Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 01:08

Sodiq Safoev: O‘zbekistonda jurnalistika sifatini yangi darajaga ko‘tarish kerak


Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev O‘zbekistonda jurnalistika sifatini yangi darajaga ko‘tarish, kerak degan fikrda. Bu haqda Safoev 21 dekabr kuni press-klub shaklida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytgan. O‘zbekistonda jurnalistika shu kun talabiga javob bermayotganini anjumanda ishtirok etgan xalqaro tashkilot vakillari ham, jurnalistlarning o‘zlari ham e’tirof etganlar.

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat ham ishtirok etgan mazkur uchrashuvda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan 2017 yilda davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhokama qilingani aytilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida Sodiq Safoev O‘zbekistonda jurnalistlarning voqea-hodisalarni yoritish bo‘yicha ishini yaxshilash zarurligini urg‘ulagan.

“Menimcha, bu borada yana ko‘p ish qilinishi – treninglar o‘tkazilishi va jurnalistlar malakasi oshirilishi kerak. Nazarimda, ularga zamonaviylik yetishmayotgandek, biz jurnalistlar yondoshuvida siyqasi chiqqan qoliplar, klishelarni ko‘p kuzatayapmiz. Ba’zan maqolalar o‘qiysan, lavhalar tomosha qilasan, lekin ular odamning yuragiga etib bormaydi. Bu tanqid emas, kelajak uchun taklifdir. Siz jurnalistikamizni yangi sifat darajasiga ko‘tarishingiz mumkin edi”, dedi Safoev uchrashuvga yig‘ilgan o‘zbek jurnalistlariga yuzlanarkan.

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat ham jurnalistlar ish sifatining yaxshilanishi jamiyat taraqqiyoti uchun o‘ta muhimligiga e’tibor qaratdi.

“Biz hayotimizning turli sohalaridagi vaziyatlarni tanqidiy tahlil qiladigan hamda jurnalistik surishtiruvlarni o‘tkazadigan ommaviy axborot vositalariga, jurnalistlarga muhtojmiz. Bu xalq uchun ham, davlat uchun ham muhim”, deya iqtibos keltiradi Pikkat xonim so‘zlaridan Gazeta.uz nashri.

O‘zbekistondagi jurnalistika ahvoli talab darajasida emasligini ommaviy axborot vositalari vakillarining o‘zlari ham e’tirof etganlar. Xususan, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov o‘z hamkasblarini o‘z ishiga avvalgidek yondashishdan voz kechishga chaqirgan.

- Ommaviy axborot vositalari butunlay boshqacha bo‘ladi, biz O‘zbekistonda so‘z erkinligini yangi darajaga ko‘tarishni maqsad qilganmiz. Gazeta va televideniening an’anaviy shakllaridan voz kechish kerak — ular eskirdi. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, bizning jamiyat axborotlashgan. Faqatgina an’anaviy OAV davlat va xalq o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi haqida gapirish — noto‘g‘ri. Biz xalqaro standartlarga javob beradigan va eng muhimi — xalqimiz qabul qiladigan yangicha media formatlarni qidirish haqida o‘ylashimiz lozim. O‘zbekistonda aholining 60 foizi — yoshlar, ular uchun internet va ijtimoiy tarmoqlar an’anaviy OAV hisoblanadi, - degan Firdavs Abduxoliqov.

O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari xalqaro standartlar asosida ishlamasligi haqidagi tanqidlarni yaqin-yaqingacha o‘zbek rasmiylari ham, mahalliy jurnalistlar ham rad qilib kelardilar. Vaholanki, Freedom House va Chegara bilmas muxbirlar kabi xalqaro tashkilotlar o‘z hisobotlarida ko‘p yillardan beri O‘zbekistonni matbuot erkinligi eng ko‘p bo‘g‘ilgan mamlakatlar qatorida sanab keladi.

Freedom House tashkilotining shu aprel oyida yoyinlangan hisobotida O‘zbekiston yana so‘z erkinligi eng bo‘g‘ilgan 10 mamlakat sirasiga kiritilgan va jahondagi 199 davlat va hudud orasida 197-o‘ringa qo‘yilgan. Hisobotdan kelib chiqilsa, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonda faqat Shimoliy Koreya va Turkmanistondagidangina yaxshiroqdir.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining shu yilgi “Jahon matbuot erkinligi indeksi”da esa O‘zbekiston 180 davlat ichida 166-o‘rinni egallagan. Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining bu hisobotiga ilova qilingan xaritada O‘zbekiston qora rangda, matbuot ahvoli o‘ta abgor bo‘lgan 20 davlat qatorida ko‘rsatilgan.

O‘sha paytda Ozodlik bilan suhbatlashgan Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi rahbari Yohan Bihr O‘zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat o‘ta tashvishli bo‘lib qolayotganini urg‘ularkan, “Hukumat Internetni nazorat etishni yanada takomillashgan usullarini qo‘llamoqda, kamida 10 jurnalist qamoqda qolayapti”, degan edi.

O‘zbekiston qamog‘idagi qolayotgan jurnalistlarni ozod qilish ishida olg‘a siljish amaldagi prezident Shavkat Mirziyoev davrida ham hali kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan hafta Ozodlik 17 yildan buyon qamoqda qolayotgan jurnalist, 62 yoshli siyosiy mahkum Muhammad Bekjon jazo izolyatoriga tashlangani va uning muddati yana uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar qilgandi.

XS
SM
MD
LG