Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 20:20

Izboskan hokimi 249 nafar fermerning yerini tortib oldi


Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi Akmaljon Jalolov 7- 8 yanvar kunlari xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasini o‘tkazib, o‘tgan yil paxta yoki bug‘doy rejasini bajarmagan fermerlarning yeri davlat zaxirasiga qaytarilganini e’lon qildi.

Majlisda qatnashgan fermerlarning Ozodlikka aytishicha, ularning ba’zilari hokimning bu qaroridan hayratga tushib, e’tiroz ham bildirgan. Lekin, hokim fermerlar yeri olib qo‘yilgani haqidagi qarorini deputatlarga ovozga qo‘ydirgan va deputatlar hokimning qarorini yoqlab ovoz bergan.

Fermerlar hokimning bu qaroridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston prezidenti portaliga shikoyat yozdilar.

"Rejaga ozgina yetmay qolgan bo‘lsa, yerni tortib olish kerakmi?"

Hokim o‘tkazgan yig‘ilishda qatnashgan, ismi sir qolishini so‘ragan izboskanlik fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, tuman hokimi paxta rejasini bajarolmagan barcha fermerni yerdan mahrum qilish haqida qaror chiqargan:

“Bu qarorning menga daxli yo‘q, men yonimizdagi fermerlarga achinganimdan aytyapman. Shuncha yil ishlab, planlarni doim bajarib kelsayu, bir yil ozgina yetmay qolsa yerini tortib olish kerakmi. Masalan, “Baxtiyor-zamin niyati” fermer xo‘jaligi rahbari Muhammadjon Abdurahmonov hokimning bu qarorini eshitgandan so‘ng, turib gapirdi. U “har yili planni ortig‘i bilan bajarib kelganman, hech qaysi tashkilotdan qarzim yo‘q, faqat bu yil planga besh foiz yetmay qoldi, lekin shunday bo‘lsa ham 90 million sof foyda oldim”, desa, hokim, “sen majlislarda kam qatnashgansan”, dedi. Fermer, kasal bo‘lgandim, uchastkavoyni xabari bor, desa ham, hokim quloq solmadi”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz fermer.

Uning aytishicha, hokim ro‘yxatidagi fermerlarning qariyb yarmi davlatga paxta va bug‘doy topshirish rejasini muntazam bajarib kelgan, lekin bir yilgina rejaga ozgina paxta yetkazolmay qolgan.

"Qarzim yo‘q, daromad olyapman, nega yerni topshirishim kerak?"

Ozodlik yeri tortib olingan fermerlardan bir necha nafari bilan suhbatlashdi, ular ismi va fermer xo‘jaligining nomlari oshkor qilinmasligini iltimos qildi.

O‘n yildan buyon paxta va bug‘doy rejasini ortig‘i bilan bajarib kelgan, o‘tgan yil esa paxta rejasini qariyb 90 foizga yetkazgan fermerning aytishicha, u hokimning qaroridan norozilik bildirib viloyat prokuraturasiga ariza yozgan:

“Har yili bug‘doyni ham, paxtani ham oshiqchasi bilan, qo‘shimcha majburiyatini ham bajarib topshirardim. Neft, ximiyadan qarzim yo‘q. Sessiyada hokim hech kimni gapirtirmadi, yerlaring olindi, deb majlisdan chiqarib yubordi. Hokim biror marta mening yerimni kelib ko‘rmagan, holing qanday demagan”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan fermer.

"Yaxshi fermerlar uvol bo‘lmasin!"

Ozodlik suhbatlashgan yana bir fermer paxta rejasini bajarmagani uchun yeri tortib olinayotganini aytdi:

“Hozir fermerlar yig‘ilishib, prezident portaliga shikoyat qildik, viloyat prokuraturasiga ariza kiritdik. Bu nima degan gap, shuncha yil ilg‘or fermer bo‘lib yursam, hamma texnikam bo‘lsa, bir yil bajarolmay qolsam, yerni tortib olishi kerakmi? Qonunlarni o‘rganishga kirishdik, agar fermer rejani uch yil sababsiz bajarolmasa, keyin uning yerini davlat zaxirasiga qaytarish kerak ekan. Nahotki hokim shuni bilmasa?”, dedi fermer.

Uning aytishicha, Izboskan tarixida eng uzoq muddat kolxoz raisi bo‘lib ishlagan Alisher Tillaboev ham hokimning bu mantiqsiz qarorini tanqid qilgan:

“Alisher ota fermerlar tarafini olib so‘zga chiqdi. “Agar bunday qilsak, eng zo‘r fermerlar ketib qoladi. Buni qaytadan tekshirib chiqish kerak, yaxshi ishlagan fermerlar uvol bo‘lmasin”, dedi Alisher ota. Lekin hokim uning gapini ham inobatga olmadi", deydi fermer.

Fermerlar tarafini olgan deputatlar ham bo‘ldi

7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada, ba’zi deputatlar o‘zlarining hududidagi fermerlarni yonini olib gapirgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, tuman hokimi deputatlarni ham jerkib tashlagan:

“Ko‘gay massivining deputati fermerlarni himoya qilib chiqqan edi. Hokim jerkib tashladi, kerak bo‘lsa seni o‘zingni ham tekshirtiraman, dedi. Keyin hammasi o‘chdi. Qarorini ovozga qo‘ydi, hamma deputatlar qo‘l ko‘tarib, tasdiqladi”, dedi fermer.

"Prezident vakolatni berib qo‘ydi, endi hokim istaganini qiladi"

Ismi sir qolishini so‘ragan xalq deputatlari Izboskan tuman Kengashining deputatlaridan biri, haqiqatan ham aksariyat fermerlarga nisbatan nohaqlik bo‘layotganini aytdi:

“To‘g‘ri, bu fermerlar orasida rejani 40-50 foiz qilganlari ham bor. Lekin har yili rejani bajargan, katta daromad olayotgan fermerlar ham ana shu ro‘yxatga qo‘shilgani umuman noto‘g‘ri bo‘lgan. Lekin hozir hokimning gapini kim qaytara oladi? Yonida qonun nazoratchisi bo‘lgan prokuror o‘tiribdi. Bir og‘iz ham gapirmaydi. Gapirolmaydi ham. Chunki prezidentning o‘zi hokimlarga katta vakolat berib qo‘ydi. Hokimlarni men qo‘yganman, agar uni qamasang, men seni qamayman dedi. Shunday bir holatda hokim deputatning gapiga quloq soladimi”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz izboskanlik deputat.

Hokim va deputatning fermer yerini olib qo‘yishga haqqi bormi?

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, fermer xo‘jaligini tugatish “yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechilgan, fermer xo‘jaligi bankrot deb topilgan, fermer xo‘jaligi yer uchastkasidan belgilangan maqsadda foydalanmagan, xususan kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekkanida yer uchastkasini olib qo‘yish zarurati bo‘lgan holatlarda olib qo‘yiladi.

Fermer xo‘jaligi xo‘jalik boshlig‘ining qaroriga va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga binoan tugatiladi.

Qonunda fermer xo‘jaligini tugatish xalq deputatlari tuman kengashining vakolatiga kirishi haqida hech narsa yozilmagan.

Fermerlarning aytishicha, hokim 8 yanvar kuni yana deputatlar va bog‘dorchilik hamda sabzavotchilik fermer xo‘jaliklarini rahbarlarini yig‘ib majlis o‘tkazgan va shu kuni ham yuzdan ortiq fermer xo‘jaliklari yerlari olinganini e’lon qilgan.

Hokim selektor yig‘ilishida viloyat hokimiga jami 249 nafar fermerning yeri qaytarib olingani haqida qaror tayyorlangani haqida hisobot bergan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Izboskanga qo‘shni Paxtaobod tumanida esa rejani bajarmagan 17 fermerning yeri olib qo‘yilgan.

"Kelsangiz gaplashamiz"

Izboskan tumani fermerlar uyushmasining raisi Akrom Burhonov fermerlarning yeri qaytarib olinayotgani sabablari haqidagi Ozodlik savoliga javob berishdan bosh tortdi va telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Izboskan tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdumalik Valiev esa 249 nafar fermerning yeri olib qo‘yilganini tasdiqladi, lekin u ham bu jarayon tafsilotlariga telefon orqali javob bermasligini aytdi:

"Keling shu yerga, gaplashamiz", degan hokim o‘rinbosari aloqani uzib qo‘ydi.

Ozodlikning hokim Akmaljon Jalolov bilan bog‘lanish urinishlari besamar bo‘ldi.

Avval viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Akmaljon Jalolov shu yilning may oyida Izboskan tumani hokimi etib tayinlangan edi.

XS
SM
MD
LG