Gulnora Karimova manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Gregor Manja Shveysariya Bosh prokuraturasidan Karimova ishini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘radi. Advokatga ko‘ra, Gulnoraning qaysi qamoqxonaga o‘tkazilgani noma’lumligi bois u bilan uchrashish imkonsiz qolmoqda.
Shveysariya sudi tarafidan Gulnora Karimova manfaatlarini himoya qilishga tayinlangan advokat Gregor Manja (Grégoire Mangeat) RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida, Karimovaning qamoqqa olinganidan xabar topgani, biroq uning qaerda ekanligi noma’lum qolayotgani haqida gapirgan.
Shu bois advokat Manja Shveysariya Bosh prokuraturasidan Gulnora Karimova bilan bog‘liq ishni vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragan:
"O‘z mijozim bilan aloqaga chiqish imkoni yo‘qligi bois adolatli sudlov talabi darajasida uni himoya qilish imkoniyatidan mahrumman. Shu bois Shveysariya Bosh prokuraturasiga ish jarayonini to‘xtatib turish haqidagi yangi talabnoma jo‘natdim", deydi shveysariyalik advokat.
Manjaning agentlikka aytishicha, u o‘z mijozi Gulnora Karimova qamoqqa olinganidan xabar topgan, biroq ayni paytda uning qaysi qamoqxonada ekanligidan bexabar:
"Hozirgi paytda biz uning qaerdaligini bilolmayapmiz. Uning qaerga o‘tkazilgani noma’lum. Shu sabab men joriy oyda rejalangan (O‘zbekistonga) safarimni bekor qilishga majbur bo‘ldim", deydi advokat Manja.
Advokat Gulnora Karimovaning sog‘ligi yomonlashgani haqida xabar topganini aytib, bundan xavotir bildiradi.
Manjaning aytishicha, keyingi bir necha oy davomida hatto Gulnoraning bolalari ham onasi haqida biror ma’lumot ololmayapti.
Bosh prokuratura: Gulnora qamoqda
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida 28 iyul kuni e’lon qilgan “G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar”da marhum prezident to‘ng‘ichi Jinoyat kodeksidagi eng og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgani bois ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani ta’kidlangan.
Biroq rasmiy xabarda Gulnoraning ayni paytda qaysi qamoqxonada ekaniga oid tafsilotlar ochiqlanmagan.
Biroq Bosh prokuratura xabarida, Gulnora Karimovaning ikki yil avval sudlanib, unga 5 yillik jazo tayinlangani ta’kidlangan.
"Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan”¸ deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Gulnora Karimovaning shu paytgacha, uy qamog‘ida ekani aytilgan va ikki haftacha avval ayrim saytlar uning qamoqxonaga o‘tkazilgani haqida yozgan edi.
Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning 2001-2013 yillarda sodir etgan og‘ir iqtisodiy jinoyatlari yuzasidan yakunlangan va hamon davom etayotgan jinoiy ishlarga oid ayrim tafsilotlarni bergan.
Xabarda aytilishicha¸ Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik)¸ 167-moddasi ( O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)¸ 179-moddasi ( Soxta tadbirkorlik)¸ 184-moddasi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)¸ 227-moddasi ( Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish ) va boshqalar bilan ayblov e’lon qilingan.
Rasmiy xabarda aytilishicha¸ davom etayotgan jinoiy ishlarda marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi 168 (Firibgarlik), 178 (Chet el valyutasini yashirish)¸ 182 (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish), 189 (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)¸ 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-modda bo‘yicha (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da ayblanmoqda.
Rasmiy xabardan o‘zbek so‘midan tortib¸ qator xorij valyutalarida keltirilgan o‘g‘irlik¸ talon-tarojning jami miqdorini aniqlash¸ Gulnora Karimovadan O‘zbekiston va o‘zbekistonliklarga etgan jami zarar hajmini aniq raqamlarga aylantirish qiyinligi ko‘riladi.
Dastlabki xomcho‘tdan¸ Karimova tomonidan o‘g‘irlangani isbotlangan va gumonlanayotgan mablag‘ning bir necha milliard dollarga teng ekani ko‘riladi.
Olib borilayotgan tergov harakatlari davomida bu ayblar o‘z tasdig‘ini topsa¸ Karimova avvalgi sud tomonidan belgilangan 5 yillik ozodlikdan mahrum etilish jazosi ustiga uzoq yillarga qamalishi mumkin.
Ayni paytda Gulnora Karimovaga ochilgan jinoiy ishlar bo‘yicha Bosh prokuratura bayonotidan maqsad¸ Ozodlik suhbatlashgan mustaqil jurnalist va tahlilchilarga ko‘ra¸ “Gugusha” o‘g‘irlab¸ xorij banklariga berkitgan milliardlab dollar mablag‘ va ko‘chmas mulkni O‘zbekiston hukumati ixtiyoriga berilishiga erishishdir.