O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 oktabr kuni Turkiyaga ikki kunlik rasmiy tashrifini boshladi. Bu O‘zbekiston davlat rahbarining so‘nggi 18 yilda Turkiyaga ilk safaridir. O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimovning vafoti ortidan Anqara va Toshkent o‘rtasida bordi-keldilarning jonlangani kuzatilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on taklifiga binoan 25 oktabr kuni rasmiy safar bilan Anqaraga keldi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, global hamda mintaqaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi, xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Sh.Mirziyoev boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahriga ham tashrif buyurishi kutilmoqda.
“Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan”, deyiladi prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarnomada.
Bu O‘zbekiston rahbarining so‘nggi qariyb 20 yil ichidagi Turkiyaga ilk rasmiy safaridir.
O‘zbekiston prezidenti ohirgi marta Turkiyaga 1999 yil boshida safar qilgan edi.
Turkiya 1991 yilda birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan esa-da to‘qsoninchi yillar o‘rtalarida ikki mamlakat orasidagi munosabatlar sovidi.
Muxolifat liderlari Muhammad Solih va Abdurahim Po‘latovlarning Turkiyadan boshpana topishi ortidan Islom Karimov Turkiyadan yuz o‘girishni boshladi.
Turkiyada tahsil olayotgan yuzlab o‘zbekistonlik talaba majburan vatanga qaytarildi.
2011-12 yillarda esa Turkiyaning O‘zbekistondagi shirkatlariga qarshi Toshkent keng ko‘lamli kampaniya boshladi.
Turkiyalik ellikdan ortiq tadbirkor hibsga olindi, turk shirkatlari yopildi.
Prezident Islom Karimovning 2016 yil sentabrdagi vafoti ortidan Anqara va Toshkent o‘rtasida bordi-keldilarning jonlangani kuzatilmoqda.