Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2025, Тошкент вақти: 07:35

Toshkent militsiyasi “viloyatlik shaxslarga o‘xshash” degan ta’rifi uchun uzr so‘ramadi


Izoh berilgan rasmiy e’lon matni aks etgan suratlar ishtimoiy tarmoqda keng ëyildi.
Izoh berilgan rasmiy e’lon matni aks etgan suratlar ishtimoiy tarmoqda keng ëyildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi qidiruvga berilgan shaxsning “viloyatlik shaxslarga o‘xshash” deb ta’riflangani yuzasidan rasmiy izoh e’lon qildi. Izoh berishga boshqarmani ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan norozilik majbur qildi. Biroq boshqarma rasmiy saytida e’lon qilingan e’londagi mahalliychilik ifodasi uchun, uni viloyatliklarni kamsitish deb qabul qilganlardan, uzr so‘ralmadi.

Facebookdagi to‘polon

25 avgust kuni Facebookdagi o‘zbekistonlik ayrim bloggerlar Toshkent shahar IIBB rasmiy saytida e’lon qilingan qidiruv haqidagi matnga jiddiy e’tiroz bildirishni boshlashdi.

Oq ko‘ylak¸ och rang shim kiyib¸ qo‘lida qora plastik paket ko‘tarib ketayotgan shaxs surati yoniga:

Diqqat qidiruv! Yoshi 35-40 larda¸ bo‘yi 170-175 sm bo‘lgan¸ sochlari qora¸ siyrak¸ old taraf sochi to‘kilgan¸ o‘rta gavdali¸ kiyinishidan viloyatlik shaxslarga o‘xshash¸ o‘zbek va rus tillarida yaxshi so‘zlasha oladi”, degan orientirovka – aniqlashtiruvchi ta’rif berilgan.

O‘zbekistonliklarni toshkentlik va viloyatlikka ajratuvchi mahalliychilik ustiga qurilgan bunday ta’rifga e’tiroz bildirganlardan biri:

Nima viloyatliklar belidan pastini o‘t-xashak bilan o‘rab yuradimi? "Kiyinishidan viloyatlik shaxslarga o‘xshaydi" emish! E’lon berayotganda bundoq orqa-oldingizga qarab qo‘ying, janoblar!»¸ deb yozsa¸ boshqasi:

«viloyatdan kelganlar kommunal qiyinchilikdan beli bukilgani bilan ajrab tursa kerak»¸ deb istehzo qildi.

Bu e’tirozlar paydo bo‘lganidan bir necha soat o‘tib-o‘tmay¸ Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy saytida quyidagi bildirish paydo bo‘ldi:

Toshkent ShIIBB rasmiy saytida chiqqan bu xabar turli internet saytlar tomonidan, havola berib tarqatildi va gumondorlardan biriga ta’rif berishda «viloyatlik shaxslarga o‘xshash» atamasi odamlar orasida e’tiroz keltirib chiqargani ma’lum bo‘ldi.

Shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan yurtimiz fuqarolari bunday atama bilan toifalanmaydi, bunday holat xabarni tayyorlagan xodimning e’tiborsizligi tufayligina kelib chiqqan. Buni hech qanday g‘araz maqsad emas, shunchaki tushunmovchilik sifatida qabul qilinishini so‘rar edik.

Xodimga nisbatan tushuntirish ishlari olib borildi va kelgusida bunday xatoga yo‘l qo‘yilmasligini bildirib o‘tamiz”.

Poytaxt militsiyasi qidiruvga berilgan rasmiy ta’rifnomada “viloyatlik shaxslarga o‘xshash” tavsifi qo‘llanilgani uchun jamoatchilikdan kechirim so‘ramagan bo‘lsa-da¸ bu tushuntirish IVV tizimining ijtimoiy fikr bilan hisoblasha boshlaganining ilk belgilaridan bo‘ldi.

Boshqarmada janjal

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ “viloyatlik shaxslarga o‘xshash” degan atamaning rasmiy saytda chop etilgani nafaqat boshqarma¸ balki butun vazirlikda “to‘polon”ga sabab bo‘lganini bildirdi.

Oproverjenie berildi¸ ko‘rdingiz. Xodimlardan biri yaxshi qaramagan¸ nazoratsizlik bo‘lgan. Hammamiz o‘qidik¸ portalgacha yozishibdi darrov. Bu voqea bo‘yicha xizmat tekshiruv tayinlandi¸ nazoratga olingan¸ bu bola oladiganini oladi endi. Ertalabdan janjal bo‘lib turibdi¸ yaxshigina janjal bo‘ldi. O‘zining tilidan yozib yuborgan¸ xizmat tekshiruvi boshlandi¸ vazirning shaxsan xabari bor – bir kun muddat berildi¸ maxsus xizmatimiz bor¸ o‘shalar chaqirib¸ shug‘ullanib yotibdi. Hamma rahbarlar bildi. Vazirlik portaliga ham rosa e’tiroz yozishayapti¸ “nimaga bunaqa yozasanlar”¸ deb. Eng qizig‘i¸ bu e’lonni yozganning o‘zi ham viloyatdan”¸ dedi kunning ikkinchi yarmida Ozodlik muxbiri gaplashgan Toshkent ShIIBB rasmiysi.

Bu suhbatdosh¸ poytaxt militsiyasi rahbar-xodimlari orasida¸ hatto norasmiy ish tilida ham jinoyatda gumonlanaëtgan shaxsga “toshkentlikka o‘xshagan”¸ “viloyatlikka o‘xshagan”¸ degan ta’rif-tasniflar qo‘llanishini inkor etishga urindi.

“Oblastnoy¸ xarip” – mentlar tilidagi odatiy ta’rif”

Ayni paytda¸ Toshkent shahar militsiyasining sobiq xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ShIIBB rasmiy saytida chop etilgan qidiruv haqidagi matnni yozgan shaxs¸ bunday ta’rifni o‘zi o‘ylab chiqarmaganinini¸ g‘o‘rlik qilib¸ bilmasdan¸ norasmiy ish tilini rasmiy matnga ko‘chirib¸ “qovun tushirib qo‘ygani”ni aytadi.

Men u yerda ishlagan paytimda¸ u yoki bu shaxsga ta’rif berishda eng ko‘p qo‘llaniladigan so‘zlar “oblastnoy”¸ “”xarip” edi. Qizig‘i¸ o‘zi viloyatdan kelganlar ham bu so‘zlarni bemalol ishlatishardi. Shuning uchun buni “bilmasdan yozib qo‘yipti”¸ “e’tibor bermapti”¸ degan gaplarga ishonmayman. Tekstni yozgan¸ uni internetga qo‘yganlar bu so‘zlar boshqarma xodimlari orasida kundalik muomalada ko‘p ishlatilganidan¸ uni norma deb o‘ylab¸ “oblastnoy”ni “viloyatdan kelganlar” deb tarjima qilgan¸ xolos. Bunaqa ajratmachilik bor narsa¸ boshliqlar buni¸ tabiiyki¸ tan olgisi kelmayapti”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Toshkent militsiyasining sobiq zobiti.

XS
SM
MD
LG