Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarining shahar va tumanlarida avtomobillarga quyiladigan metan gazining taqchilligi yuzaga keldi. Ozodlik mobil muxbirlari yuborgan foto va videolarda avtomobillarning bir necha kilometrlik navbatlari aks etgan. Haydovchilar Ozodlikka 5-6 soatdan navbatda turishganini aytmoqda.
"Farg‘onada metan gazning ahvoli mana shu. Moshinalarning navbati olti kilometrgacha cho‘zilib ketgan. Haydovchilar 7-8 soatlab turishga majbur bo‘lishyapti", deb yozgan vodiylik haydovchilardan biri bu manzaraning fotosini ham Ozodlikka yubordi.
Andijonlik yo‘lovchilardan biri esa, shahardagi AGQShda uzundan-uzoq navbatning yuzaga kelganligi va to‘rt soatdan buyon navbatda turishganini yozdi:
"Ozodjon chiqar shulardi, Andijonda gaz zapravkalar o‘chirit, soat 04:00 da chiqqanmiz mana soat 08:10 bo‘lyabdi, aniq javob yo‘q, qaysi payti ochilishiga. Bugun yul kira yana 8000 mingga chiqadi, 1000 so‘mlik yo‘l kira xalqdi ezib tashadiyu, hokimyatdagilar sen yozasan darrov bartaraf etishyabdi, ozod iltimos sendan shu rasmlardi chiqarib yozib tashagin", deb yozadi andijonliklardan biri.
Namangan viloyatidan mashinalarning turnaqator navbatini rasmga tushirib Ozodlikka jo‘natgan haydovchilardan birining yozishicha, aholini asosiy transporti bo‘lgan DAMASlar to‘xtab qolgani uchun yo‘lkira ham qimmatlagan:
"Bu navbatni ko‘ryapsizmi, 5-6 soatda zo‘rg‘a navbat kelyapti. Odamlar bugun ishiga, o‘qishiga borolmay qiynalib qoldi. Ba’zi insofsiz haydovchilar yo‘lkira narxlarini oshirib ham yubordi. Bunaqasi hali bo‘lmagan", deydi haydovchilardan biri.