Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 17:22

Rossiyadan qaytgan o‘g‘il otasi xuni uchun mahalladoshini yoqib yuborganlikda gumonlanmoqda


Bo‘laklangan tadbirkor jasadi Katta Farg‘ona kanalining shoxobchalaridan biriga tashlab yuborilgan
Bo‘laklangan tadbirkor jasadi Katta Farg‘ona kanalining shoxobchalaridan biriga tashlab yuborilgan

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashagan tadbirkorning yoqib yuborilgan va bo‘laklarga bo‘linib kanalga tashlangan jasadi bir haftadan buyon qidirilmoqda. Bu haqda Ozodlikka ma’lumot bergan huquq tizimi mulozimiga ko‘ra, qasos qurboni bo‘lgani aytilayotgan tadbirkorni o‘ldirishda gumonlanayotgan besh kishi hibsga olingan.

Farg‘ona viloyati huquq tizimidagi mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ 3 fevral tunida Bag‘dod tumanining Yuqori Mirzaobod istiqomat qilgan 41 yashar tadbirkor Ikrom Mamadaliev bedarak yo‘qolgan.

Uning aytishicha, tadbirkor yo‘qolib qolgani haqidagi yaqinlari qilgan murojaatdan keyin, militsiya xodimlari tadbirkorni izlashga tushgan va tezlikda jinoyatni fosh qilgan.

Jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan besh shaxs¸ tadbirkorni o‘ldirib¸ uning tanasini yoqib yuborgani¸ so‘ngra bo‘laklangan jasadini Katta Farg‘ona kanalining Bag‘dod tumanidan oqib o‘tadigan qismiga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan.

"Bir haftadan buyon jasad bo‘laklarini qidirayapmiz, lekin hozircha natija yo‘q", dedi Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan mahalliy mulozim.

Farg‘ona viloyati huquq-tartibot tizimida ishlovchi rasmiyga ko‘ra, qotillikda gumonlanayotgan besh kishi voqea tafsilotlarini aytib bergan.

“Voqea 3 fevral kuni Rishton tumanidan boshlangan. Asosiy gumonlanuvchi (bu shaxsning ismi-sharifi Ozodlikka ma’lum¸ ammo aybsizlik prezumpsiyasi bois¸ uning shaxsi ochiqlanmayotir - tahr.) marhumning mahalladoshi va yana uning to‘rt nafar o‘rtog‘i. Ular 3 fevral kuni Rishton tumanidagi choyxonalardan birida o‘tirgan Ikrom Mamadalievni tashqariga chaqirib, mashinaga bosib olib ketishgan. Uni Bag‘dod tumanidagi Mirzaobod qishlog‘i yaqinidagi dalaga olib borib o‘lguday qilib tepkilashgan va benzin quyib yoqib yuborishgan. Jinoyat izini yashirish maqsadida, ular kuygan jasadni qismlarga bo‘lib, kanalga tashlab yuborishgan”, dedi mulozim.

Suhbatdoshning aytishicha, dastlabki so‘roq davomida marhum bilan uni o‘ldirishda gumonlanayotgan mahalladoshi orasida shaxsiy adovat bo‘lgani aniqlangan.

"Asosiy gumonlanuvchi bundan yetti yil oldin otasining o‘limida Ikrom Mamadalievni ayblab kelgan. Otasining o‘limidan keyin u Rossiyaga ketgan va yaqinda qaytib kelgandan so‘ng, o‘rtoqlari bilan shu jinoyatni sodir etgan”, dedi dastlabki tergov ma’lumotlariga tayangan mulozim.

Qotillikda gumonlanayotgan shaxs yaqinlaridan biri ham Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ikkala mahalladosh orasida xusumat bo‘lganini tasdiqladi.

“Yetti yil oldin mahallada o‘zaro kelisholmagan odamlarning razborkasi bo‘lgan. O‘shanda gumonlanuvchining dadasini ko‘pchilik bo‘lib urishgan va u yuragi yomon bo‘lib, vafot qilgan. Bu voqeadan keyin uning o‘g‘li Rossiyaga ketib, uyga kelmay yetti yil yurdi va kelgandan so‘ng, u tadbirkorning zo‘ravonligi oshib ketayapti¸ degan gaplarni eshitganidan so‘ng, avvalgi alami qo‘zg‘agan va shu ishni o‘rtoqlari bilan qilgan”, dedi tadbirkorni vahshiylarcha o‘ldirishda gumonlanayotgan shaxs yaqinlaridan biri.

Yuqori Mirzaobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nishonboy Abduvaliev bu ikki oila o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lganini inkor etmadi.

“Marhum bizning mahalladan edi, Hajga borib kelgan yaxshi odam edi. Birovga yomonligini eshitmaganmiz. Tadbirkor, tegirmoni bor edi, Koreyalarga borib kelgan, asosan qalampir biznesi bilan shug‘ullanardi. Hibsga olingan gumonlanuvchi ham avval bizning mahallada yashagan, lekin keyin qo‘shni mahallaga ko‘chib ketgan. Endi, o‘sha paytda nima bo‘lganidan meni xabarim yo‘q, lekin odamlar eski adovati bor edi, deyishayapti”, dedi mahalla raisi.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, qotillikda gumonlanib hibsga olingan besh kishi ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi 97-moddasining “javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Agar bu ayb mahkamada o‘z tasdig‘ini topsa¸ ular 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG