Qashqadaryo viloyatiga Shavkat Mirziyoevning tashrifi oldidan prezident borishi ehtimoli bo‘lgan tumanlarda shoshilinch ravishda obodonchilik ishlari boshlangan. Ozodlik mobil muxbirlari yuborgan videolarda yo‘llar chetiga ichida hech narsasi yo‘q parniklar barpo qilinayotgani aks etgan. Bu ishlarga asosan maktab o‘qituvchilari jalb etilayotgani aytildi.
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidan bo‘lgan Ozodlikning mobil muxbiri, Mirziyoev korteji o‘tadigan avtomobil yo‘llarining ikki chetiga shoshilinch ravishda kichik parnik va teplitsalar bunyod etilayotgani haqida xabar yo‘llab, ushbu jararyon aks etgan video tasvirlarni ham jo‘natdi:
“Mirziyoev o‘tish kerak bo‘lgan Qarshi-Qamashi yo‘lining ikki chekkasiga qator qilib parnik qilishyapti. Hamma kuch hozir shu yerga tashlangan. Eni bir metrcha bo‘lgan joyga pasttakkina qilib selofan yopib ketishyapti. Ichida hech narsa yo‘q, balki endi biror ko‘kat-po‘kat ekishar. Lekin buning xo‘jako‘rsinga qilinayotganini hamma biladi. Ertaga bu parniklar yo‘q bo‘lib ketishini ham, undan hech kim bir so‘m daromad ololmasligini ham hamma biladi. Mirziyoevning ko‘ziga chiroyli ko‘rsatish uchun qilinayotgan ish bu. Men suhbatlashgan hokimlik vakili ham buni tasdiqladi”, dedi mobil muxbir.
Uning aytishicha, bu ishlarni bajarish uchun asosan maktab o‘qituvchilari jalb qilingan:
“Boshqa tashkilotlardan ham odamlar bor, albatta. Lekin eng ko‘p jalb qilinganlar Qamashi tumanining maktab o‘qituvchilari. Masalan, mening akam ham maktabda ishlaydi. Uning aytishicha, maktab direktori har kuni 8-10 nafar o‘qituvchining darslarini boshqalarga o‘tkazib, ularni ishlashga yuboryapti. Ular parnik qilyapti, daraxtlarni oqlayapti, qurigan o‘tlarni yoqyapti, o‘t yulyapti, ko‘cha supiryapti”, deydi mobil muxbir.
Koson tumanida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan birining Ozodlikka yozishicha, bu ishlar kimlarningdir soxta obro‘ olishi uchun qilinyapti:
“Kosondanman. 29 yanvarda prezidentimiz kelishi munosabati bilan Qarshidan to Kosongacha yo‘l chetlarida, tug‘ruqxona, kollej, xullas ko‘zga tashlanadigan barcha joylarda zudlik bilan parniklar qilib tashlashdi. Ichida hech narsa ekilmagan. Bu ko‘zbo‘yamachilikdan maqsad, xalq rostdan ham issiqxonalar qurib, foydalanayotgandek qilib ko‘rsatish, prezidentni aldash. Mahalliy hokimlar o‘zlariga ochko olish uchun shunday qilyaptilar. Qaniydi, prezidentimiz yo‘lda bir to‘xtab, bu parniklarni bir ochib ko‘rsalar edi”, deb yozadi kosonlik o‘qituvchi.
Shahrisabz markaziy kasalxonasi yaqinida yashaydigan shaharliklardan biri ham, ko‘cha-kuyni oq xalatli hamshirayu sanitarkalar bir necha kundan buyon tozalayotganini aytadi:
“Mana hozir ham derazadan ko‘rib turibman. Shifokorlar oppoq xalatda ura qilib ko‘chani changitib supiryayapti. Birining qo‘lida ketmon, birida supurgi, ishlab yotishibdi. Bizda shunaqa, kattalar kelaman deganda shunaqa bir ura-ura bo‘ladi. Keyin tinchib ketadi”, deydi shahrisabzliklardan biri.
Qashqadaryo viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, haqiqatan ham prezident kelishi arafasida obodonchilik ishlari olib borilayotganini tasdiqladi:
“Albatta mehmon kelishidan oldin uyingizni tozalaysizku, shunga biz ham obodonchilik ishlarini qilyapmiz. Parniklarni qurish esa bu fermer xo‘jaliklarining tashabbusi, bir narsa eksa, o‘ziga ham, xalqqa ham foyda bo‘ladiku”, dedi hokimlik mulozimi.
Mulozim bu parniklarga turli xil bahorgi ko‘katlar ekilishini qo‘shimcha qildi.
O‘zbekistonda Prezident, Bosh vazirning viloyatlarga tashrifidan oldin ob’ektlarni chiroyli ko‘rsatish maqsadida ko‘zbo‘yamachilik qilish holatlari uchrab turadi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi oldidan jizzaxliklar uylarining shiferlarini tunukaga almashtirib, uni qizilga bo‘yashga majburlangan edi. Belgiyadan keltirib, ko‘chalarga o‘tqazilgan gul va daraxtlar quriy boshlagach, ko‘chatlarning har biriga bittadan odam biriktirilgandi.
2017 yilning aprelida bir-biridan mustaqil tinglovchilar prezidentning Jizzax viloyatiga safaridan oldin ko‘chalarda yillardan buyon qilinmagan obodonlashtirish ishlari zudlik bilan boshlab yuborilganini Ozodlikka xabar qilgan edi.
2015 yilning oktabrida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi. O‘sha paytda mamlakat Bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning ehtimoliy tashrifi arafasida mahalliy hokimiyat vakillari “paxtamiz hali ko‘p” deya maqtanmoqchi bo‘ldi, lekin mehmon bu hududga qadam bosmagan.