Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2025, Тошкент вақти: 12:03

AQSh maxsus elchisi Minskda Rossiya rasmiysi bilan uchrashadi


Kurt Volker Avdeevkada
Kurt Volker Avdeevkada

Sharqiy Ukrainadagi qurolli mojaroga chek qo‘yish urinishlari bo‘yicha AQShning yangi maxsus elchisi etib tayinlangan Kurt Volker 21 avgust kuni Minsk shahrida Ukraina-Rossiya aloqalarini muhokama qilish uchun Rossiya hukumati vakili bilan uchrashadi.

8 avgust kuni AQSh Davlat departamenti Volker Rossiya vakili bilan "Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi aloqalarni" muhokama qilishini bildirgan edi.

Hozircha Rossiya vakili ismi oshkor qilingani yo‘q.

Oy boshida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson unga Volker "yaqin kelajakda" Rossiyaning Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Vladislav Surkov bilan uchrashishini aytganini bildirgan edi.

Volkerning Minskdagi uchrashuvi Ukraina sharqida hukumat kuchlari va Rossiya dastaklayotgan ayirmachilar o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha uch kunlik muzokaralarning boshlanishi bo‘ladi.

Ukraina sharqidagi mojaro oqibatida 2014 yilning aprel oyidan beri 10 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi.

23 avgust kuni Volker Kievga borib, AQSh mudofaa vaziri Jim Mettis bilan birga "Ukraina suverenitetini hamda hududiy birligini tiklashga qaratilgan diplomatik muzokaralarning navbatdagi qadamlarini muhokama qilish uchun" Ukraina hukumatining yuqori lavozimli rasmiylari bilan uchrashadi.

2014 yilning fevralida Rossiya bilan yaqindan aloqa qilish tarafdori bo‘lgan prezident Viktor Yakukovich "Yevromaydon" nomini olgan namoyishlar ortidan hukumatdan ag‘darilgan, buning ortidan Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib, sharqiy va janubiy Ukrainada ayirmachilarni dastaklay boshlagan edi.

Rossiya qo‘llovi bilan ayirmachilar Ukrainaning Rossiya bilan chegaradosh Donetsk hamda Lugansk viloyatlarining ayrim hududlarini egallab oldi.

2015 yilning fevralida Minskda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilgan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar to‘xtagani yo‘q.

AQSh hamda Yevropa ittiqofi joriy qilgan sanksiyalar Rossiyani ayirmachilarni qo‘llashni bas qilishga yoki Minsk kelishuvi bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishga unday olgani yo‘q.

Tillerson AQShning NATOdagi sobiq elchisi Volkerni Ukraina bo‘yicha maxsus elchi etib joriy yilning iyul oyida tayinlagan.

Volker iyul oyida Current Time TV telekaniliga bergan intervyusida "mojaroni tugatish uchun barcha taraflar ikki asosiy prinsip – Ukrainaning hududiy birligi, barchaning xavfsizligi" bo‘yicha kelishuvga erishishi kerakligini hamda Rossiya o‘z munosabatini o‘zgartirishi zarurligini ta’kidlagan edi.

Suhbat davomida Volker: "Tramp ma’muriyati – yangi ma’muriyat hozirda Obama ma’muriyati bu ishni qaerda qoldirganini ko‘rib chiqmoqda, Ukrainaga mudofaa uchun qurol-aslaha berish-bermaslik haqida o‘ylamoqda", degan edi.

Hozirgacha AQSh Ukrainaga faqat letal bo‘lmagan yordam ko‘rsatib keladi.

Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi, Suriyadagi urush hamda Moskvaning AQSh prezidentlik sayloviga aralashuvi ortidan Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalar Sovuq urush yillaridagidek sovub ketgan.

XS
SM
MD
LG