaryo viloyat Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umida Gazieva Ozodlikning savolini diqqat bilan eshitgach, majlisda ekanligi va yarim soatdan keyin qo‘ng‘iroq qilishimizni so‘radi. Biroq yarim soatdan keyin ham, bir soatdan keyin ham u qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Viloyat hokimining yordamchisi hokim Zafar Ro‘ziev bilan bog‘lanish imkonsizligi, Ozodlik savollariga hokim o‘rinbosari Dolli Allaev javob berishini aytdi. Ammo, Dolli Allaevning ish telefoni ham javob bermadi.