Линклар

Шошилинч хабар
25 август 2025, Тошкент вақти: 03:48

Namangan shahar hokimligi mulozimi qabristonlarga oid o‘z sayti xabarini ham inkor etdi


Shaharning G‘uncha dahasidagi qabristonni obodonlashtirish ishlariga “maktab, bog‘cha xodimlari va mediklar” jalb etilgani, ular “har kuni ertalab soat 6 dan 10 gacha ishlatilayotgani” to‘g‘risida Ozodlikning mobil muxbiri xabar qildi.

Vaziyat yuzasidan savolga Namangan shahar hokimligi mulozimi qabristondagi ishlarga "shahar obodonlashtirish korxonasigina" jalb etilganini aytdi.

Ayni paytda hokimlik rasmiy saytida qabristonni obodonlashtirish hashar yo‘li bilan amalga oshirilayotgani to‘g‘risida xabar berilgan.

“Yangi shahar xokimimiz savob ishni qabristonni tozalashdan boshladilar. Namangan shahridagi barcha byudjet tashkilotlar har shanba, yakshanba kunlari qabriston tozalashga chiqmokdalar.

G‘uncha dahasidagi qabriston xududi 103 gektar ekan, ishlayotganlar -maktab, bog‘cha va mediklar. To‘g‘ri, savobu, ammo hech kim xohlab bormayapti. Kim ertalab soat 6 dan 10 gacha 40 gradus issiqda qabristonni 4 soat tozalashni orzu kiladi?!

Yana birma-bir tashkilotlardan borgan xasharchilarni sanab, o‘zlari oppoq ko‘ylaklarda turvolib, registratsiya kilishyapti, punktualno soat 10-00 gacha chiqarishmayapti”, deb yozdi Ozodlikning mobil muxbiri.

Bu xat ortidan Ozodlik bog‘langan Namangandagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchining, obodonlashtirish ishlari nafaqat G‘unchadagi qabristonda, balki “Promzonadagi Mangulik qabristonida” ham olib borilmoqda va bu ishlarga o‘qituvchilar jalb etilgan. Ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan o‘qituvchi obodonlashtirishga qancha o‘qituvchi jalb etilganini, aniq ma’lumoti yo‘qligini ro‘kach qilib, aytmadi.

"Yuqumli kasalliklar shifoxonasi jalb etilmadi"

Qabriston tozalashga tibbiyot xodimlari jalb etilganiga oid ma’lumot, hozircha tasdiqlanmadi. Har holda, shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi telefonini ko‘targan vrach oshqozon-ichak kasalliklari avj olgani bois, kasalxonaning o‘zida odam yetishmayotgani, qabristonga hech kim jalb etilmaganini qat’iy aytdi.

Hokimlik mulozimi nima dedi?

Namangan shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qabristonlarni obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini tasdiqladi. Bu ishga byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilganiga oid savolni eshitgach, mulozim biroz tin oldi va shundan so‘ng, “bu ishlarga shaharni obodonlashtirish korxonasi jalb etilgan, qo‘shimcha ma’lumotni matbuot xizmatidan olishingiz mumkin”, deb gapni qisqa qildi.

Matbuot xizmati telefonini kun davomida birov ko‘tarmadi.

Hokimlik sayti qabristonni hasharchilar tozalayotganini yozdi

Biroq shahar hokimligi rasmiy saytida e’lon qilingan fotoreportaj “Uyushqoqlik, pokizalik va mehr-oqibat ramzi bo‘lgan hashar xalqimizning ming yillar osha qadrlanib kelinayotgan azaliy udumlaridan sanaladi”, deb boshlanadi.

“Hokimimiz chaqirig‘iga biz labbay deb javob beramiz, mana bugun xattoki yuk mashinalarining xaydovchilari ham o‘z tashabbusi bilan mashinalarida chiqindilarni olib ketishga xissa qo‘shmoqdalar”,- degan shahardagi “Mavlono” qabristonida o‘tkazilgan hasharda qatnashgan 64 yashar Yusufjon G‘aniev.

Hokimlik lavozimidagi faoliyatini qabristonlarni obodonlashtirish bilan boshlagan 41 yashar Shavkat Abdurazzoqov Namangan shahar hokimi lavozimiga joriy oyda tayinlangan edi.

Hatto mahalliy jurnalistlar yoza boshlagan gap

Ozodlik yillardan buyon ko‘tarib kelayotgan mavzu – byudjet tashkilotlari xodimlarini, shu jumladan o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish mavzuiga keyingi paytlarda mahalliy jurnalistlar ham e’tibor qarata boshladi.

Xususan, kun.uz sayti kuni kecha “O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi fakt. Barcha sukut saqlamoqda”, degan sarlavha ostida katta maqola e’lon qildi. Maqolasini Farg‘ona viloyatidagi o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilayotganini isbotlovchi audioyozuv mazmuni bilan tanishtirishdan boshlagan sayt o‘z o‘quvchilarini mehnatga majburlash - jinoyat ekanidan ogohlantiradi:

“Eslatma: O‘zbekiston Republikasida majburiy mehnat O‘zbekiston Republikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi, «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasi, Mehnat kodeksining 7-moddasi, shuningdek, «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi Konvensiya (1930 yil 28 iyunda qabul qilingan, 1997 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan) hamda «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi Konvensiyaga (1957 yil 25 iyunda qabul qilingan, 1997 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan) ko‘ra taqiqlanadi”, deb yozdi kun.uz sayti.

Qonunlar o‘z yo‘liga...

Mahalliy jurnalistlar fikricha, muammoning o‘zagi majburiy mehnat masalasiga qonun chiqaruvchilarning o‘zlari loqaydlik bilan qarayotganidadir.

Toshkentdagi Xalqaro press klubda 7 iyul kuni O‘zbekiston Oliy majlis Senat a’zolarining yarim yillik faoliyatiga bag‘ishlangan jonli muloqotda gapirgan senator Bahodir Tojiev maktablarda o‘qituvchilar obodonchilik va dala ishlariga majburiy jalb etilishini inkor qilgandi.

"Respublikamizning turli hududlarida, viloyatlar bo‘ylab deputatlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning hali birortasida o‘qituvchi bugun biz ko‘cha tozalayapmiz degan shikoyat bilan chiqqani yo‘q. Ular biz bilan uchrashuvlarda majburiy mehnat haqida og‘iz ochayotgani yo‘q va bunday holat kuzatilmagan", - deb aytgandi Bahodir Tojiev.

Ayni masalaga Senat raisining o‘rinbosari Svetalana Ortiqova ham o‘z munosabatini bildirgan edi.

"Masalaning boshqa tomoni ham bor. Siz bilan biz yashaydigan erning yuzini siz bilan biz tozalamasak, tashqaridan kelgan odam tozalab beradimi? Toshkentda chiqindi tashiydigan maxsus avtomobillar to‘lib ketib, chiqindilarni tashishga ulgura olmayapti.Tozalash ishlarini ham kimdir qilishi kerak-ku", - deb aytgandi Svetlana Ortiqova.

XS
SM
MD
LG