Tojikiston Diniy ishlar qo‘mitasining qaroriga binoan, jamiyatning kam ta’minlangan oilalari a’zolariga hajga borish taqiqlandi. Tahlilchilar bu qarorni aholining haj qilish yo‘lidagi navbatidagi to‘siq sifatida baholamoqda. Oldin yoshi 40 ga etmagan shaxslar haj qilishi haqidan mahrum bo‘lgandi.
Din qo‘mitasidagi manbaning Ozodlik radiosiga aytishicha, Tojikistondagi barcha shahar va tumanlaridagi din qo‘mitasi bo‘limlari kam ta’minlangan shaxslarni haj marosimiga yo‘l qo‘ymaslik borasida ogohlantirilgan.
Ushbu manbaga ko‘ra, oldin vatandoshlar qarz olib yoki uy-joylarni sotib hajga borardilar. “Bunday holatlarni oldini olish maqsadida mahaliy hukumat mulozimlari hajga borish uchun ariza bergan shaxslarning ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini o‘rganib chiqib, keyin hajga borishga ijozat beradi”- deb aytdi mazkur manba.
Din qo‘mitasi mulozimlari mazkur chora haj marosimidagi navbatdagi cheklov ekanligini rad etib, bu tadbir faqat vatandoshlar turmush sharoitini yaxshilashga qaratilganini uqtirib o‘tdi.
Ikki yil oldin Tojikiston Din qӯmitasi yoshi 40 ga yetmagan shaxslarga haj marosimi ado etishni taqiqlagan edi. Shuningdek, hajdan kelgan hojilarga chorva so‘yish va odamlarni ziyofat qilish ham taqiqlangan.
Tahlilchi Faridun Hodizoda Din qӯmitasining mazkur qarorini haj marosimidagi navbatdagi cheklov deya baholadi.
“Vatandoshlarni turmush sharoitiga baho berish uchun mexanizm bormi? Mahaliy hukumat kam ta’minlangan tabaqani qanday aniqlaydi? Mazkur qaror korrupsiyaning yanada rivojlanishiga yo‘l ochadi. Odamlar katta pul berib turmush sharoiti borasidagi zaruriy hujjatni oladilar”- dedi Faridun Hodizoda.
Saudiya Arabiston Tojikistonga ajratadigan kvota asosida har yili bu mamlakatdan 6 ming 520 kishi hajga yo‘l oladi.
Joriy yilda hajga borish uchun har bir kishi 33 ming somoni yoki 3 ming 630 dollar sarflangandi. Kelgusi yilgi haj marosimi narxi hozircha e’lon qilinmagan.