Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:11

O‘rinbosar hokimning paypog‘ini sanitarkalarga yuvdirdi


Hamshira va sanitarkalarning o‘z vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilinishi O‘zbekistonda ko‘p uchraydi. Bu surat 2015 yilda Namanganda olingan.
Hamshira va sanitarkalarning o‘z vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilinishi O‘zbekistonda ko‘p uchraydi. Bu surat 2015 yilda Namanganda olingan.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasida ishlaydigan sanitarkalar, ish kunlari hokimlikka chaqirtirilib, hokimning xonasini va shaxsiy kiyimlarini yuvishga majburlanyapti. Bu haqda Ozodlikka arz qilgan sanitarkalarning aytishlaricha, ularga hatto hokimning poyafzallarini tozalab, kremlab qo‘yish ham buyurilgan. Hokimlikning ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, sanitarkalar har uch kunda hokimning xonasini tozalashga olib kelinayotganini tasdiqladi.

Ўринбосар ҳокимнинг пайпоғини санитаркаларга ювдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:02 0:00
Бевосита линк

"Xotin-qizlarimizni hokimlar zo‘ravonligidan kim himoya qiladi?"

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani markaziy kasalxonasining sanitarkalari ish paytida hokimning ish kabineti va shaxsiy buyumlarini yuvib tozalashga majburlanayotgani haqida Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan do‘stliklardan biri xabar berdi:

- Hokimning ish xonasini, yotoqxonasini, tualetini yuvib tozalashga tuman kasalxonasining sanitarkalari majburlanyapti. Menga ularning o‘zi aytib berdi. Sanitarkalar bu ishlarni qilishdan bosh tortganda, ularni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinyapti. Buni menga sanitarkalarning o‘zlari yig‘lab aytib berdi. Ularning gaplarini eshitib xafa bo‘lib ketdim. Xotin-qizlarimizni himoya qiladigan biror tashkilot bormi o‘zi, deydi sanitarkalar bilan suhbatlashgan odam.

"Hokimning tualetini ham bizga yuvdirdi!"

Ozodlik hokimlikda ishlashga majburlangan sanitarkalarni o‘zlari bilan ham gaplashdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan sanitarkalardan birining aytishicha, ularni bu ishga tuman kasalxonasi bosh hamshirasi yuborgan:

“Biz smenada edik. 24 soat smenada turamiz. Bosh hamshira kelib “hozir hokimiyatga borasizlar, o‘zlaring bilan latta olinglar”, deb buyruq berdi. Borsak Amriddin degan hokimning o‘rinbosari hokimning xonasiga kirgizdi. Qorovuliga aytgizib, xlor obkeltirdi. “Xonalarni xlorlab yuvasizlar”, dedi. Biz “perchatka olib kelmaganmiz, xlor qo‘lni yorib yuboradi”, desak ham hokimning ish xonasi va ichkaridagi yotoqxonasi, tualet va dushni majburlab perchatkasiz yuvdirdi”, deydi sanitarka.

"Hokimning paypog‘ini yuvadigan xotini yo‘qmi?"

Uning aytishicha, hokim o‘rinbosari hokimning shaxsiy buyumlarini ham yuvdirgan:

“Keyin kiyim iladiganni tagida hokimning ikki juft paypog‘i bor ekan, o‘shani ham yuvdirdi. Uch juft oyoq kiyimini tozalatib, krem surdirdi. Bizga rosa alam qildi, nima hokimning xotini yo‘qmi, qizlari yo‘qmi paypog‘ini yuvib beradigan yoki tuflisini artib qo‘yadigan. Sanitarka degani hokimning shaxsiy farroshi degani emasku, bizning ishimiz kasalxona tozaligini ta’minlashku ”, deydi sanitarka.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir sanitarka ham Ozodlik bilan suhbatda, hokimning shaxsiy buyumlarini yuvib tozalashga majburlanganini aytdi:

“Biz paypog‘ini yuvmaymiz desak ham qo‘ymadi, ishdan ketkazish bilan dag‘dag‘a qildi o‘sha Amriddin degani. “Sen sanitarkasan, bu seni vazifang deb o‘shqirdi. Hokimning sapojkasi, tuflisi va krossovkasi bor ekan. Krossovkani nam latta bilan artgizdirdi, sapojka bilan tuflini krem qildik. Ikkita paypog‘i bor ekan, bitta paxtali, bitta sintetika, yuvib yoyib keldik”, deydi sanitarka.

Uning aytishicha, bu ishlarning hammasi ularning smenada turgan vaqtida bajariladi:

“Hokimmi yoki uning o‘rinbosarimi bosh vrachimizga har uch kunda sanitarkalarni jo‘natasan deb buyruq bergan ekan. Shuning uchun har uch kunda har bo‘limdan bosh hamshira sanitarkalarni jo‘natadi”, dedi hokimning ish xonasi, tualeti va shaxsiy kiyimlarini yuvishga majburlangan sanitarka.

Hokimlik farroshlari ularni qanoatlantirmaydi

Do‘stlik tumani hokimining o‘rinbosari Amriddin Xolmatov Ozodlik bilan suhbatda sanitarkalarni hokimlikka ishlashga chaqirilganini inkor qildi:

- Men hech kimni chaqirtirib, ishlatganim yo‘q, bu tuhmat. Do‘stlik tumani necha yil botqoqqa botib ketdi. Endi yangi hokim kelib ishni boshlaganda, shunaqa gaplar chiqarish kerakmi. Kimdir tashkillashtirganda buni. Lekin sanitarkalar hokimlikka chaqirib ishlatilmagan, dedi Amriddin Xolmatov.

Ayni paytda hokimlik binosidan tashqarida bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlardan biri kasalxona hamshiralarining hokim xonasini va shaxsiy kiyimlarini yuvib tozalaganini tasdiqladi:

“Hokimlikda ikki farrosh ayol bor. Lekin ularning ishidan ko‘ngli to‘lmaydimi, Amriddin aka doim kasalxonadan sanitarkalarni chaqirib ishlatadi. Buni hokimlikda ishlaydigan hamma biladi”, dedi hokimlik mulozimi.

"Bularning kuchi faqat sanitarkalarga yetadi"

Kasalxona sanitarkalarining aksariyatini tibbiyot kollejini tugatgan hamshiralar tashkil etishini ulardan biri Ozodlikka aytdi:

“Qo‘limizda diplomimiz bor, lekin orqamizda odamimiz yo‘q. Ish tegib qolarmikin deb bir necha yildan buyon sanitarkalik qilib yuribmiz. Lekin hali ukol qilishni yaxshi bilmaydigan yangi hamshiralar ishga olinaveradiyu, bizlarga yo‘l yo‘q. Agar bir oyda beshta navbatchilik tegsa 350 ming so‘m maosh olamiz. Lekin kasalxonadan tashqaridagi barcha ishlarga sanitarkalar majburlanadi. Hozir ham yantoq chopishdan keldim”, deydi og‘ir xo‘rsinib sanitarkalardan biri.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTda qilgan chiqishida majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan edi.

XS
SM
MD
LG