Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:36

Andijonda 15 yashar qiz homilador bo‘ldi. Qizlarning bokiraligi tekshirilmoqda


Suratning Andijondagi voqeaga aloqasi yo‘q.
Suratning Andijondagi voqeaga aloqasi yo‘q.

Andijondagi 6-maktabda 9- sinf o‘quvchisining homilador bo‘lib qolishi ortidan shahar maktablarida qizlarning bokiraligini tekshirish kuchaydi. Bu haqda Ozodlikka shu maktab o‘qituvchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ma’lum qildi.​

O‘qituvchilar javobgar emas

6- maktab rahbarlaridan birining aytishicha, ayni maktabning 9-sinf o‘quvchisining (ism va familiyasi Ozodlikka ma’lum) homilador bo‘lib qolgani uning noyabr oyi oxirida maktabga bir necha kun davomida kelmagani sababini aniqlash davomida ma’lum bo‘lgan.

"U 25 noyabr kuni darsga kelmadi. Buvisiga telefon qildik. Buvisi insult bo‘lib qolgani va ayni vaqtda nabirasi unga kasalxonada qarayotganini aytdi. 27 noyabr kuni qizning uyiga tekshirgani bordik. Buvisi bu gal isitmasi chiqib yotganini aytdi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda o‘quvchining homilador ekani aniqlandi," dedi maktab o‘qituvchilaridan biri.

Yana bir o‘qituvchining aytishicha, tibbiy tekshiruvlar natijasida 15 yashar qizning 6 oylik homilasi borligi aniqlangan.

Maktab o‘qituvchilari qiz yoz faslida homilador bo‘lgani uchun ular mas’uliyatni o‘z zimmalariga olmasliklarini bildirdi.

"7 dekabrda uylariga borib, o‘quvchidan bildirishnoma oldik. Qizning aytishicha, bu holat u yozgi ta’tilga chiqqan paytda yuz bergan. Bosqichli imtihonlar paytida qizda hech qanday o‘zgarish yoki ruhiy tushkunlik holatlari aniqlanmagan. Bu holat maktabda yoki maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilmagan. O‘quvchining darsdan keyingi holatiga ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs javobgarligi hammaga ma’lum," - dedi o‘qituvchilardan biri.

Andijon shahar Ishchilar dahasi fuqarolar yig‘ini faollari qiz hozirda shifokorlar nazoratida ekanini bildirdi.

"O‘quvchi tug‘ruq kompleksida davolandi. Ikki kun oldin davolanib chiqdi. Maktabga borayotgani yo‘q," dedi Ishchilar dahasi faollaridan biri.

Yoppasiga tekshiruv

Mahalla faollaridan birining ma’lum qilishicha, maktab o‘quvchisining homiladorligi aniqlangach, shahar hokimligi qizlarning bokiraligini tekshirishni kuchaytirgan.

"Maktablarda qizlarni UZIdan o‘tkazayapmiz. Har bir maktab qizlarni tashkillashtirgan holda poliklinikalarga olib borib, qizligini tekshirayapti. Tekshiruvlar ancha oldin boshlangandi. Lekin 15 yashar qizning homilador bo‘lgani aniqlangach, tekshiruvlarni yanada kuchaytirdik," dedi mahalla faollaridan biri.

6-maktab rahbarlaridan birining ma’lum qilishicha, 15 yashar maktab o‘quvchisining homilador bo‘lgani shahar hokimligi, ta’lim boshqarmasi va fuqarolar yig‘ini faollarini "oyoqqa turg‘izgan".

"Hammani oyoqqa turg‘izdida shu voqea. Rosa ko‘p majlis qildik. Ota-onalarni chaqirtirdik. Mahalla komitetidan, poliklinikadan ginekolog vrachlarni chaqirtirib, majlislar o‘tkazdik. Qizning uyiga juda ko‘p, har kuni borib xabar olayapmiz. Mahalla komitetidagilar bilan hamkorlikda ishlayapmiz," dedi u.

Andijon shahar, Ishchilar dahasi faollaridan biriga ko‘ra, hozirda qizning kimdan homilador bo‘lgani aniqlashtirilmoqda.

"Dadasi vafot etgan. Onasi bor. Onasi Rossiyaga ishlagani ketgan. Buvisi, bir opasi va akasi bilan birga yashaydi. Oktyabr oyida ko‘zi xira ko‘rgan akasi onasining oldiga Rossiyaga davolangani ketgan," dedi u.

Ichki ishlar xodimining ta’kidlashicha, qizning turli ko‘rsatma berayotgani tekshiruv ishini murakkablashtirmoqda.

O‘tgan oy Ozodlik Samarqand viloyatidagi kollejlar va o‘rta maktablarning yuqori sinf o‘quvchi qizlari ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilayotgani haqida xabar qilgandi.

Qizlarning bokiraligini tekshirish tadbiri prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda o‘z joniga qasd qilgan ayollar soni oshgani yuzasidan bildirgan xavotiridan keyin kuchaygan edi.

XS
SM
MD
LG